UMIDLARNI UNDIRGAN USTOZ
Biz kattalar odatda, beg‘ubor bolalik damlarini, uning sho‘x, serzavq yillarini o‘zgacha hayajon bilan yodga olamiz.
Ayni o‘sha chog‘lardagi qiziqarli, quvnoq hazillar bilan birga, bizga ta’lim bergan, ilm dengizining bebaho duru javohirlarini terishda ko‘maklashgan ustoz-murabbiylarimiz bilan bog‘liq voqealarni xotirlaymiz.
Shu o‘rinda xalq ta’limi tizimida uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan, ko‘plab yoshlarga ona tili va adabiyot fanidan saboq bergan inson haqida so‘z yuritsam.
O‘zining betakror, go‘zal tabiati bilan tanilgan so‘lim Baxmal tumanida Doniyor Qalandarovni tanimaydigan pedagog bo‘lmasa kerak. Bu ustozni nafaqat mahoratli o‘qituvchi, izlanuvchan tilshunos, balki talabchan tarbiyachi, fidoyi inson, desam mubolag‘a bo‘lmas. U kishining shogirdlari tuman, viloyat, respublika miqyosidagi fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni egallab, mamlakatimizdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishgan va olishmoqda.
Ustozning insoniy fazilatlariga to‘xtaladigan bo‘lsam, u kishining mehri qattiqqo‘lligi bilan, qahri esa oqko‘ngilliligi bilan qorishib ketgan. Doniyor akaning dars berish uslubini hududdagi ko‘plab ona tili va adabiyot o‘qituvchilari kuzatib, andoza olib, o‘z amaliyotlarida qo‘llab kelishmoqda.
Bu inson, avvalo, shirin muomalasi bilan o‘quvchilarni o‘ziga mahliyo qila oladi. O‘quvchi shaxsiga nisbatan hurmat va alohida e’tibor bilan munosabatda bo‘lishi maqtovga loyiq jihati, deb hisoblayman. Ona tili darslarida har bir o‘tilayotgan yangi mavzu yoki lisoniy hodisa mohiyatini sodda, jonli til bilan, hayotiy misollarga bog‘lab tushuntirib beradilarki, bunda olingan bilim misoli “toshga o‘yilgan naqsh kabidir”… Adabiyot darslari go‘yo she’riyat bahsiga, mushoira kechasiga aylanardi. Biror badiiy asar syujeti bayonida biz o‘quvchilar voqealar rivojini tinglash jarayonida tanaffus chalinguncha bo‘lgan muddatning qanday o‘tganini sezmay qolardik. Tanaffusga chiqmasdan ustozning so‘zlarini, hikoyalarini jon qulog‘imiz bilan tinglardik.
Doimo o‘z ustida ishlab, izlangan ustoz har bir darsni muqaddas bilib, unga noan’anaviy uslubda yondoshishga, qo‘shimcha adabiyotlardan, ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda o‘tishga harakat qiladi. Albatta, bu sa’y-harakatlarning natijasi besamar ketmasdi. Ustozning darslari boshlanishini sabrsizlik bilan kutardik. Badiiy asarlardan parchalar sahnalashtirib, she’rlarni yoddan ifodali o‘qib muallimimizdan maqtov so‘zlari eshitishga tirishardik.
Hayotni charxpalakka qiyos etsak, uning chelaklarini o‘sib kelayotgan yosh avlodga, daryoni esa ustoz-murabbiyga mengzash mumkin. Charxpalakni harakatga keltirish uchun daryo o‘z suvini ayamasligi lozim bo‘lgani kabi ustoz ham bor bilimini ilm toliblaridan darig‘ tutmaydi. Chelak suvi tarnovdan oqib, ekinzor maydonni obod qilganidek, ilmli, barkamol yoshlar mamlakat rivojiga hissa qo‘shib, xalq farovonligini ta’min etadilar.
Har qanday ustoz mehnatini va mavqeini shogirdlarining yuksak e’tirofi hamda ular qo‘lga kiritgan natijalar belgilaydi. Biz yosh pedagoglar ham Doniyor Qalandarov kabi tajribali ustozlar yo‘lidan borib, ibrat olib, yurt ravnaqi uchun munosib ulush qo‘shadigan kelajak avlod ta’lim-tarbiyasi borasida mardonavor mehnat qilishga harakat qilmog‘imiz lozim.
Go‘zal MURODOVA,
Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi ixtisoslashtirilgan 78-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi