Tabiat farzandini kutmoqda

O‘tashboy ilgari hech e’tibor bermagan ekan, turtib chiqqan uchta xarsangning biri karkidonga, biri toshbaqaga, biri qurbaqaga o‘xsharkan. Ularga xayol ko‘zi bilan qarasangiz, bir-birlariga tumshuqlarini tekizguday qilib, nimalar haqidadir bahslashayotganga o‘xshardi…

O‘tashboy o‘sha tomonga burildi. Eshagini pastlikka endirdi, kechuvdan o‘tdi va yozda qo‘y qo‘tonlagan joyga chiqa boshladi. Shu payt dimog‘iga kuygan go‘shtning hidi urildi. Demak qo‘tonda birov bor, o‘t yoqayapti, – o‘yladi u. Qarasaki, jo‘rasi Eshbek, kakliklarni simga tizib, changalning cho‘g‘ida kabob qilayapti.

– Qaynonang yaxshi ko‘rar ekan jo‘ra, yo isi burningga bordimi?

O‘tashboyning uylanmagani uchun hamisha shunday hazillashardi. “Qaynona” so‘zini tilga olib, joniga tegishni yaxshi ko‘rardi.

Novchadan kelgan, baquvvat O‘tashboyga faqat jo‘rasi emas, allaqachon bo‘yi yetgan qizlar ham shunday deyishardi. U qizlar oldida uyalganday yerga qarar, suhbat mavzusini boshqa yoqqa burib, jo‘nab qolardi. Keyin shu ketgancha tog‘u toshlar orasiga singib ketar, haftalab uyiga kelmasdi. Mana bugun ham jo‘rasi…

Yo‘q, O‘tashboyning bu hazilga jahli chiqqani yo‘q. Kakliklar tuxum qo‘yib, bola ochayotgan shunday paytda uning qilib o‘tirgan ishiga qarang.

– O‘zing yeyaver, men tirik jonzotni o‘ldirib, uni olovda kuydirishga bir marta duch kelganman. Shundan keyin bu ishni qilmaslikka qasam ichganman.

– E, shu rasmiyatchiliging qolmadi-qolmadi-da! Bitta sen jon kuydirganing bilan tabiatni saqlab qola olarmiding. Undan ko‘ra kel, tog‘larda kaklik borida yeb qolaylik.

Jo‘rasining gaplari O‘tashboyning u qulog‘idan kirib, bu qulog‘idan chiqib ketdi. U qizarib turgan cho‘g‘larni oyog‘i bilan tepib, har yonga sochib yubordi, toshlardan qilingan qo‘rani buzib, jizg‘anak bo‘layotgan go‘sht bo‘laklarini uloqtirdi. Miltig‘ini esa toshga urdi, tosh ko‘chdi, ko‘chgan joyidan bir kaft tuz, gugurt, garmdori chiqdi. Uni ko‘rib, hayron bo‘lib qoldi.

– Ha, sendan ilgari ham bu yerga kelarkan-da, qorong‘uda topishganlaring… Ehtimol buni savob deb o‘ylasalar kerak. Axir shunday kimsasiz joyda odamga asqotadigan narsalar topilib tursa?

– Tentak bo‘lma, bilamiz sen tabiatni muhofaza qiladigan tashkilotdansan. Lekin jo‘ra, shu tabiat ham odamlar uchun-da!

Eshbek sochilgan go‘shtlarni to‘plab qaytadan tizib, gurillatib o‘t yoqib, cho‘g‘ qildi.

Yana o‘qing:  Sokin zamin osuda hayot kafolatidir

– Senga bitta nasihat, ko‘p otashin bo‘laverma, juvonmarg bo‘lib ketasan.

O‘tashboy o‘ylanib qoldi. Qanday qilib bularga o‘rgatsa bo‘ladi. Kattalar faqat majlis o‘tkazish bilan ovora, buyoqdagi gap-so‘zlardan xabari yo‘q.

