TIL BILGAN EL BILADI
Mamlakatimizda mustaqillikka erishilgandan so‘ng muhtaram Yurtboshimiz tomonidan asosiy e’tibor o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan baquvvat, ma’naviy yetuk qilib tarbiyalash ishlariga qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunini hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ni amalga oshirish doirasida chet tillarga o‘qitishning kompleks tizimi, ya’ni uyg‘un kamol topgan, o‘qimishli, zamonaviy fikrlovchi yosh avlodni shakllantirishga, respublikaning jahon jamiyatiga yanada integratsiyalashuviga yo‘naltirilgan tizim yaratildi.
Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabr kuni qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining joriy etilishi bu borada olib borilayotgan ishlarning uzviy davomi bo‘ldi.
Shu qaror ijrosini ta’minlash borasida joylarda turli xil tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda. Jumladan Sirdaryo viloyatida ham yaqinda “Xorijiy tilni eng yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini viloyat hokimi grantlari bilan taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari Sirdaryo viloyatining 78 nafar iqtidorli, xorijiy tillarni eng yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchilariga eng kam ish haqining 3 barobari miqdoridagi grantlar topshirildi.
Bu kabi tadbirlarni o‘tkazishdan maqsad iqtidorli yoshlarni har tomonlama qullab-quvvatlash bilan birga ularni moddiy tomonlama rag‘batlantirib borishdan ham iboratdir.
Gulsara ERNAFASOVA,
1-Respublika Tibbiyot kolleji o‘qituvchisi