UYINGIZDA GO‘DAK TUG‘ILDI (davomi)
Ota-onaning shirin tashvishlari
Farzandingiz besh oylik bo‘lganida harakat ko‘nikmalari yana rivojlanib boradi. U endi faqat boshinigina emas hatto, kaftiga tayanib, gavdasini ham ko‘tarib tura oladi. Chalqancha yotqizib qo‘ysangiz, qiynalmasdan qorniga yotib oladi. Gavdasidan to‘g‘ri ushlab yordam berilsa, ishonch bilan tikka turadi. Oyoqlari bilan qadam tashlashga harakat qiladi. Bu oyda bola ota-onasini va yaqin kishilarini taniydi. Nutqning baland-pastligini aniq farq qilib, shunga yarasha kuladi yoki yig‘lab yuboradi. Go‘dakninig jismoniy imkoniyatlari hisobga olinib, endi o‘yinchoqlarni uning qo‘li yetadigan masofaga tashlab qo‘yiladi. Besh oylik bo‘lgan bolaning vazniga 600-700gr bo‘yiga esa 2, 5 sm. qo‘shiladi.
Bola oltinchi oyga qadam qo‘yganida o‘yinchoqlarni bemalol qo‘liga oladi va ularni uzoq ushlab yotadi. Bir joydan ikkinchi joyga surilib bora oladi. Emaklash malakasi ikki jihatdan muhim: birinchidan bu umumiy harakat faolligini rag‘batlantiradi. Orqaning uzun mushaklari rivojlanishiga yordam beradi. Bu esa o‘pkada havo almashishini yaxshilaydi. Kelgusida go‘dakning qaddi-qomati noto‘g‘ri rivojlanishining oldini oladi. A’zo va to‘qimalarning qon bilan ta’minlanishini oshiradi. Ikkinchidan go‘dakning bilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu esa bolaning asab-ruhiy rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratadi. Shuningdek, bu davrda bola bo‘g‘inga o‘xshash tovushlar chiqaradi. Onaning qo‘lida bemalol o‘tira oladi. Lekin, uning umurtqa pog‘onasi va orqa mushaklari zarur me’yorda mustahkamlanmaguncha bolani o‘tirishga majburlash kerak emas.
6 oyda bolaning ruhiy holati sezilarli darajada rivojlanadi. U tevarak-atrofdagi voqealarga qiziqib qaraydigan bo‘ladi. Qorni to‘q bo‘lsa-da, unga hech kim e’tibor bermasa yoki xonada bir o‘zi qolsa, yig‘laydigan odat chiqaradi. Bunday paytda sog‘lom bola uyg‘oq bo‘lganida bir necha muddat yolg‘iz qolishga o‘rgatilishi kerak. Bu uni tevarak-atrofdagi buyumlarni o‘zi mustaqil ravishda bilishga o‘rgatadi. Bu davrda bola qoshiqdan bemalol ovqat yeya oladi. Taomni ko‘rishi bilan og‘zini ochadi va lablari bilan qimtib oladi.
Bola hayotining ettinchi oyida aniq va maqsadli harakatlar ko‘payib boradi. Kichkintoy shiqildoq bilan tevarak-atrofidagi narsalarni ura boshlaydi. Ilgari u o‘yinchoqlarini tez-tez qo‘lidan tushirib yuborgan bo‘lsa, endi ularni ko‘pincha uloqtirib o‘ynaydi. Kun sayin bola chaqqonroq, epchilroq bo‘lib boradi. Unga qancha ko‘p erkin harakat qilishga imkon berilsa, u o‘z gavdasini shu qadar ishonch bilan boshqarishga intiladi. Bola endi bemalol emaklaydi. Ikki qo‘lidan ushlasangiz, tik tura oladi. Bu yoshdagi kichkintoylar uchun qo‘g‘irchoqchalar, qutichalar, rezina va plastmassadan yasalgan o‘yinchoqlar, plastmassa qoshiqchalar va boshqa shunga o‘xshash buyumlar eng yaxshi ovunchoq hisoblanadi. Bu davrda bolaning psixikasi tez rivojlanadi. Agar katta yoshli kishi xonada turgan buyumlarning nomini aytsa, u ko‘zlari bilan o‘shani qidiradi va topadi. Kichkintoy endi nuqul bir xil bo‘g‘inlar va ohanglardan iborat tovushlar chiqarib, uzoq vaqt o‘zicha g‘udurlab yotadi. Yettinchi oy – bolaning ota-onasiga birinchi marta to‘polon va xarxasha qiladigan davridir. Bu harakatlar uning o‘z istagi bajarilishi uchun qat’iy intilishidan iborat bo‘ladi. Bola o‘zini ko‘tarishlarini talab qilib yig‘laydi, xonada bir o‘zi qolishni istamaydi.