“Eh, bu odamlar. Ko‘ra bila turib, suvga tupiradilar. Tilida boshqa narsa, dilida esa bosh_qa… O‘zichi, o‘ziyam ularga qarshi turolmadi-ku. Yuzi issiqlik qildi. Yo‘q deyolmadi. Endi bu mudhish voqea har kuni tushlariga kirib chiqadi…

…Unga ovchilik hujjatini topshirarkan, mutasaddi xodim “Siz bu miltiq bilan tabiatni otmaysiz, muhofaza qilasiz. Mahkam ushlang…”, degandi. Lekin o‘zining irodasiz ekanligini bilmagan ekan. Bir kuni uni idoraga chaqirishib, xo‘jayinning xotini kiyikning go‘shtiga boshqorong‘u bo‘lganini aytishganida, o‘zini himoya qilolmadi. Aytuvchi balo ekan, agar bosh qorong‘u ayol ko‘ngli tusaganini yemasa, bola nuqs bilan tug‘ilarmish, sizga xo‘jayinning bolasi afzalmi yo kiyikmi?

O‘tashboy kiyikni otayotgan paytda shu gapni eslab, ikki marta miltiq tepkisidan barmog‘ini tortib oldi, lekin uchinchisida… Hali, hali ko‘z oldidan ketmaydi, o‘sha ohu ko‘zlar, suvloqqa tashna lablar, hurkak nigohlar… Miltiqning ovozini eshitmadi, qulog‘i tom bitgan edi. O‘ljaning oldiga borolmadi… Oradan vaqt o‘tgach, uni laqillatishgani, ayolni bahona qilib, kiyikni o‘zlari tanovul qilishganini bildi.

Qilingan qabih ishning gunohi yer ostida ham tinch yotmas ekan. Gap qochib, tabiatga kilingan zug‘um aloqador tashkilotlarga yetib bordi. Rahbar ishdan olindi. To‘g‘ri-da, kiyiklarni ko‘paytirish uchun xo‘jaliklar tashkil etilib, ularni tabiat qo‘yniga erkin qo‘yib yuborilayotgan paytda bu qanday noma’qulchilik! Lekin O‘tashboyga rahm qilishdi, uni buyruqni bajarganini hisobga olib, hayfsan bilan ishida qoldirishdi…

– O‘rtoqchilik o‘z yo‘liga. Endi tabiatga keltirilgan zararni to‘laysan. Yana o‘ylama, faqat meni ko‘rdi, deb. Xudo ko‘rib turibdi. Bu sen kabi tabiatni pisand qilmovchilarga maktab bo‘ladi. Xafa bo‘lmaysan endi…

Eshbek jo‘rasi hazil qilib aytayotgan bo‘lsa kerak, deb yuziga qaradi. Yoshligida birga o‘sgani uchun jahli chiqqanini bilardi. Shuning uchun yon bosdi. Tavba qildi, ertaga borib, talabini bajarishga so‘z berdi.

– Bo‘ldi, jo‘ra sen yengding, lekin bir savol, odamlarga qo‘shilmaysan, uylanmaysan, butunlay o‘zgarib qolding. Nimaga?

– Kiyikni otganimdan keyin uzoq vaqt uxlay olmadim. Ko‘zimni yumsam bo‘ldi, oldimda kiyik. Bir kuni kattiq hayajondan o‘zimni yo‘qotgan ekanman, oldimda kiyik namoyon bo‘ldi, odamday gapirdi:

Yana o‘qing:  FAXRIYLAR E’ZOZDA

– Endi meni hayotga qaytarolmaysan, – dedi u. Agar qarg‘ishim urmasin desang, zurriyodlarimga rahm qil. Odamlarga, kiyiklarga yaxshilik qil…

– E, e! Endi bildim seni odamlar qor qalin yoqqanda kiyiklarga beda berishingni, qushlarga don sepishingni.

– Shunday jo‘ra! Kiyikning qarg‘ishidan qo‘rqaman…

Ko‘ngli joyiga tushgan Eshbek gapni hazilga burdi:

– Qachon uylanasan jo‘ra, o‘zim sovchi bo‘lardim…

– Qo‘rqaman jo‘ra, xotinim kiyikning go‘shtiga boshqorong‘i bo‘lsa qayerdan topib beraman!

–…

Ikki jo‘ra borliqqa qaradilar. Bahorning seryog‘in kelganidan hamma joy baxmalga o‘xshaydi. O‘tashboy shu go‘zallik odamlarning qalbiga ko‘chishni istardi. Ertaga uylansa, tug‘ilajak bolasining qalbiga shu hislarni solishini o‘ylab, uning yuziga qizillik yugirdi.

 

Pardaboy TOJIBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: