Yer kurrasida tinchlik
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Yer kurrasida tinchlik” rasmlar ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu ijodiy loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad bolalarning tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, ularni yurt kelajagiga mas’uliyat va daxldorlik ruhida tarbiyalashdan iboratdir.
O‘quvchilar o‘z rasmlari orqali tinchlikning qanchalik bebaho ne’mat ekanini, diyorimizda osoyishtalik hukmron bo‘lgani uchun insonlar baxtiyor hayot kechirayotganini o‘ziga xos tarzda ifodalagan.
Tanlovda 3-6 yoshli bolalar o‘rtasida Jizzax viloyati, Do‘stlik tumanidagi 9-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchisi E’zoza Bahromqulova, 7-11 yoshli qatnashchilar o‘rtasida Toshkent shahri, Yashnobod tumanidagi 69-umumta’lim maktab o‘quvchisi Laylo Qo‘chqorova, 12-15 yoshli o‘g‘il-qizlar o‘rtasida Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi 36-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muxlisa Qurbonova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ch. XUSHVAQTOVA