BOLAJON UCHUN STOL TANLAYMIZ
Bolaning tasavvur dunyosi juda boy. Shubha qilyapsizmi?! Unda farzandingizga chizish uchun qog‘oz va qalam berib ko‘ring. Ko‘z oldingizda u yaratgan kichik “san’at asari” namoyon bo‘ladi.
Agar tushunishga qiynalsangiz undan rasmni tasvirlab berishini so‘rang. Uni tinglab, kichik musavvirning ixtirosidan hayratda qolishingiz tayin!
Bolajon ulg‘ayib borgani sari, u uchun kerak bo‘ladigan zaruriy vositalar soni ham ortib boraveradi. Hozirda yosh “daho”ning erkin ijod qilishi uchun turfa rangdagi, uzunligini kichkintoy bo‘yiga moslab to‘g‘irlash mumkin bo‘lgan stol va stul turlari mavjud. Mazkur mebel turi faqatgina kichkintoy xonasiga ko‘rk bag‘ishlab turishi uchun mo‘ljallanmagan. Uning afzalliklari bisyor. Masalan, stol ustiga qalamlar, plastilin, kitoblar yoki boshqa buyumlarini yig‘ib qo‘ysa bo‘ladi. Shu bilan birgalikda bola u yerda rasmlar chizishi, bo‘yashi, kitoblar o‘qishi, yig‘iladigan o‘yinchoqlarning turli ko‘rinishdagilarini yasashi mumkin. Agar farzandingiz maktabgacha tayyorlov guruhlarida o‘qisa, u darslarini bemalol stolda tayyorlasa ham bo‘ladi. Keyinchalik maktabga borganida partada o‘tirish ko‘nikmalari bolada ancha rivojlana boradi. Stol ustiga bolakay o‘z ishlarining natijalari (maqtov yorliqlari)ni, oilaviy tushilgan fotosuratni yoki o‘yinlar kolleksiyasini qo‘ysa ham bo‘ladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, stol tanlashda uning rangi ham juda muhim ahamiyatga ega. Xo‘sh, uning qaysi turdagi ranglari qanday ta’sir kuchiga ega va kimlarga tavsiya etiladi?
QIZIL RANG. Mazkur rangni jo‘shqinlik, iliqlik, serharakatlilik timsoli sifatida baholashadi. Bu rangli stolni odatda, faol, ochiq yuzli, bilimdon bolajonlar xush ko‘radi. Bu kabi bolalar vazminroq ko‘rinsada, ich-ichidan ular juda energiyaga boy bo‘lishadi. Bu rang bolajonga kuch, tetiklik, qarorlar qabul qilishda dadillik, bilim egallashga bo‘lgan peshqadamlikni oshiruvchi vosita sanaladi.
SABZIRANG. Bu faol, ruhiy quvvat bag‘ishlovchi rang hisoblanadi. Insonning e’tiborini o‘ziga tortadi, ishtahani yaxshilaydi. Kirishimli, faol, quvnoq bolajonlarga mazkur rang tavsiya etiladi.
Sariq. U o‘zidan nur taratuvchi xususiyatga ega. Miya faoliyatini faollashtiradi. Zehni o‘tkir insonlar aynan shu rangni xush ko‘rishadi. Ular o‘z quvnoqliklari bilan doimo insonlarning diqqat markazida bo‘lishadi. Mazkur rangli stollardan tabiatan quvnoq bolajonlar foydalansa bo‘ladi.
Yashil. Ushbu rang asab tizimini tinchlantiradi. Bu rangni sevuvchilar janjalni xush ko‘rishmaydi va hayotni sevadigan fe’l-atvorga ega insonlar turiga kirishadi. Agar yashil rang bolajon ko‘zini charchatishidan xavotirlansangiz xonaga turli rangdagi gullarni qo‘yishingiz mumkin.
Ko‘k. Bu rang tinchlantiruvchi, insonni fikrlashga undovchi, o‘zini dadil tutishga ko‘maklashuvchi xususiyatga ega. Ko‘k rangni xush ko‘ruvchi bolalar bosiq, aqlli, o‘ziga nisbatan sovuqqon va o‘ta sezgir bo‘lishadi.
BINAFSHARANG. Mazkur rang mo‘jizakor va serhasham ranglar turiga kiradi. Idrokli va go‘zallikni sevuvchi xususiyatga ega inson bo‘lib shakllanishida mazkur rang yetakchi sanaladi.
PUSHTI RANG. Bu rangni ezgulik va baxt rangi deb ham ta’kidlashadi. U tabiatan bosiq, bag‘rikeng insonlarga xush yoqadi. Odatda ko‘pchilik qizaloqlar aynan shu rangni tanlashadi.
Psixolog Sevara MATQURBONOVA tavsiyalari asosida Xurshida HUSENOVA tayyorladi.