Ona va bola salomatligi – doimiy e’tiborda
Mamlakatning gullab-yashnashi hamda jamiyatning rivojlanishiga, eng avvalo, sog‘lom va baxtli oilalar asos bo‘ladi. Bu esa xalqimizning azaliy va ezgu orzusidir. Ushbu ulug‘ maqsadning asosiy harakatlantiruvchi omili barkamol shaxs tarbiyasi bilan bog‘liq.
Yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan har bir yilga nom berilishi va shu asosida davlat dasturining qabul qilinishi hamda uni hayotga keng tatbiq etilishi ezgu an’anaga aylandi. Ayniqsa, bu islohotlar inson manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Har bir inson uchun uni va oilasining salomatligi bebaho boylik hisoblanadi. Bizning go‘zal va betakror, jannatmakon yurtimizda esa inson omili va uning manfaatlarini himoya etish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ona Vatanimiz mustaqilligining 25 yillik to‘yi arafasida shuni ishonch bilan aytish kerakki, hech bir mubolag‘asiz mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlod tarbiyasi, onalik va bolalikni muhofaza etish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarimiz dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Yurtimizda tizimli va muntazam ravishda o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan sog‘lom hamda ma’nan barkamol bo‘lib voyaga yetishlari uchun hukumatimiz g‘amxo‘rlik ko‘rsatmoqda.
Prezidentimiz o‘z ma’ruzalarida “Eng muhimi sog‘lom ona va bola – baxtli oila asosi, baxtli oila esa gullab-yashnayotgan jamiyat asosi ekanligi hayotimizda o‘zining chuqur tasdig‘ini topdi. Uni amalga oshirish esa har birimizning muqaddas burchimizdir” deya sog‘lom avlod tarbiyasining muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaydi.
Sog‘lom bola tug‘ilishi masalasiga sog‘lom va ahil oila mevasi sifatida qarash zarur. Oila – bu hayot manguligini ta’minlovchi yetakchi va yagona kuch. U muqaddas o‘choqdir. Chunki, har bir odam o‘zining sog‘lom oilasi bag‘rida barkamol voyaga yetadi. Uning insoniyat rivojlanishidagi o‘ziga xos o‘rnini allaqachon jahon hamjamiyati tan olgan. Hozirgi globallashuv davrida esa Vatan ichra mo‘jaz Vatan bo‘lmish oilaning ahamiyati dolzarb tus oldi. Shu sababli oila institutidan ulkan maqsad – huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida samarali foydalanishimiz zarur.
Barchamizga ma’lumki, mustaqillik yillarida “Sog‘lom avlod yili”, “Sog‘lom bola yili”, Sog‘lom ona va bola yili” munosabati bilan davlat dasturlari qabul qilindi. Jumladan, “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturida oilada o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, eng yuksak insoniy tuyg‘ular hamda ma’naviy-axloqiy fazilatlar barqaror muhit hukm surishi zarurligi haqidagi muhim jihatlar ta’kidlab o‘tilgan. Shuningdek, yosh oilalarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, onalik hamda bolalikni muhofaza etish, xotin-qizlarning iqtidorini yuzaga chiqarish kabi dolzarb masalalar ham o‘z ifodasini topgan.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi yuqorida ta’kidlab o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha bir qator nufuzli mahalliy hamda xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda aholi salomatligini asrash, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalar sog‘lig‘ini muhofaza etish, shuningdek, oilalar mustahkamligi yo‘lida keng qamrovli ezgu ishlarni amalga oshirmoqda. Fuqarolarning reproduktiv salomatligini asrash, oila institutini mustahkamlash borasida davlat tashkilotlari bilan bir qatorda jamoat tashkilotlari ham faol ishtirok etmoqda.
Fondning “Ambulans” ko‘chma tibbiy-ijtimoiy brigadalari mahalliy hokimiyat, xotin-qizlar qo‘mitalari, mahalla va ovul, fuqarolar yig‘inlari hamda sog‘liqni saqlash muassasalari bilan hamkorlikda oilalardagi psixologik muhitni o‘rganib, aholini chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Quvonarlisi, ushbu hamkorlik ijobiy samara bermoqda. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan hamkorlarimiz tomonidan ajratilgan muruvvat yuklari fuqarolarga beg‘araz hadya etilmoqda. Bu insonparvarlik yuklari sirasiga dori-darmonlar, gigiyena vositalari, choyshablar, quritilgan sabzavotli sho‘rva va oziq-ovqat mahsulotlari kiradi.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturining 2-bandida olis va chekka tumanlardagi aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini muhofaza etish, ularga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish alohida belgilab o‘tilgan. Ushbu dasturning bajarilishida fond O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda 2016 yilning ikkinchi choragida 14 ta ko‘chma tibbiy-ijtimoiy brigada hamda poytaxtdagi Tibbiy-ijtimoiy markaz tomonidan yurtimizning eng chekka hududlarida yashovchi aholining ijtimoiy jihatdan kam ta’minlangan qatlamiga muruvvat yordami ko‘rsatdi. Homilador ayollar bepul polivitaminlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, tug‘ruq yoshidagi ayollar, bolalar, o‘smirlar va keksa, yolg‘iz qariyalar ham chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularga malakali shifokorlar tomonidan zaruriy tavsiyalar berildi. Aholining tibbiy savodxonligini oshirish maqsadida joylarda mutaxassislarimiz turli targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borishmoqda. Shu maqsadda mahalla, maktab, kollej, litsey, oliy o‘quv yurtlarida mutaxassis-shifokorlar tomonidan tibbiy mavzuda o‘tkazilgan tadbirlar aholida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va uning hududiy filiallari faoliyatida tibbiy-ijtimoiy ko‘chma brigadalarning alohida o‘rni bor. Ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri aholisi o‘rtasida keng qamrovli ishlarni olib borishmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda mutaxassislarimiz fuqarolar bilan yaqin muloqotda bo‘lib, ularning sog‘liqlari haqida qayg‘urishadi. Shuningdek, “Mehribonlik”, “Go‘daklar” uyi tarbiyalanuvchilari, “Saxovat” uyidagi keksa va yolg‘iz qariyalar holidan ham tez-tez xabar olib turishadi. Ularga fond tomonidan nafaqat insonparvarlik yordami ko‘rsatiladi, balki bu fuqarolar chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur holatlarda sog‘lomlashtirish uchun nufuzli tibbiy muassasalarda yo‘llanma asosida davolanadilar. Bu kabi insonparvarlik ezgu amallari davlatimiz siyosatining asosiy tamoyillaridan biridir.
Yana bir gap. “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” milliy dasturida sakkizta qonun loyihasini ishlab chiqish, yangi oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlari, sanatoriy va kurortlar, eng chekka hududlarda esa 195ta zamonaviy maishiy xizmat komplekslarini qurish ko‘zda tutilgan. Bu kabi ulkan maqsadlar zamirida Prezidentimizning odil siyosati o‘z ifodasini topgan.
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimidagi tub islohotlar samarasi sifatida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlarida eng avvalo onalar va bolalarning malakali va ixtisoslashgan tibbiy xizmatdan keng foydalanishiga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistonning eng chekka hududlarida ham aholining yuqori sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun barcha imkoniyat yaratilgan. Ayni paytda yurtimizda 3200ta qishloq vrachlik punktlari samarali faoliyat yuritayotgani ana shu so‘zlarimiz tasdig‘idir.
Ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlarda esa kasalliklarni davolashning yangi va zamonaviy usullari amaliyotga tatbiq etilmoqda. Shu o‘rinda bir dalilni tilga olish joiz deb bilaman. Poytaxtimizda MDH mamlakatlarida o‘xshashi yo‘q ko‘p tarmoqli bolalar markazi qurilmoqda. Uning yaqin kunlarda ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Bu markaz dunyodagi eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi. Bundan tashqari mamlakatimizda yana bir qator yirik tibbiy muassasalar, klinikalar, viloyatlarda ko‘p tarmoqli bolalar tibbiy markazlarini qurish ham amalga oshiriladi.
Yana bolalar va homilador ayollarga xizmat ko‘rsatuvchi tibbiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish, bemor bolalarni yurtimizda va xorijda davolanishlari uchun sharoit yaratish, aholiga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida an’anaviy tarzda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AK bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan Markaziy Osiyoda qiyosi yo‘q “Salomatlik” poyezdi mamlakatimizning eng olis go‘shalaridagi fuqarolar sog‘lig‘ini asrashda muhim o‘rin tutmoqda. Quvonarlisi, bu xayrli ishlarni amalga oshirishda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining ham munosib hissasi bor.
Xulosa qilib shuni aytish joizki, O‘zbekistonda sog‘lom va baxtli hamda farovon oilalar soni qancha ko‘p bo‘lsa, ular davlatimizning buguni, ertasi va porloq kelajagi uchun sidqidildan xizmat qiluvchi vatanparvar farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazadi.
Svetlana INAMOVA,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi