Yuksak e’tirof
Akademik Ahmadali Asqarov taniqli arxeolog-tarixchi olim. U 450 dan ortiq ilmiy va ilmiy ommabop maqolalar, risolalar, shu jumladan, 17 ta monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalar muallifi. Shulardan 50 dan ortig‘i xorijiy tillarda (ingliz, fransuz, nemis, yapon, xitoy, fors, turk), 200 ga yaqini rus tilida chop etilgan.
Ilmiy ishlar yo‘nalishining ko‘lami keng: O‘zbekistonda qadimgi shahar madaniyati va ilk davlatchilikning shakllanish jarayonlari, arxeologik manbalar, dolzarb tarixiy muammolar yechimi xizmatida, o‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi, Oriylar muammosi va uning arxeologik-tahlili, arxeologiya fanining uslubiy va nazariy masalalari va boshqalar. Ahmadali Asqarov akademik Ya. G‘ulomov arxeologik ilmiy maktabining izchil davomchisi. O‘zbekiston FA Arxeologiya institutining ilmiy va ilmiy-tashkiliy jihatdan shakllanishida uning roli va xizmati beqiyos. Olim institut ilmiy tadqiqotlarini qardosh Markaziy Osiyo ilmiy jamoalari bilan hamkorlikda, o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik prinsiplari asosida olib bordi. Undagi ilmiy tashkilotchilik qobiliyati, arxeologiya faniga bo‘lgan fidoyilik, o‘ziga va atrofdagilarga nisbatan talabchanlik, hayotda va ilmdagi prinsipiallik, xalqaro va qardosh respublika ilmiy markazlari bilan ilmiy aloqalarni mustahkamlash tufayli institutni nafaqat mintaqada, balki dunyo miqyosida tan olingan ilmiy markaz darajasiga ko‘tara oldi. Uning bevosita rahbarligida birdam, ahil arxeolog-olimlar jamoasi shakllandi, o‘ziga xos “Samarqand ilmiy arxeologiya maktabi” tashkil etildi.
Ahmadali Asqarov ijodiy faoliyatining so‘nggi 30-35 yili davomida asosiy e’tiborini o‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi, ayniqsa, uning etnogenezi muammolari yechimiga qaratdi. Bu muammoga bag‘ishlangan o‘nlab ilmiy maqolalar, “O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi” (2007 y.) nomli oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun o‘quv qo‘llanmasi, “O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi” (2015 y.) nomli fudamental monografiyani chop ettirdi. Ushbu maqola va asarlarda o‘zbek xalqining tarixiy ildizlari turkiy xalqlar tarixi bilan uzviy bog‘liq ekanligini isbotladi, eski qarashlarga qarshi yangi g‘oyalarni ko‘tarib chiqdi. Bu ilmiy ish mahsulotlari bilan tanish qardosh turkiy davlatlar olimlari Ahmadali Asqarovning sohada olib borgan samarali ilmiy faoliyatini yuqori baholadilar.
Yaqinda Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida yirik tarixchi-olimlar ishtirokida forum bo‘lib o‘tdi. Dunyoning 20 davlatidan kelgan 200 ga yaqin olimlar, jumladan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH, Janubiy Koreya, Pokiston, Yaponiya, Mo‘g‘ulistondan kelgan mutaxassislar qatnashgan tadbirda Ahmadali Asqarovning ilmiy izlanishlari, arxeologiya sohasiga qo‘shgan munosib hissasi yana bir bor e’tirof etilib, xalqaro Turk Akademiyasining maxsus oltin medali bilan taqdirlandi.
Erkin XUDOYBERDIYEV,
professor,
Rahimboy JUMANIYOZOV,
dotsent,
Mamasoli TO‘RAYEV,
dotsent