HALOLLIK – MUNOSIB E’TIROF
Dunyoda sportning turlari juda ko‘p. Ular ichida futbol shubhasiz eng ommalashgan sport turi sifatida e’tirof etiladi. Bu bejiz emas albatta. So‘nggi yillar ichida futbolning nufuzi shu darajada oshib ketdiki, bu shubhasiz uning “millionlar o‘yini”dan “milliardlar o‘yini”ga aylanishiga olib keldi.
Mamlakatimizda ham futbol eng ommalashgan sport turi sifatida yildan yilga rivojlanib bormoqda. Yurtimizda futbolni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning samarasini bugun barchamiz guvohi bo‘lmoqdamiz. Ayniqsa 2012 yil mamlakatimiz futboli uchun nihoyatda omadli yil bo‘ldi. O‘zbek futbolining 100 yilligi tantanali tarzda nishonlangan ushbu yilda futbolimizda asrga tatigulik voqealar sodir bo‘ldi. Barcha zamonaviy talablarga javob beradigan “Bunyodkor” stadionining ochilishi, o‘smirlar terma jamoamizning Osiyo chempionligini qo‘lga kiritib, jahon chempionati yo‘llanmasiga ega bo‘lganlari, yoshlar terma jamoasi ham jahon chempionatiga borish huquqini beruvchi yo‘llanmani qo‘lga kiritganlariyu, milliy terma jamoamizning yil yakunlaridagi omadli o‘yinlari bularning barcha barchasidan ko‘nglimizda bir olam quvonch bilan yangi yilni kutib olishga tayyorgarlik ko‘rib turgan bir paytimizda Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan “Fair play” ya’ni “Halol o‘yin” nominatsiyasining O‘zbekiston futbol federatsiyasiga topshirilishi quvonchimizga yanada quvonch qo‘shdi.
2013 yilning 7 yanvar. Shveysariyaning Syurix shahri. FIFA bosh qarorgohida 2012 yil yakunlariga bag‘ishlangan tantanali marosimda 2012 yilning eng yaxshilari e’lon qilindi. Quvonarlisi, O‘zbekiston nomi ham ushbu nufuzli marosimda baralla yangradi. FIFAning “Fair play” ya’ni “Halol o‘yin” sovrini ham O‘zbekiston futbol federatsiyasiga topshirildi. Xalqimiz qadimdan xalollikni nixoyatda ulug‘lab kelgan. Bugungi kunda dunyo miqyosida ommalashayotgan Milliy kurashimizda ham halol bahosi eng yuqori baho ekanligi buning yana bir isboti. Ushbu mukofot futbolchilarimizga qo‘shimcha mas’uliyat yuklashi turgan gap. Shunday ekan milliy terma jamoamiz ham Braziliya yashil maydonlarida o‘tkaziladigan jahon chempionatiga chiqish masalasini ijobiy hal etib, bunday e’tirof bejiz emasligini isbotlashiga ishonamiz.
Bundan tashqari shu kuni dunyo futbolidagi eng nufuzli mukofotlar ham o‘z egalarini topdi.
Ispaniya terma jamoasi bilan jahon va ikki karra Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan Visente del Boske “Eng yaxshi murabbiy” sifatida tan olindi.
2012 yil XXX yozgi Olimpiada o‘yinlarining ayollar futboli bo‘yicha chempioni AQSH terma jamoasi azosi Ebbi Uombax “Eng kuchli futbolchi ayol” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.
Asosiy sovrin hisoblangan “FIFA Ballon d'Or” ya’ni “Oltin to‘p” mukofoti esa bu safar ham Argentina terma jamoasi va “Barselona” klubi hujumchisi Lionel Messiga nasib qildi. Shu tariqa Messi ketma-ket to‘rt marotaba ushbu mukofotni qo‘lga kiritgan yagona futbolchiga aylandi.
Farhod TOLIPOV