Xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining yana bir yorqin namoyishi
Bugungi voqeaning mohiyati va ahamiyati haqida gapirganda, avvalo Qamchiq tunneli orqali Farg‘ona vodiysini mamlakatimizning markazi va boshqa hududlari bilan bog‘laydigan ushbu temir yo‘l qurib bitkazilishi bilan O‘zbekistonda yagona, mustaqil milliy transport kommunikatsiya tizimi to‘la shakllangani, hech shubhasiz, hammamizga xursandchilik va g‘urur-iftixor yetkazadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqidan
2016 yilning 22 iyun kuni uzunligi 123, 1 kilometr bo‘lgan Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va 19, 2 kilometrlik Qamchiq tunneli muddatidan oldin – 32 oyda qurib bitkazildi.
Vatanimiz mustaqilligining 25 yillik bayrami shukuhi bilan yashayotgan xalqimiz, ayniqsa, “Oltin vodiy” aholisi ushbu ulkan bunyodkorlik inshootining ishga tushirilishini katta mamnunlik bilan kutib olmoqda. O‘zA muxbirlari Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatidan bir guruh yurtdoshlarimizning mazkur tarixiy voqea haqidagi taassurotlari bilan qiziqdi.
Botirjon TEMIROV,
O‘zbekiston Qahramoni, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi 1-texnologik sexi mexanigi:
– Har tong osoyishta va fayzli mahallamiz bo‘ylab qadrdon zavodimga yo‘l olar ekanman, mehnatimiz qadr topayotgan, manfaatlarimiz ustuvorligi ta’minlanayotgan shunday ozod yurtda, saodatli zamonda yashayotganimdan qalbim cheksiz iftixorga to‘ladi.
O‘zim ishlaydigan zavod faoliyatidan qiyos. Mustaqillik yillarida bu yerda keng qamrovli rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi: eski texnologiyalar zamonaviysiga almashtirildi. Natijada neft mahsulotlari sifati tubdan yaxshilandi, turi ko‘paydi, jahon bozorida o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘ldi. Bugun dunyoning 20 dan ortiq davlatiga mahsulotlarimiz eksport qilinmoqda.
Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va Qamchiq tunneli ishga tushirilishi barcha yurtdoshlarimiz qatori Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi xodimlarini ham g‘oyat quvontirdi. Boisi, bu zavodimizga ham mo‘may foyda keltiradi. Avvalo, xomashyoni tashish xarajatlari sezilarli darajada kamayadi. Ishlab chiqarish quvvati keskin oshadi. Logistika xizmati sarfi arzonlashadi, iqtisodiyot tarmoqlaridagi jozibadorlik ortadi.
Tashish davrida mahsulotning ekologik jihatdan tozaligi saqlanadi. Yo‘qotish va sifat o‘zgarishlarining oldi olinadi. Hamkasblarimiz bilan tushlikdan keyin o‘tirib, erinmay hisoblab chiqdik. Qarang, hozirgi kunda Qamchiq dovonidan transport orqali tashishda 1 tonna mahsulotning tannarxi 41 dollarga tushayapti. Temir yo‘lning ishga tushirilishi korxonamizning bu boradagi xarajatlarini salkam ikki barobar kamaytiradi. Umuman, yiliga 18, 1 million tonna yukni tashish mumkin. Tashish muddati ikki barobar kamayib, 8 soatni tashkil etadi. Transport xarajatlari 4 barobar qisqaradi…
Dunyoning bugungi manzarasini diqqat bilan kuzatayotgan inson Alloh nazar qilgan bunday betakror zaminda – O‘zbekistonda yashashning o‘zi ulkan baxt ekanini chin dildan his qiladi. Mana bunday bunyodkorlik ishlari g‘ayratimizga g‘ayrat, umrimizga umr qo‘shadi.
Vong ChAO (Xitoy),
Andijon shahridagi “Lemon international” mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi bosh direktori:
– Tadbirkorman, dunyoning ko‘p mamlakatlarida bo‘lganman. Mana, bir necha yildirki, O‘zbekistonda faoliyat yurityapman. Rosti, yurtingizda tadbirkorlar, ayniqsa, xorijiy investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti, qator imtiyozlar yaratilgani bizning samarali faoliyat yuritishimizda muhim omil bo‘lmoqda.
O‘zimizdan qiyos. Andijon shahrida Xitoy investitsiyasi asosida ishga tushirilgan mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Lemon international” xorijiy korxonasida yiliga 500 ming dona shim ishlab chiqariladi.
O‘zbekistonda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ishlar har qanday kishining havasini keltiradi. Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li qurilishini asr qurilishlaridan biri, deyish mumkin. Birinchi bor Toshkentdan Andijonga Qamchiq dovoni orqali avtomobilda kelganimda menga ushbu tog‘ orqali Farg‘ona vodiysiga o‘tadigan temir yo‘l qurilmoqda, deyishganida ishonmagan edim.
Yaqinda televideniye orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin ishtirokidagi ushbu yo‘lning ochilishi haqidagi ko‘rsatuvni ko‘rib, qoyil qoldim. Xitoyni Markaziy Osiyo va Yevropa bilan bog‘laydigan ushbu yo‘l savdo va iqtisodiy aloqalar yanada mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday noyob va ulkan qurilishni ko‘rib, Prezidentingiz rahnamoligida O‘zbekiston o‘z tanlagan taraqqiyot yo‘lidan dadil borayotganiga yana bir bor ishonch hosil qildim.
Umuman, o‘zbek xalqidek ochiqko‘ngil, mehmondo‘st, mehnatkash va bag‘rikeng insonlarni kam uchratganman. Ayniqsa, O‘zbekiston yoshlarining yuksak salohiyati, chet tillari, xususan, ingliz tilida ravon gaplashishi menda katta taassurot qoldirmoqda. Yurtingizdagi tinchlik, osoyishtalik, to‘kinlikka har qancha havas qilsa arziydi.
O‘zA