Borliqda bor turfa sinoat
Tabiat yashashimizni ta’minlovchi, qalbimizni go‘zallikka oshno etguvchi borliqdir. Biz har soniyada uning-la tirikmiz. Lekin shu bilan birga, atrofimizni o‘rab turgan olam haqida hali ko‘p ma’lumotlarga ega emasmiz. Quyida esa sizni ekoolamga oid qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishtiramiz.
- Bilasizmi, har kuni yer ustida bir trillion tonna suv bug‘lanadi. Agar quruqlikdagi barcha suv jahon okeaniga quyilsa, uning satxi 3 santimetrga ko‘tarilar ekan.
Olimlarning ta’kidlashicha, yer yuzidagi okeanlar tubida hali odamzot bilmagan 80 foiz tirik mavjudotlar mavjud ekan. Bugungi kunda ularning 10 foizigina o‘rganib chiqilgan, xolos.
- 1, 2, 3, 4, 5… Bu besh soniya ichida chapak chalishga ulguramiz xolos, shundaymi? Ammo mana shu qisqa soniyalarda olamda ancha-muncha voqealar sodir bo‘ladi. Har besh soniyada: yerga chaqmoq uriladi; koinot 75 kilometrga kengayadi; 5 million moddani quyosh koinotga sochadi; organizmimizning har bir katagida 500 ming kimyoviy reaksiyalar yuzaga keladi.
- Xitoydagi Xuanxe daryosida 20 metr balandlikdagi Xukou sharsharasi joylashgan. U Chin o‘lkasidagi ikkinchi baland sharshara sanaladi. Buning nimasi qiziq, deyishga shoshilmang. Qizig‘i shundaki, qishda ushbu sharshara muzlab, muz-toshlar bilan qoplanadi. Ana shunaqa!
- El-Penon-de-Guatape qoyasi dunyodagi eng katta tosh sanaladi. Uning tarkibi kvars, dala shpati va shaffof mineraldan iborat.
- Tornado eng vahimali tabiat hodisalaridan biri bo‘lib, har bir quyun o‘z shakli, rangi va ovoziga ega. Uning tusi tuproqning rangiga bog‘liq. Ovoz esa quyun olib kelayotgan joy va buyumlarga monand chiqadi. Odatda quyun bir necha daqiqa davom etishi mumkin. Biroq shunday vaqtlar ham bo‘lganki, u soatlab to‘xtamagan.
Dunyoning hech bir yerida AQSH singari ko‘p quyun sodir bo‘lmaydi. Har yili ushbu mamlakatga 800 marta bunday tabiiy ofat havf soladi. E’tiborlisi, 1931 yilda Missisipida ko‘tarilgan quyun 83 tonnalik poyezdni dast ko‘tarib, yo‘nalishidan 40 metr nariga uloqtirib yuborgan.
Internet materiallari asosida Zilola JALOLOVA tayyorladi.