Men orzu qilgan kasb

Psixologik tadqiqotlarga ko‘ra o‘quvchilik davrida bola qiziqishlari rivojlanib, murakkablashib boradi. Bunda mutaxassis hamda fan o‘qituvchilarining kasbga yo‘naltiruvchi faoliyati muhim ahamiyatga ega.

Bugungi kunda o‘quv dargohimizdagi kasbga yo‘naltirish xonalari zamon talablari darajasida jihozlangan bo‘lib, ular yil sayin mazmunan boyitilib, o‘quvchilarga keng ko‘lamdagi kasbiy axborot va maslahat beradigan maskanga aylanib bormoqda.

O‘quv yili so‘nggida maktabimizning 9 “A” va 9 “B” sinflari o‘quvchilari o‘rtasida “Men orzu qilgan kasb” mavzuida tadbir tashkil etdik. Mashg‘ulot avvalida dunyoda kasblar ko‘pligi, bitiruvchi yoshlar ulardan o‘ziga yoqqanini tanlashi, biror hunarni egallashi uchun qunt va sabot bilan o‘qib-o‘rganish, izlanish lozimligini ta’kidlab, yigit va qizlarning barchasiga anketa savollarini tarqatdik. O‘quvchilar anketa savollarini to‘ldirish davomida o‘z ism va familiyalarini yozishmadi. Bu esa erkin fikrlash, ro‘y-rost javob berish imkonini tug‘diradi. Yakunda javoblar e’lon qilindi va chuqur tahlil etildi.

Shundan so‘ng bitiruvchi sinf o‘quvchilari birin-ketin o‘zlari yashab turgan “Mirzabuloq” qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli mahallalardagi turli kasb egalari haqida maroq bilan so‘zlab berishdi.

Ro‘ziboy ESONBOYEV, bitiruvchi:

– Mahallamizdagi Qahramon aka ko‘p yillardan beri o‘zi sevgan duradgorlik kasbi bilan shug‘ullanib keladi. Ustaning yasagan eshik-romlari barchaning havasini keltiradi. Bu insonning qilayotgan ezgu ishlarini kuzata turib, hunarli inson sira xor bo‘lmasligiga yana bir bor amin bo‘laman.

 

Dilobar XUDOYQULOVA,

bitiruvchi:

– Biz yashayotgan “Qizilqo‘rg‘on” mahallasida qo‘li gul tikuvchi Zamira Xudoyberdiyeva ko‘pchilikka tanish. U umri davomida tikuvchilik kasbini e’zozlab, ardoqlab kelayotir. Ayni kunda u mahallaning ko‘plab qizlariga o‘z hunarini o‘rgatib, odamlarning og‘irini yengil qilmoqda.

 

Fayzullo XUDOYOROV,

bitiruvchi:

– Mahallamizda Zoir amakimni “usta temirchi” deb atashadi. Bu inson temirchilik kasbini ardoqlab, el-yurt hurmatini qozongan, obro‘-e’tibor topgan. Vaqti-vaqti bilan u o‘quvchilarning mehmoni bo‘lib, sevgan kasbi haqida maroq bilan so‘zlab beradi.

O‘tgan 2014–2015 o‘quv yilida bilim dargohida 73 nafar o‘quvchi to‘qqizinchi sinfni bitirgan bo‘lib, ular ayni kunda tumanimizning ijtimoiy-iqtisodiy, sanoat hamda iqtisodiyot kabi kasb-hunar kollejlari va 2-akademik litseylarida o‘qishlarini davom ettirishmoqda. Bu yil esa o‘quv dargohimizni 52 nafar o‘g‘il-qiz tamomladi. Ular bilan yil davomida “Kim bo‘lsam ekan?”, “Dunyoda kasblar ko‘p”, “Mahallamizdagi turli kasb egalari” kabi mavzularda bayon va insholar yozilib, qiziqarli suhbatlar o‘tkazildi. Eng muhimi, o‘zaro hamkorlik shartnomalari asosida akademik litsey va turli kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari bilan suhbatlar, uchrashuv kechalari tashkil etildi. Bu esa o‘quvchilarni kelajakda o‘zlariga munosib kasb tanlashlarida muhim o‘rin tutadi.

Yana o‘qing:  Iqtidorli yoshlar yurt istiqboli

Tadbir yakunida o‘quvchi-yoshlar maktabni tamomlagandan so‘ng nafaqat o‘zlariga, qolaversa, jamiyatga ham foydali bo‘ladigan ta’lim yo‘nalishini to‘g‘ri belgilash zarurligini, ijtimoiy hayotda kasb-hunar alohida ahamiyatga ega ekanini tushunib yetganliklarini ta’kidladilar.

Saida UMAROVA,

G‘allaorol tumanidagi 24-umumta’lim maktabining amaliyotchi-psixologi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: