MAHALLA MASLAHATCHISI QANDAY BO‘LISHI KERAK?
Diniy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mahalla maslahatchisi bo‘lib ishlash nafaqat dunyoviy, balki diniy ilmdan ham xabardor bo‘lishni talab qiladi. Chunki, ish jarayonida diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiyaga oid fuqarolar takliflarini o‘rganishi va hayotga tadbiq etishi kerak. Maslahatchi o‘zini tutishi, kiyinishi odobi, muomalasi bilan mahalladagi qiz-juvonlar, kelinu qaynonalarga o‘rnak bo‘la olishi lozim. Shundagina uning so‘zi o‘tkir, ta’sirli, faoliyati esa samarali bo‘ladi.
– Ko‘pincha oilaviy nizolarni hal etishda qatnashaman. Bilamanki, ba’zi yosh kelinlarimiz nihoyatda besabr va erkatoy. Qaynonaning yaxshi gap bilan o‘rgatayotgan yo‘l-yo‘riqlarini ham noto‘g‘ri tushunib janjal chiqarishadi, hayotga yengil qarashadi. Mahalla faollari bilan birga ularning ota -onalari bilan gaplashaman. Ularga qiz bola uydan uchirma bo‘layotganda bor erkaliklarini uyda qoldirishlarini qizlarining ongiga singdirish kerakligini tushuntiraman. Bu esa ko‘p oilalarning hech bir sababsiz, arzimagan muammolarni deb ajralib ketishlarining oldini olishda qo‘l kelmoqda, – deydi “Eng namunaviy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘olibasi navoiylik Xolida Ergasheva.
Mahalla maslahatchiligiga saylanayotgan shaxs avvalambor, muomala madaniyatiga ega bo‘lishi kerak. Ayrim hollarda rais va maslahatchilarning qo‘pol muomalasiga duch kelgan fuqaroning “Muomalani bilmaydigan odamni ham mahallaga rahbar qilib qo‘yishadimi?” mazmunidagi noroziliklarini eshitib qolamiz. Maslahatchi hududda yashayotgan har bir fuqaroning diliga yo‘l topa olishi, tarbiyasi og‘ir o‘smirlar, nosog‘lom diniy g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan oilalar, jazo muddatini o‘tab qaytgan shaxslar bilan alohida ishlashi, ularning hayotda o‘z o‘rnini topib ketishlariga qo‘lidan kelganicha yordamlashishi darkor.
– Maslahatchi deganda ko‘z oldimizga muloyim, shirinso‘z, barchaga birdek yaxshi muomala qiladigan ayol keladi. Bu shunchaki gap emas. Diniy-ma’rifat, ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi ma’naviy, axloqiy barkamol, jamoat ishlarida faol qatnashib kelgan shaxs bo‘lsa, bu fazilatlari uning maslahatchi bo‘lib ishlashida qo‘l keladi. Chunki, “Fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi faoliyati to‘g‘risida”gi namunaviy nizomning 2.1.10 -bandida ta’kidlanishicha maslahatchi “Mahalla xotin-qizlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, kiyinish madaniyatini yuksaltirish borasida aniq tadbirlarni ishlab chiqishi, amalga oshirishi” kerakligi belgilab qo‘yilgan. To‘g‘ri, u yaxshi tarbiya ko‘rgan, madaniyatli, tashkilotchi bo‘lishi mumkin. Biroq, uning ko‘rinishi maslahatchi degan nomga mos kelmaydi. Ushbu lavozim egasi notiq bo‘lsin, u gapirayotgan har bir gap, u qilayotgan har bir ish fuqarolarni to‘g‘ri yo‘lga boshlasin, ularning ko‘nglidan joy olsin – deydi Xolida Ergasheva.
Maslahatchining nafaqat o‘zi balki oilasi ham barchaga o‘rnak bo‘lsa yanada yaxshi. Uning uyida har kuni janjal bo‘lib tursa yoki kelinlari bilan chiqisha olmay turib, qaynona-kelinlarni murosaga chaqirsa faoliyati samarasiz bo‘ladi.
Maslahatchidan nafaqat namunali xulq-atvorga, balki huquqiy va tibbiy jihatdan ham bilimga ega bo‘lish talab qilinadi.
Saida Ibodinova,
Jurnalist