Ijtimoiy q(t)armoqlardagi “do‘st”larning salmog‘i haqida
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, internetning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati shiddat bilan ortib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlar esa internet olamining ajralmas bir bo‘lagidir. Hozirda ulardan ko‘pchilik yoshlar keng foydalanadi. Hisob-kitoblarga qaraganda, bugungi kunda dunyoda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar soni 3 milliard nafardan ortgan.
Aslida bunday tarmoqlarning asosiy vazifasi odamlarga uzoqdagi tanishi bilan aloqa qilish, ular o‘rtasida o‘zaro onlayn muloqotni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Biroq bugun ularning funksiyalari tobora kengayib bormoqda.
Xo‘sh, ularning bu keng funksiyalaridan kim nima maqsadda foydalanmoqda? Shu savolga bir javob izlab ko‘rsak.
Birinchi toifa kishilar ijtimoiy tarmoqlardan do‘stlar orttirish maqsadida foydalanishmoqda. Darhaqiqat, bunday tarmoqlarning insonlar o‘rtasidagi muloqotni ta’minlash, turli dunyo xabarlaridan boxabar etish, o‘zining ikkinchi bo‘lagini, “sevgi”sini topishda insonlarga yordam berish kabi funksiyalari bor. Ammo o‘sha do‘st kim? Uning nasl-nasabi qanday? U boshqalarga “ilinayotgan” axborot haqiqatga qanchalik yaqin? Bu savollarga javob topish mushkul. Topgan “do‘st”i yaxshi bo‘lsa-ku xo‘p-xo‘p. Miyasi yot g‘oyalar bilan zaharlangan bo‘lsa-chi? “Ommaviy madaniyat” tarafdori bo‘lsa-chi?
Mutaxassislarning fikricha, ijtimoiy tarmoqlarga do‘st topish ilinjida a’zo bo‘layotganlarning aksariyatini yoshlar tashkil etarkan. Chunki, ular har doim yon-atrofidagilar o‘zlariga e’tibor berishlarini istaydilar, e’tiborsizlikdan esa qiynaladilar. Buning oqibatida yoshlar yo tushkunlikka tushib qoladi yo virtual dunyoga butkul sho‘ng‘ib ketadi. Natijada tashqi dunyodan uziladilar. Ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolgan yoshlar boshqalar bilan muloqotda qiynaladi, odamovi bo‘lib qoladi, do‘stlashishda adashadi, birovga hamdardlik bildirish haqida umuman bosh qotirmaydi. Faqat topgan “do‘st”larining fikri bilan ish ko‘radigan bo‘lib qoladi.
Ikkinchi toifa kishilar aholi bilan erkin muloqot qilish istagidagi hokimiyat va boshqaruv organlari vakillaridir. Siyosiy psixologiya mutaxassislarining fikricha, zamonaviy jamiyatda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning asosiy ustunligi – muloqot erkinligi hisoblanadi. Shu bois so‘nggi vaqtlarda bu kabi tarmoqlar aholi va hokimiyat o‘rtasida ko‘prik, keng va ochiq muloqot maydoni vazifasini ham o‘tamoqda. Ammo, shu bilan birga, so‘nggi yillarda internet siyosiy kurashlar maydoni, turli xil manfaatlarning kuchli quroliga ham aylanib bormoqda. Har qanday to‘siq, cheklov va taqiqlarni aylanib o‘tishga moslashtirilgan ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda chinakamiga jilovlab bo‘lmas kuchga aylandi. Terrorchi to‘dalar, diniy ekstremistlar va boshqa buzg‘unchi kuchlar uning imkoniyatlaridan keng foydalangan holda odamlar o‘rtasiga nifoq solishga, urush olovini yoqishga urinishmoqda.
Yana bir toifa kishilar ijtimoiy tarmoqlarga mashhurlar hayoti bilan tanishib borish istagida a’zo bo‘lishadi. Tarmoqqa a’zo bo‘lgan mashhur qo‘shiqchi, aktyor, aktrisa, raqqosa borki, o‘z sahifasiga suratlar, xabarlar joylashtirib boradi, do‘stlari bilan yozishmalar qiladi. Uning hayoti bilan yaqindan tanishish istagidagi kishi esa mashhurlarning sahifalarini kuzatib borish, boshqalarga u haqdagi eng yangi xabarlarni yetkazish bilan ovora bo‘lib, ijtimoiy tarmoqqa qaram bo‘lib qolganini sazmay qoladi. U endi o‘z hayoti bilan emas, o‘sha mashhurlarning hayoti bilan yashay boshlaydi.
Ijtimoiy tarmoq – ijodkorlar o‘z ijod namunalarini e’lon qilishi uchun ham qulay vosita. Masalan, ijodkorlar yangi yozgan she’r va hikoyalarini omma hukmiga havola qilishlari mumkin. Ijtimoiy tarmoq orqali o‘z ijod namunalari haqida boshqalarning fikrini biladilar. Ammo u qanday fikr? Masalan, she’rga ijod nimaligini umuman tushunmaydigan kishi fikr bildirishi, istasa, o‘sha she’rning qadrini yo‘qqa chiqarishi mumkin. Yoki aksincha, osmonga ko‘tarib maqtaydi. “Layk”lar bilan taqdirlaydi. Foydalanuvchi bunday “layk”larni yana va yana olishni istaydi va rohatlanadi. Mutaxassislarning aytishicha, giyohvand va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisini mana shu bog‘langanlik va rohatlanish hislari birlashtirib turadi.
Ko‘rayapsizmi, bunday tarmoqlarning foydasi qanchalik ko‘p bo‘lsa, zarari undan o‘n chandon ziyoda. Lekin undan foydalanishni cheklashning imkoni yo‘q. Shu bois, ayniqsa yoshlarimizda ma’naviy immunitetni shakllantirish juda muhim va bu jamiyat uchun ham foydali amaliyot.
Ana shu nuqtai nazardan kelib chiqib olib borayotgan targ‘ibot ishlarimizda ijtimoiy tarmoqlarning foydayu ziyonini aniq ko‘rsatib bera olsak, bu kutilgan samaradorlikka erishishda eng muhim omil bo‘ladi.
Sadoqat DONAYEVA