Umidbaxsh hayotiy quvvat mo‘jizasi
Qon – bu hayotbaxsh mo‘jiza. Tomirlarimizda oqayotgan qon o‘rnini hech qanday dorivor vosita yoki suyuqlik bosa olmaydi. Ba’zida odamlar hayotida shunday hodisalar ro‘y beradiki, unda o‘zganing qoniga muhtojlik seziladi yoki shunday kasalliklar borki, birovning qonisiz tuzalib, oyoqqa turishi qiyinroq kechadi.
Shunday ekan mamlakatimizda beg‘araz donorlikni keng ko‘lamda aholi o‘rtasida targ‘ib etishni o‘ta muhim vazifa deb bilamiz.
Bu ezgu ishlarni amalga oshirishda hukumatimiz tomonidan sohaga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, bu borada Respublika Qon quyish markazi va uning filiallari tomonidan bu faoliyat yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Joylarda xodimlarimiz sog‘lom donorlik xususida targ‘ibot ishlarini olib bormoqda. Qon berishning afzalligi shundaki, bu jarayon odam organizmida qon aylanish tizimi faolligini yaxshilaydi, ya’ni qizil qon tanachalarining harakatlari ortadi. Hujayralarda yangilanish jarayoni jadallashadi.
Qon topshirish tartibi sog‘lom odamlar uchun oltmish kunda bir marta deb, qon komponentlarini berish esa o‘n besh kunda bir marta belgilangan. Badalsiz qon topshirish erkaklar uchun bir yil davomida 5 marta, ayollar uchun 4 martagacha mumkin. Qon berish 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan sog‘lom fuqarolarga ruxsat etiladi.
Donorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va tekshirilgan qon tahlillarini taqdim etish bepul amalga oshiriladi. Qon berishdan oldin gemoglobin miqdori va qon guruhi tekshiriladi. Donor qonining keyingi tekshiruvlari laboratoriya sharoitlarida amalga oshiriladi. Bunda olingan qon namunalari qon guruhi va rezus faktor, ALT, zahm(sifilis) serologik tekshiruvlar, V gepatiti virusi yuzaki antigeni, S gepatiti virusiga hamda OIV infeksiyasiga bo‘lgan antitelalarga tekshiriladi. Doimiy tarzda qon va uning komponentlarini topshiradigan faol donorlarda bir yilda bir marta qon klinik tahlillari va ko‘krak qafasi flyurografiyasi tekshiriladi. Faol ayol donorlar yilda bir marta ginekolog ko‘rigidan o‘tadilar.
Kimlarga qon topshirish ruxsat etilmaydi?
Gepatit viruslari, OITS va OIV infeksiyasini tashuvchi, tug‘ma yoki orttirilgan zaxm, ekzema (temiratki), psoriaz, yomon sifatli o‘sma kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar, spirtli ichimliklarni muntazam ichuvchi va giyohvand shaxslar qon berishi mumkin emas.
Qon berishdan bir kun oldin donorlar kechqurun yog‘li, qovurilgan ovqatlar, achchiq, sho‘r, sutli mahsulotlar va tuxum iste’mol qilmasliklari zarur. Alkogol, aspirin va qon ivuvchanligiga ta’sir etuvchi dori vositalarini qabul etish ham mumkin emas.
G‘ulomiddin EGAMQULOV,
Respublika Qon quyish markazi bo‘lim boshlig‘i