Sakkiz oylik bo‘lganida ko‘pchilik bolalarning tishi chiqishi bois, bezovtalanib, injiq bo‘lib qoladi. O‘zini boshqacha his qilishi va xatti-harakatlari ham o‘zgarishi mumkin. U turli buyumlar va barmoqlarini og‘ziga olib boraveradi. Buni kichkintoy o‘sha narsalar nima ekanligini bilish uchungina qilmay, tishi chiqayotganligi sababli milklarini go‘yo qashigandek bo‘ladi. Ko‘pchilik ota-onalar bunday paytda maxsus rezina halqalarini bolaga o‘yinchoq qilib beradilar. Bu o‘yinchoqlar har kuni qaynoq suvda qaynatiladi va toza idishlarda saqlanadi.
To‘qqizinchi oyda bola odatda biror narsaga suyanib bemalol tik tura oladi. Qo‘lidan ushlasangiz, “atak-chechak” qilib yura oladi. Ba’zi bir narsalar (yostiq, kitob, chamadon va boshqalar)ning ustiga chiqib ketadi. O‘yinchoqlarni o‘tirib o‘ynashni yoqtiradi. Bu unga o‘z gavdasini turli tomonlarga burish, qo‘li bilan o‘yinchoqlarni erkin holda surish imkonini beradi.
Bola endi predmetlarning rangi va shaklinigina ajratib qolmay, ularning katta-kichikligini ham farqlay oladigan bo‘ladi. Bu oyda bola o‘z ismini bilib oladi. Chaqirgan kishiga o‘girilib qaraydi. Endi u so‘zlarning faqat ohangini ilg‘ab qolmay, balki o‘sha so‘zlarning (berma, tashla, kel, ko‘taraman va boshqa shunga o‘xshagan so‘zlarning) ma’nosini ham tushuna boshlaydi.
O‘ninchi oyda bolaning tanasi o‘rta hisobda 500 grammga ortadi. Bo‘yi esa taxminan 2 sm. o‘sadi. Shunday qilib, bu ko‘rstakichlarning o‘sish sur’ati bir qadar pasayadi. Lekin kichkintoyning jismoniy ko‘nikmalari va ruhiyati tez rivojlanayotgani kuzatiladi. U endi oddiy nutqni tushunadi. Boshqa bolalar bilan uchrashib qolganida ular bilan muloqotga kirishmoqchi bo‘ladi. Yangi narsalarni ushlab ko‘rishni va barmoqlari bilan ularni ko‘rsatishni yaxshi ko‘radi. Kattalarning o‘zini erkalab, o‘ynatishlarini yoqtiradi.
O‘n birinchi oyga kelib, ularning gavda og‘irligi tug‘ilgan vaqtdagiga qaraganda uch hissa ortadi. Bu davrda bola uzoq vaqt mustaqil ravishda tik turishga va hatto, “atak-chechak” qilib yurishga urinadi. Ba’zan bu yoshdagi kichkintoylar, o‘zining aravachasi va stulchasini oldiga itarib, shu narsalarga tayangan holda sekin-asta yura boshlaydi. Barmoqlar harakati ham bu davrga kelib, sezilarli darajada ortadi. Go‘dak endi nisbatan murakkabroq harakatlarni bajara boshlaydi. O‘yinchoq piramidadan halqalarni chiqarib oladi va yana uni joyiga qo‘yadi. Qutichalarni ochib-yopishni yaxshi ko‘radi. Bola hayotining o‘n ikkinchi oyi, uning bir yoshga to‘lishini yakunlovchi eng qiyin va mas’uliyatli oy hisoblanadi. Bu davrda gavdaga qo‘shiladigan vazn miqdori kamayadi. Butun o‘n ikki oy mobaynida go‘dakning bo‘yi faqat bir santimetrga o‘sadi. Uning vazni esa 350 grammga ortadi. Bir yoshli bola endi mustaqil turadi va yura oladi. Farzandingiz zinalardan emaklab chiqadi yoki uncha baland bo‘lmagan stulchasiga tirmashadi. Bola ikki bo‘g‘inli so‘zlarni faol o‘zlashtira boshlaydi. So‘zlarni aytayotganida, u imo-ishoralar qiladi.
O‘n ikkinchi oy bolaning hayotida bir yoshga to‘lish tantanasi – birinchi bayram oila davrasida quvonch bilan nishonlanadi.
Feruza NAZAROVA,
tibbiyot fanlari nomzodi,
vrach-neonatolog