Sil bedavo dard emas
agar kasallikka o‘z vaqtida e’tibor berilsa, undan butunlay xalos bo‘lish mumkin
Hozirgi paytda sil kasalligi dunyoning barcha mamlakatlarida kuzatilib, nogironlik va o‘limga olib keluvchi xastaliklar orasida yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Epidemiologik tahdid solayotgan bu kasallik yer kurrasida dolzarb muammoga aylanib, unga qarshi kurashda yakdillikni taqozo etmoqda. Mamlakatimizda, xususan, Qashqadaryo viloyatida ham sil kasalligini oldini olish, uni erta aniqlash, o‘z vaqtida davolash ishlari olib borilmoqda.
To‘lqin ASHUROV,
Viloyat sil kasalliklari dispanseri bosh shifokori:
– Sil ijtimoiy kasallik bo‘lib, uning kelib chiqish sabablari turmush tarzi, tevarak-atrof va boshqa tashqi omillarga bog‘liq. Hukumatimiz aholini bunday xavfli kasalliklardan muhofaza qilish va tibbiy xizmatni yaxshilashga qaratilgan vazifalarning tashabbuskori bo‘lib kelmoqda. Jumladan, “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturida ham tibbiy xizmat sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimining moddiy-texnika bazasini, jumladan, xayriya tashkilotlari va homiylarning mablag‘larini jalb etish hisobiga yanada mustahkamlash va undan samarali foydalanish ustivor vazifalar qatorida belgilangan. Shu o‘rinda silga qarshi kurashda DOTS dasturi qo‘llanilayotganini aytib o‘tish joiz. Bu dasturning asosiy yo‘nalishi o‘pka silining yuqumli shakli bilan kasallangan bemorlarni laboratoriya usuli bilan aniqlash, ularni dori-darmonlari o‘z vaqtida olinishini kuzatish, davolash ishlarining borishi va natijalarini tahlil qilishdan iborat.
Hududimizda faoliyat yuritayotgan Viloyat sil kasalliklari shifoxonasi, Qarshi shahri va barcha tumanlardagi sil kasalliklari dispanserlari, Kitob tumanidagi Ibn Sino nomli kattalar va Viloyat bolalar sil kasalliklari sihatgohlarida shifokorlar kasallikni erta aniqlash, davolash, oldini olishda samarali tibbiy usullardan foydalanmoqda. Ularning barchasi jahon standartlari talabiga javob beradigan asbob-uskunalar jihozlangan. Masalan, 2014–2015 yillarda 400 o‘rinli Viloyat sil kasalliklari shifoxonasi 6 milliard so‘m mablag‘ hisobidan kapital rekonstruksiya qilindi. Viloyat sil kasalliklar dispanserida 3 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 85 o‘ringa mo‘ljallangan yangi ikki qavatli bino qurildi va 85 o‘rinli bino kapital rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, joriy yilda 5 milliard so‘m mablag‘ hisobidan dispanserda yangi uch qavatli jarrohlik majmuasi qurilishi boshlab yuborilgan bo‘lsa, 30 o‘rinli bolalar bo‘limi, laboratoriya, oshxona va kir yuvish xonasi kapital rekonstruksiya qilindi.
Rustam DO‘STMURODOV,
Ibn Sino nomli sihatgoh bosh shifokori:
– Abu Ali ibn Sino bundan ming yillar oldin nafas azolari, o‘pka silining kelib chiqish sabablari, davo choralari haqida ma’lumotlar bergan. Alloma “Tib qonunlari” asarida darddan forig‘ bo‘lishda dori-darmonlar bilan birga badantarbiya mashqlari, vaqtida ovqatlanish va dam olish muhim omil ekanligini ko‘rsatib o‘tgan. Kasallikning faol jarayonida dispanserda yotib davolanayotgan kishilar yo‘llanma bilan sihatgohimizga kelgach, zamonaviy tibbiyot asoslari va qo‘shimcha davolash muolajalarini qabul qiladi. Tog‘ yonbag‘rida joylashgan sihatgohimizda zarur mikroiqlim mavjud. Hududda 2 ming dan ziyod dov-daraxt mavjud. 5 ming tupdan ziyod atirgul va boshqa gullar atrofga o‘ziga xos chiroy baxsh etib turibdi. Demoqchimanki, kuz va bahor oylarida qo‘zg‘aydigan sil kasalligi bilan og‘riganlarga tabiiy iqlim sharoitida kislorodga boy havodan nafas olish imkoniyati bor. 200 o‘ringa mo‘ljallangan sihatgohimizda hozir 135 nafar bemor davolanmoqda. Ayni paytda ularning taomnomasini darmondorilarga boy ozuqalar va turli xil giyohlardan tayyorlangan damlamalar bilan boyitishga e’tibor qaratayapmiz. Fizioterapiya xonalarida 12 turdagi tibbiy uskuna bo‘lib, bemorlar navbati bilan ulardan foydalanadilar. Davolash mashqlari xonasi ham zarur sport jihozlari bilan taminlangan. Ayniqsa, shifobaxsh dorivor o‘simliklar, musaffo tabiat, ko‘ngilli dam bemorlarning tezroq sog‘ayib, oilasi bag‘riga qaytishida muhim omil bo‘layotir.
Shohista SULTONOVA,
dispanserning bolalar bo‘limi mudiri:
– Mamlakatimizda aholini sildan himoya qilishning eng maqbul va muhim chorasi bo‘lgan emlashga katta e’tibor berilayotir. Bu ishga ayniqsa, chaqaloq dunyoga kelgan dastlabki kunlaridanoq kirishilishi katta ahamiyat kasb etadi. 3-4 kunlik chaqaloq BSJ vaksinasi bilan emlanib, uning organizmida ushbu kasallikka qarshi o‘ziga xos immunitet hosil qilinadi.
Qayta emlash bola 7-15 yoshga kirganda amalga oshiriladi. Bundan tashqari kasallikni erta aniqlash uchun har yili 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tuberkulin sinamasi qo‘yiladi. Xastalikka chalingan yoki unga moyilligi bor bolalar laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilib, davolash muassasalariga yotqiziladi so‘ng sihatgohlarga yo‘llanadi. Bularning hammasi mamlakatimizda silning oldini olish, inson salomatligini muhofaza qilish borasidagi g‘amxo‘rlikning aniq va maqsadli namunasidir.
Sayfulla BEKTOSHEV,
dispanser qoshidagi DOTS markazi rahbari:
– Mazkur dolzarb muammo oldida bugun nafaqat mutaxassislar, balki aholi ham keng tushuncha va tibbiy savodxonlikka ega. Ayniqsa, DOTS dasturining hayotga tatbiq etilishi davolanayotgan bemorlarni har tomonlama qulay va sifatli tibbiy xizmat turidan foydalanishga undagan bo‘lsa, ikkinchidan, ularning o‘z sog‘liqlariga nisbatan mas’uliyatliroq bo‘lishga da’vat etdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu dasturning viloyatda tatbiq qilinishi shu yerdan boshlab boshqariladi. Jumladan, vrachlar va hamshiralarni o‘qitish, treninglar o‘tkazish o‘z vaqtida tashkillashtirilmoqda Kasallikni aniqlash, davolash jarayonlarining borishi, laboratoriyalar faoliyati kuzatib borilmoqda. Kuzatish, jamlash va boshqa yumushlar kompyuter orqali boshqariladi. Aytish kerakki, viloyatdagi mavjud shifoxona, tumanlardagi dispanserlar Belgiyaning “Damein fond” va Germaniyaning “KFW bank” tashkilotlari tomonidan bepul tibbiy asbob-anjomlar, laboratoriya jihozlari, dori-darmonlar bilan taminlangan. Vohaning eng olis burchagidagi QVP va boshqa tibbiyot muassasalaridan shifokorlar DOTS dasturi asosida o‘qitilgan. Dastur yo‘l-yo‘riqlari bilan qurollangan tibbiyot xodimlari kasallikni erta aniqlash va davolash ishlarining samaradorligi uchun o‘z ishlariga bilim va malaka bilan yondashmoqdalar.
Nigora XOLIQOVA, Viloyat bolalar sil kasalliklari sanatoriysi bosh shifokori:
– Nafas a’zolari, o‘pka sili va silning boshqa turi bilan og‘riganlarni tabiatning o‘zi davolaydi, degan hikmatli so‘z bejiz emas. Sanatoriyamizga viloyatimizning turli burchaklaridan bolalar kelib sog‘liqlarini tiklaydilar. Bu yerda bolalar avvalo qayta tekshiruvdan o‘tkaziladi. So‘ngra ular qo‘yilgan tashxis bo‘yicha davo muolajalarini oladilar. Shu bilan birga o‘quvchilar sihatgohimizdagi maktabda ta’lim-tarbiya oladilar. To‘garaklarda qatnashib, o‘zlari qiziqqan kasb-hunarlar bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Tabiat qo‘yniga sayohat esa tanaga kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Chunki, tabiat mo‘jizalaridan zavqlanib, xush taassurotlarga ega bo‘lish, bolalarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. Bu ham kasallikni bir qadar chekinishiga olib keladi. Sport maydonchalari, o‘yingoh, dam olish xonalari, klubda o‘tkaziladigan tadbirlar bolalarga ruhiy ozuq bag‘ishlab, malham bo‘luvchi dorilarning quvvatini, samarasini yanada oshiradi.
Jahon jamoatchiligini tashvishga solayotgan sil kasalligi dunyo tajribasi, tadqiqotlar natijalaridan ma’lumki, davosiz emas. Avvalo, insonning o‘zi sog‘ligiga e’tibor qilishi zarur. Tibbiyot fani erishgan yutuqlar esa xastalikni bartaraf etishga qodir. O‘zini, yaqinlari, atrofdagilarni o‘ylagan xasta kishi albatta, kasallikdan forig‘ bo‘lish uchun o‘zida kuch topa oladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, har yili yer yuzida 8-10 million kishi silga chalinadi. Ayni paytda dunyo bo‘yicha 1, 7 milliard kishi ana shu kasallikdan aziyat chekayotir. Har yili ulardan 3 million nafari, shu jumladan, 300 ming nafar bola hayotdan ko‘z yumadi.
Shohista BOZOROVA,
Qashqadaryo viloyati