SEHRLI IPLAR qo‘g‘irchoqlarga jon bag‘ishlaydi
Qo‘g‘irchoq va o‘yinchoqlar farzandlarimizning sevimli ovunchog‘i hisoblanadi. Atrofiga qadrdon o‘yinchoqlarini yig‘ib olib turli obrazlarga kirishib, suhbat qurib ularni harakatlantirib o‘ynayotgan bolamizni ko‘rib ko‘nglimiz yorishib ketadi. Bunday vaziyatda ota-onalar farzandlarining o‘z qahramonlariga nisbatan e’tiboridan, mehribonchiligidan xursand bo‘lishadi. Ayniqsa, endigina tili chiqib o‘z tillarida goh o‘zi, goh qo‘g‘irchog‘i tomondan turib gapirishi bizga quvonch bag‘ishlaydi. Mana shunday pallalarda farzandimizdagi beg‘ubor holatlarni yanada oshirish uchun qo‘g‘irchoq teatriga yetaklaymiz.
Spektakl namoyishi davrida ularni kuzatganimizda esa hayratimiz yanada ortadi. Chunki, bola o‘ynab zavqlanadigan sevimli qahramonlarining harakati, gapirishi uni mahliyo qilib qo‘yadi.
Chindan ham, biz xayol qilgan tasavvur olamimiz endilikda bir kasb mahsuliga aylangan. Aytish joizki, qo‘g‘irchoq teatri qadimiy san’at turlariga kiradi. Ushbu san’at orqali qo‘g‘irchoqbozlar ma’lum bir davr muammolarini yoritishga va shu orqali insonlar hayotiga oz bo‘lsada yengillik olib kirishga urinishgan. Hozirda ushbu san’at turining bir nechta janrlari bo‘lib, qo‘g‘irchoq teatrlarida bir-biridan qiziqarli spektakllarni bolajonlarga taqdim etib kelmoqda. Mana shunday ommabop qo‘g‘irchoq san’at turlaridan biri marionetka (ipli qo‘g‘irchoq teatr janri) teatri hisoblanadi. Uning farqi shundaki, qo‘g‘irchoqning qo‘li, oyog‘i, boshi, gavdasi ip bilan mahkamlanadi. Hammasi X ko‘rinishadigi tayoqchalarga biriktiriladi. Qo‘g‘irchoqbozlar uni “vaga” deb nomlashadi. Bu esa qo‘g‘irchoqni odamdek harakatlanishiga yordam beradi. Bu sahna ko‘rinishining boshqa qo‘g‘irchoq janrlaridan farqi shuki, qo‘g‘irchoqboz qo‘g‘irchoqning hissiyotini ko‘rsatib bera oladi. Uning mashaqqati va qadri ham shunda. Mazkur san’at turi XVI asrda shakllangan bo‘lib, ayrim manbalarda Italiyada kashf etilgan deyiladi. Marionetka italyancha tildan olingan bo‘lib, tarixiy kitoblarda keltirishicha, bu so‘z italyan ixtirochisi Marioni nomi bilan bog‘liq ekan.
Hozirda ushbu san’at turi butun dunyo bo‘ylab ommalashgan. Janr jihatdan ham kengaygan. O‘rta Osiyoda yagona hisoblanmish Toshkent Marionetka teatri “Theatre – Studio Silk Route Marionettes” ham o‘zining rang-barang va qiziqarli repertuarlari bilan tomoshabinlarni xushnud etmoqda.
– Teatr tashkil etilgandan so‘ng yosh, tajribali mutaxassislar tanlab olinib ikki yil davomida ushbu san’at turi bo‘yicha o‘qitildi, – deydi teatr badiiy rahbari Farhod Mirzayev. – Ustozlar yordamida bu san’atning nozik qirralarini o‘rganishga muvaffaq bo‘ldik. Ilk tomoshamiz “Olovuddin va sehrli chiroq” nomli spektakl 2014 yil 27 mart kuni namoyish etilgan. Hozirgacha bir necha spektakllarni bolajonlarga ham o‘zbek, ham rus tilida taqdim etib kelmoqdamiz. Niyatimiz aziz farzandlarimizni shu san’at turi orqali ezgulikka yetaklash. Kelgusida teatrning yanada gullab-yashnashida jamoamiz bilan birgalikda ko‘pgina ishlarni amalga oshirishni rejalashtirib qo‘yganmiz.
Ta’kidlash joizki, qo‘g‘irchoqbozlar mahorat va iste’dod bilan qo‘g‘irchoqlarni boshqarishadi. Ikki metr balandlikdan qo‘g‘irchoqlarni boshqarish, ustiga-ustak ularni faqat bosh qismidan ko‘rib harakatlantirish aktyordan ulkan tajriba va mahoratni talab qiladi.
Teatr jamoasining aktyorlari nihoyatda tajribali hamda iqtidorli bo‘lib, ularning aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Ular nafaqat sahnada qo‘g‘irchoqlarni boshqarishadi, balki sahna dekoratsiyasini tayyorlashishadi, spektakl uchun ovoz yozishadi. Hatto, qo‘g‘irchoq yasashadi va unga liboslar tanlab, tikishadi.
Ta’kidlash joiz, teatr jamoasi tomonidan tayyorlanayotgan bir-biridan qiziq va rang-barang spektakllar yil sayin mazmunan boyib bormoqda. Ishonamizki, kelgusida mazkur san’at turi butun respublikamiz bo‘ylab ommalashib tomoshabinlarining soni yanada ortib boradi.
Mayna HASANOVA