Umrning ulug‘vor manzili
Sovuq urushning boshlari… Stalingrad shahri… Zambaraklar o‘qi quloqni qomatga keltirgudek gursillar, har tomondan daydi o‘qlarning “g‘izillab” uchishi kishiga vahima solardi.
Hayitboy shiddat bilan dushman hamlasini mardonavor yorib o‘tarkan, bexosdan yelkasida qandaydir kuchli og‘riqni his etdi. Bir zumda chor-atrof ko‘z o‘ngida o‘z muvozanatini yo‘qotganday betartib bo‘lib ketdi…
Jang maydonida hushsiz qolgan mard o‘g‘lonning hujjatlari shtabga topshirilib, halok bo‘lganlar ro‘yxatiga kiritildi. Ammo Hayitboyning qismatida yigitlik burchini o‘tash hali nihoyasiga yetmagan edi. Tez orada safdoshlari uni shifoxonaga yetkazishdi. Sog‘lig‘ini tiklagan yosh askar Dnepr daryosi bo‘yida kechgan suronli janglarda ham ishtirok etdi…
Ko‘plab surxondaryolik jasur o‘g‘lonlar kabi Hayitboy Musayev ham navqiron yigitlik chog‘ida frontga safarbar etilgandi. Qo‘liga qurol olib, safdoshlari bilan jang maydonida tinchlik uchun jon olib, jon berdi. Jarohatning azobli og‘riqlari, uyqusiz vahimali tunlar, suronli to‘qnashuvlarga guvoh bo‘lgan edi, o‘shanda. Ne-ne alpkelbat safdoshlari jang maydonidan qaytmadi, deysiz?!
Bugun 93 yoshni qarshi olgan Hayitboy ota har safar urushning suronli kunlarini yodga olar ekan, ko‘nglida qandaydir og‘riqni his etadi. Ana shunda bobo yon-atrofida o‘ynab yurgan jajji chevaralari-yu, evaralarining shodon kulgusiga razm solib, ko‘ksidagi og‘ir yukdan xalos bo‘ladi. Yillar davomidagi ko‘ngil iqrorini yana takrorlaydi: “Umringiz zoye ketmadi. Bugungi dorulomon kunlarda sizning mislsiz xizmatingiz bor, safdoshlarim!”.
Urushdan jarohat bilan qaytgan Hayitboy ota bir zum ham bo‘sh qolmadi. Mehnat va tinimsiz harakat bilan ko‘nglidagi og‘riqlarni o‘zidan aritdi. Qarshi pedagogika institutini tamomlagach, qishlog‘idagi 9-, 21-umumta’lim maktablarida o‘qituvchi, ilmiy mudir, so‘ng direktor lavozimida ishladi. Nafaqaga chiqqanidan so‘ng ham 11 yildan ortiq vaqt “Munchoqtepa” mahallasida oqsoqollik qildi. Mahalla, qishloq obodligiga o‘z hissasini qo‘shdi. Ostonasiga ko‘mak istab kelgan el-ulus, uzoq-yaqin kishilardan yordamini sira ayamadi. Fidoyi, zahmatkash va qalbiyu chehrasida quyosh tafti aks etgan otaxon yetti farzandning barchasini o‘qimishli, kasbi-korli qilib, voyaga yetkazdi. 30 nafar nevara-yu, 48 nafar chevaralarining mehribon bobosiga aylandi. Hozirda Hayitboy ota nafaqat munchoqtepaliklarning, balki Surxon elining kayvoni otaxonlaridan biriga aylangan, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. U kishining ishtirokisiz qishloq ahlining hech bir to‘yu ma’rakasi o‘tmaydi. Xayrli ishlariga o‘zi bosh-qosh bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, xalq g‘ami bilan yashaydi. Kimdir neki yumush boshlasa, avval otaxondan maslahat olib, u kishining duolari bilan ish boshlaydi.
Hayitboy otaga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtiromdan unga havas qilishimizni aytsak, boshini quyi solib, biroz jim bo‘ldi-da, “Siz nurli va kelajagi porloq Vatanning baxtiyor damlarida kamol topayapsiz. Bundan boshqa yana havas qilgulik baxtli onlar bo‘lmasa kerak”, deya asta javob berdi.
Darhaqiqat, tinchlik, erk va baxtiyorlik nasimi esib turgan ozod yurtda ulug‘ maqsadlarni ko‘zlab yashashdan ortiq baxt yo‘q. Zero, ne-ne boboyu buvilarimiz yurt farovonligi yo‘lida bebaho umrini fido etgan. Shukurki, hozirda ulg‘ayib kelayotgan yoshlarimiz qo‘llariga kitob tutib, yuksak marralarni ko‘zlayapti. Tinchlikning qadr-qimmatini chuqur anglagan Hayitboy ota Musayevga o‘xshagan bobolarimiz esa yoshlarga osoyishtalik va xotirjamlikning bebaho qiymati haqida so‘zlashdan sira charchamaydi.
Ma’rifat TOLIPOVA,
Surxondaryo viloyati