Mahalla bor, el turmushi obod
Ayni kunda mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarida davom etayotgan fuqarolar yig‘inlari raislari hamda ularning maslahatchilari saylov jarayonida yurtdoshlarimiz faol ishtirok etmoqda.
Bu yilgi saylovlar yurtimizdagi barcha fuqarolar yig‘inlarida o‘zgacha bir shukuh va kayfiyat bilan o‘tkazilmoqda. O‘z-o‘zidan ma’lumki, ushbu jarayonda fuqarolarimizda mahalla faoliyati to‘g‘risida turli savollar yuzaga kelmoqda. Quyida yurtdoshlarimizdan kelgan savollarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi bosh mutaxassisi Elmurod QARSHIYEVning javoblarini havola etamiz.
– Mening uch nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im II guruh nogironi. Qonunlarda mahalla tomonidan kam ta’minlangan oilalarga qanday yordam berilishi ko‘zda tutilgan?
Surayyo HOSHIMOVA,
Sirdaryo viloyati
– Fuqarolar yig‘ini organlarining faoliyatini tashkil etishni uning kengashi hamda fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli) amalga oshiradi. Kam ta’minlangan oilalar, yetim bolalar, ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, shuningdek, tabiiy ofatlar va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan jabr ko‘rgan fuqarolarning moddiy va uy-joy, maishiy sharoitlarini yaxshilash to‘g‘risida tegishli davlat organlariga takliflar kiritadi. Shuningdek, aholining ijtimoiy nochor qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi, ushbu maqsadda markazlashtirilgan tarzda ajratiladigan davlat mablag‘laridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maqsadli va samarali foydalanilishni ta’minlaydi.
– Jinoiy javobgarlik tufayli yarashuv institutida ishi ko‘rilayotgan fuqaroga qonun tarafdan qanday imtiyozlar belgilangan?
Davron JO‘RAYEV,
Farg‘ona viloyati
– Yarashuv to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda qisqa muddatda taraflar o‘rtasidagi nizo bartaraf etiladi va ortiqcha sarf-xarajatning oldini oladi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi jinoiy javobgarlikdan ozod qilinib, “sudlangan” degan tamg‘adan forig‘ qilinadi.
– Uyimiz yonida poyabzal ishlab chiqaruvchi korxona mavjud. Undan chiqayotgan zararli hidga ba’zida nafas olishga qiynalamiz. Mahalla tadbirkorlik sub’yektlari ustidan nazorat qilib, uning faoliyatini tartibga solishga haqlimi?
Adham KAMOLOV, Samarqand viloyati
– Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarini bajarmaganligi yoki zarur darajada bajarmaganligi uchun mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida qonunda belgilangan tartibda tegishli davlat organlariga va boshqa korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarga taqdimnomalar kiritadi.
O‘ziga tegishli hududda tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarini, shu jumladan, sartaroshxonalar, poyabzal ta’mirlash va tikish bo‘yicha ustaxonalarni, xalq hunarmandchiligi sexlarini va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etadi, qayta tashkil etadi va tugatadi.
Mahallada yarashtirish komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan xabarim bor. Ularni fuqarolarni himoya qilishdagi o‘rni qay tartibda belgilangan va qanday vakolatlarga ega?
Dilnoza ASHUROVA, Guliston shahri
– Fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasi to‘g‘risida namunaviy nizom mavjud. Ushbu nizom va “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasi faoliyatini tartibga soladi.
Yarashtirish komissiyasi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, Fuqarolar yig‘ini to‘g‘risidagi nizomga, fuqarolar yig‘ini va uning kengashi qarorlariga hamda ushbu namunaviy Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
Yarashtirish komissiyasi o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida yuritadi.
Ushbu komissiyasining maqsadi fuqarolarning oilada va mahallalarda tinch-osoyishta, hamjihatlikda yashashiga ko‘maklashish, oilaviy nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini milliy va ma’naviy qadriyatlarimizga tayangan holda keng targ‘ib etish orqali ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat.
Qo‘shnim surunkali ravishda spirtli ichimliklar iste’mol qiladi. Oqibatda mahallamizda tez-tez janjal chiqishiga sabab bo‘ladi. Unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishga mahalla raisining xuquqi bormi?
Ergash XOLMURODOV, Namangan shahri
– Spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni iste’mol qilishi natijasida fuqaroni muomala layoqati cheklangan deb topish to‘g‘risida yoki fuqaroni ruhiy holati buzilganligi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) tufayli muomalaga layoqatsiz deb topish haqida sudga ariza beradi. Demak, ularga nisbatan chora ko‘rishga mahalla fuqarolar yig‘inining haqqi bor.
Charos XUSHVAQTOVA yozib oldi.