Go‘zallik va shijoat bahsi
Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo chempionati, Jahon kubogi bosqichi va “Happy Caravan” xalqaro turniri yakunlandi.
8-15 may kunlari poytaxtimizdagi Badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabida O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi tomonidan Xalqaro gimnastika federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan go‘zallik va nafosat bayramida O‘zbekiston, AQSH, Belarus, Janubiy Koreya, Ispaniya, Isroil, Malayziya, Polsha, Rossiya, Xitoy, Estoniya, Yaponiya, Qozog‘iston, Armaniston kabi ko‘plab davlatlardan 100 dan ortiq gimnastikachi g‘oliblik uchun bahslashdi.
Uch kun davom etgan Osiyo chempionatida shaxsiy va guruhlar o‘rtasida ko‘pkurash va alohida gimnastika predmetlari yordamida mashq bajarish bo‘yicha bahslar o‘tkazildi. Gimnastikachi qizlarning xalqa, to‘p, bulava va tasma bilan mashq bajarishi, ijro mahorati, musiqa va ritmni his etishi, chaqqon va nafis harakatlari muxlislarga zavq bag‘ishladi. Musobaqada Yelizaveta Nazarenkova shaxsiy ko‘pkurash bahslarida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Sportchimizning alohida predmetlarda bajargan mashqlari ham hakamlar tomonidan yuqori baholandi. U bulavada mashq bajarishda kumush, to‘pda va halqada mashq bajarishda bronza medallarni qo‘lga kiritdi.
Xalqaro gimnastika federatsiyasi musobaqalar taqvimidan joy olgan Jahon kubogi bosqichi poytaxtimizda yettinchi marta o‘tkazilmoqda. Mazkur musobaqa jahon gimnastika osmonida yangi yulduzlarni kashf etish barobarida, tajribaga ega sportchilarning mahoratini oshirishda katta maktab vazifasini o‘tamoqda. Bu yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari oldidan ushbu musobaqa gimnastikachilar uchun muhim tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi.
Jahon kubogi bosqichi doirasida tashkil etiladigan an’anaviy “Happy Saravan” xalqaro turniri gimnastika olamiga endi kirib kelayotgan yosh nafosat malikalari uchun tom ma’noda katta sport bayramiga aylanadi.
Mazkur musobaqalarda gimnastikachilar yakkalik va guruh bahslarida ko‘pkurash va alohida gimnastika predmetlari yordamida mashq bajarish bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. Jahon kubogi bosqichining alohida gimnastika predmetlari yordamida mashq bajarish bo‘yicha shaxsiy bahslarda sportchilarimiz Anastasiya Serdyukova to‘p va tasmada mashq bajarishda ikkita bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Yelizaveta Nazarenkova bulavada mashq bajarish bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Happy Caravan” xalqaro turnirida ishtirok etgan yosh sportchilarimiz ham o‘z mahorat va iste’dodini munosib namoyish qildi. Shaxsiy bahslarda Nuriniso Usmonovaning arg‘amchi, halqa va to‘p bilan bajargan mashqlari uchta bronza medalga loyiq topildi. Yana bir gimnastikachimiz Milana Tyan bulavada mashq bajarishda bronza medal bilan taqdirlandi. Ushbu musobaqalarda ko‘plab yangi nomlar kashf etildi.
N. NORBOBOYEV