Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchilari aniqlandi
Bugun ustoz-murabbiylarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar zamirida barkamol avlodni ertangi kunga munosib qilib tarbiyalashdek ezgu niyat mujassam.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi”, “Yilning eng yaxshi maktabi”, “Yilning eng yaxshi psixologi” kabi ko‘rik-tanlovlar o‘z bilim hamda tajribasi, iste’dod va mahoratini ishga solib, ma’rifat yo‘lida xizmat qilayotgan pedagoglar mehnatini e’tirof etishda muhim ahamiyatga ega.
Bunday tadbirlar orasida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovining alohida o‘rni bor. 2006 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan ushbu tadbirda qatnashish istagidagi ustoz va murabbiylar soni yildan-yilga oshib borayotgani diqqatga sazovordir.
Joriy yilgi ko‘rikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar bosqichida o‘n uch fan yo‘nalishi bo‘yicha 2, 5 ming nafardan ziyod o‘qituvchi ishtirok etgan bo‘lsa, shulardan 182 nafari respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. To‘rt kun davomida tanlov ishtirokchilari o‘z fanlari bo‘yicha bilim va mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 13 fan yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib hamda sovrindorlar aniqlandi. Ular “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni va vazirlikning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sh. XO‘JAQULOV