O‘G‘IL BOLA

(hikoya)

Sodiqjonning bir yomon odati bor. Qo‘liga tushgan ruchka borki, uchini og‘ziga solib o‘ynaydi. Oyisining bu odatingni tashlagin,– deya bergan tanbehlari unga aslo kor qilmaydi. Ustiga ustak rangi chiqib ketgan ruchkasini oyisi yuvib dazmollab bergan dastro‘molchasiga surtgani-surtgan. Shu bois ham qo‘li, oppoq ko‘ylagi ko‘pincha dog‘ bo‘lib qoladi. Bugun ham shunday bo‘ldi. Ruchkaning bo‘yalgan rangi Sodiqjonning ko‘ylagi tugul kastyumining yengiga ham surkalib ketdi. U shoshib qolib darhol g‘ijimlangan dastro‘molchasi bilan dog‘larni artishga tushdi. Ammo shusiz ham bo‘yalib yotgan dastro‘molcha ko‘ylakdagi dog‘ni battar bo‘yab yubordi. Shu payt sinfga kirgan direktor va uning ortidagi bo‘ychan yigitni ko‘rib barcha birdan o‘rnidan turdi.

– Salom bolalar, o‘tiringlar, bu yigit Sodiqjon Xalilov bo‘ladi. Bugundan boshlab sizlarning sinf rahbaringiz etib tayinlandi. O‘ylaymanki, yangi o‘qituvchingizni uyaltirib qo‘ymaysizlar,– dedi u. Sinfdan chiqib ketayotgan direktorni o‘rnidan turib kuzatishgan o‘quvchilar joylariga o‘tirishlari bilan o‘zaro shivir-shivir boshlandi. O‘qituvchining oppoq kuylak ustidan taqqan moshrang galstugi, qop-qora kastyum-shimiga mos ravishda nihoyatda orasta kiyinishi o‘ziga yarashgan. Yangi bo‘lmasada changu g‘uborsiz yaltirab turgan oyoq kiyimi ham unga qandaydir ko‘rk bag‘ishlab turardi.

– Xo‘sh, bolalar, avvalo, tanishib olsak.

– Isming kim?

– Ozoda.

– Senikichi?

– Ilhomjon.

– Mening ismim Jo‘rabek, bu Sodiqjon.

– Nima? Sodiqjon o‘z ismini aytolmaydi-mi?

– Aytolmaydi, uning tili rangga bo‘yalgan.

Jo‘rabekning bu gapidan so‘ng sinfda “gurr” etib kulgu ko‘tarildi.

– Jim bolalar. Qani o‘rningdan turib ism-familiyangni o‘zing ayt-chi, Sodiqjon o‘tirgan partaning yoniga kelib, muloyim ovozda murojaat qildi sinf rahbari. O‘qituvchining ko‘ziga tik qarolmay, o‘ng‘aysizlanib o‘rnidan turgan Sodiqjon, biroz iymanib ism-familiyasini aytdi-yu, chap qo‘li bilan yuzini to‘sganicha boshini egib oldi. Bir zumda gap nimadaligini payqagan ustoz, Sodiqjonning o‘ng qo‘lidagi ruchkasini sekin olib chetga qo‘ydi. –Dastro‘molchangni ber, yuzingni artib qo‘yaman,– dedi-yu, ko‘zi parta ustida g‘ijimlanib rang dog‘lardan asli nimaligini bilib bo‘lmaydigan holga kelgan o‘quvchisining dastro‘molchasini ko‘rib, darhol uning ustiga qo‘lidagi daftarini yopdi. So‘ngra kastyumi cho‘ntagidan o‘zining to‘rtburchak qilib bir tekisda qatlangan chiroyli dastro‘molchasini oldi-da, Sodiqjonga yuzlanib, yuzingni artib ol, o‘g‘il bolaning ismi-jismiga mos bo‘lishi kerak – dedi past ovozda. Sodiqjon goh ismi o‘ziga adash bo‘lgan ustoziga, goh qo‘lidagi uning oppoq dastro‘molchasiga qarar ekan, ming bir xijolatda peshonasidan ter chiqib ketdi. Yana uni uyalmasin deb ustiga sinf rahbari daftarini yopib qo‘ygan dastro‘molchaning kirligini aytmaysizmi.

Яна ўқинг:  Келажагимиз ворислари – улар изланишдан тўхтамайди

Ertasi kuni qo‘ng‘iroq chalinishi barobarida sinfga kirib kelgan Sodiqjonni ko‘rib nafaqat partadoshi Jo‘rabek balki boshqa sinfdoshlari ham lol qolishdi. Uning obdon yaltiratib qora rangga bo‘yalgan oyoq kiyimi, risoladagidek ust-boshi o‘ziga yarashgan. Eng muhimi ortiqcha dog‘-dug‘lardan holi bo‘lgan cho‘ntagidagi top-toza dastro‘molchasi va sumkasidagi g‘ilofda xuddi yangidek turgan ruchkasi o‘g‘il bola qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib turar edi.

Jamila HAYDAROVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: