Sangzor sohilida maroqli hordiq

Ayni damda bolajonlarimiz yoz faslini o‘zgacha zavq va unutilmas taassurotlarga boy tarzda o‘tkazishmoqda. Buni so‘lim va bahavo go‘shalarda, sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olayotgan yosh o‘g‘il-qizlarning nigohlaridan ham ko‘rish mumkin.

Joriy yilda Jizzax viloyatida o‘quvchilarning yozgi ta’tilini namunali tashkil etish borasidagi ishlar rejaga muvofiq olib borilmoqda. Ayni paytda viloyatda bir nechta sog‘lomlashtirish va kunduzgi oromgohlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

– Ushbu mavsumda bolalarning maroqli dam olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Isomiddin Umarov. – Jizzax viloyati bo‘yicha bu yil shahar tashqarisidagi 14 ta statsionar oromgohda 4 ming 300 nafar, 60 ta kunduzgi oromgohda 5 ming 225 nafar bolani sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan.

G‘allaorol tumanidagi Qashqabuloq qishlog‘ida joylashgan “Kamolot” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida ham dam oluvchilarning har bir kuni sermazmun o‘tmoqda. Dam olish maskanida hordiq chiqarayotgan 200 nafardan ortiq bolajonlarning sho‘x-shodon kulgilari bir dam ham tinmaydi.

Birinchi toifali pedagog Shavkat Tojiboyev rahbarligidagi ushbu oromgoh Sangzor daryosi sohilida joylashgan bo‘lib, bu yerdagi so‘lim manzaralar, anvoyi gullar taratayotgan yoqimli ifor, anhorda oqayotgan zilol suv barchaning diliga orom va halovat bag‘ishlaydi. Qalin dov-daraxt, archazorlar bilan burkangan ushbu dam olish maskaniga tangadek ham quyosh nuri tushmaydi.

Oromgohda “Lochin”, “Parvoz” va “Kamalak” guruhlarining devoriy gazetalari, bolajonlarning rang-barang bo‘yoqlarda chizgan suratlari, mohir qo‘llar ijodi – o‘yinchoqlar va nafis naqshlarni ko‘rib, beixtiyor hayratlanasiz. Ko‘chma kutubxona ham dam oluvchilar ixtiyorida.

Bir-biridan quvnoq bolalarning zavqli onlarini kuzatar ekanmiz, ularning chehralaridagi mamnuniyatni ko‘rib, ko‘nglimiz yorishdi.

– Bu oromgohga birinchi bor kelishim. O‘tgan yili ushbu maskanda dam olib ketgan dugonalarimdan taassurotlarini eshitib, menda ham bu yerga kelish niyati tug‘ildi. Hozirda mazza qilib dam olayapmiz, – deydi Nigora Ahmedova.

Oromgohda Noila Jalolova rahbarligida tashkillashtirilayotgan turli tadbirlar hamda tanlovlar bolajonlarga manzur bo‘layotir. G‘oliblar ma’muriyat tomonidan sovg‘alar, faxriy yorliqlar bilan taqdirlanishmoqda.

Shuningdek, dam oluvchilar Sangzor daryosiga tutash joydagi qadimiy g‘orni tomosha qilib, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilmoqda. Bu esa bolajonlarni yurtimiz tabiatiga bo‘lgan mehrini oshirish barobarida milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga o‘rgatadi.

Yana o‘qing:  Davlat bojini to‘lash qanday tartibda amalga oshiriladi?

Abdulla SAIDOV,

Jizzax viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: