Tibbiy-ijtimoiy yordam: faoliyat takomillashmoqda
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Toshkent viloyati hududiy filiali tomonidan Qibray tumanida “Sog‘lom avlod – yurt kelajagi” mavzusida konferensiya tashkil etildi.
Ushbu tadbirda viloyat va tuman xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat hududiy filialining ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi shahar va qishloqlarda bo‘lib keng miqyosda aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Ularga sog‘lom turmush tarzi va uni to‘g‘ri tashkil etish to‘g‘risida maslahatlar berilayotir.
– 2015–2016 yillarda ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi tomonidan viloyatning 400 dan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inidagi aholining ijtimoiy sharoiti o‘rganildi, – deydi fondning Toshkent viloyati hududiy filiali direktori Muhabbat Yo‘ldosheva. – Brigada shifokorlari 118 qishloq vrachlik punkti va 5 ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada bo‘lib, 24 mingdan ziyod aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Sanitariya-gigiyena vositalari, dori-darmonlar tarqatildi.
O‘Z MUXBIRIMIZ