MARG‘ILON – DUNYo SAYYOHLARI NIGOHIDA
Darhaqiqat, milliy hunarmandchiligimizning nodir namunalari dunyo sayyohlarini o‘ziga maftun etadi, ular hunar sohiblarining mo‘jizakor qo‘llari, san’atkorona mahorati oldida hamisha qoyil qoladilar.
Oddiy bo‘zga ishlangan kamalak jilosi, iroqi do‘ppilardagi naqshu nigorlar, shohi so‘zanalarning turfa rang gullari, qo‘yingki, qo‘l hunarmandchiligining barcha namunalari ulkan taassurot manbaidir.
Farg‘ona viloyatida turizm sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan 2016–2017 yillarga mo‘ljallangan tadbirlar dasturi sayyohlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytiradi. Viloyatda ayni paytda 170 ga yaqin ziyoratgoh mavjud bo‘lib, mazkur qadamjolar keyingi yillarda yanada obodonlashtirildi, ma’naviyat va madaniyat maskanlariga aylantirildi.
Dastur rejasiga binoan Marg‘ilon shahrida “Marg‘ilon tarixi” muzeyi negizida hunarmandchilikning shakllanishiga oid bo‘lim ochish, Saidahmad Eshon Xo‘ja majmuasida Milliy hunarmandchilik markazi faoliyatini takomillashtirish, uy-muzey, mehmonxona, yodgorlik buyumlaridan iborat savdo do‘konlarini tashkil etish ishlari boshlab yuborildi.
– Bugungi kunda muzeyimizda 6 mingdan ziyod eksponat saqlanadi, – deydi “Marg‘ilon tarixi” muzeyi direktori G‘anijon Alijonov. – Shaharning 2000 yillik yoshini ko‘rsatib turuvchi loydan yasalgan uy-ro‘zg‘or buyumlari, mis taqinchoqlar, tangalar uzoq asrlik tarixiy haqiqatlardan guvohlik beradi. Muzey zalida XVIII asrga doir hunarmandchilik bo‘limi alohida e’tiborga sazovor. Zargarlik, beshiksozlik, etikdo‘zlik, misgarlik, chitgarlik hunariga oid tarixiy fotosuratlar, abrband Turg‘unboy Mirzaahmedov qayta tiklagan 100 yillik adras matosi nusxalari namunalari haqida qiziqarli ma’lumotlar mavjud. Endilikda bo‘limda sayohatchilarga hunarmandchilik tarixidan batafsil ma’lumot berish maqsadida adras va atlas to‘qish dastgohini amaliy tarzda ishlatishni yo‘lga qo‘ydik.
O‘tgan yili Marg‘ilonda “Atlas bayrami” xalqaro festivali o‘tkazilgan edi. Bu tadbir tom ma’noda Marg‘ilon atlaslarini dunyoga tanitdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Dastur rejasiga ko‘ra bu yil ham ikkinchi bor ana shu festivalni o‘tkazish ko‘zda tutilyapti. Bayramda to‘qimachilik va kulolchilik bo‘yicha YUNYeSKO sertifikati uchun “Sifat belgisi” tanlovida qatnashgan o‘zbek hunarmandlari mahsulotlari kolleksiyasi, o‘zbek milliy matolaridan tayyorlangan modalar namoyishi, viloyatlardan tashrif buyurgan hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazmalari tashkil etiladi. Shu kunlarda Milliy hunarmandchilik markazida yosh hunarmand va dizaynerlarga zamonaviy bezaklarni qo‘llagan holda mahsulot yaratish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilyapti.
– Milliy arxitektura ansambli va zamonaviy andozalarni o‘zida mujassam etgan uy-muzey va mehmonxona barpo etish orzuim edi, – deydi ipakli matolar ustasi Rasuljon Mirzaahmedov. – Buning uchun hunarmandchilik tarixini puxta o‘rganish, qolaversa, xalqimizning tafakkuri, iste’dodi, o‘ziga xos fazilatlarini ifoda etadigan nomoddiy meros namunalari bilan sayyohlarni tanishtirish imkoniyatini ham yaratish zarur edi. Uzoq yillik izlanishlar natijasida “Ipak yo‘li” ko‘chasida “Mehmondo‘st hunarmand” mehmonxonasini qurib bitkazdik. Adras va atlas dekoratsiyalari bilan bezatilgan xonalar, ustunli yog‘och ayvon, mehmonxona hovlisidagi manzarada ham milliy did va jozibani aks ettirishga harakat qildik. Mazkur mehmonxona O‘zbekiston Mustaqilligining 25 yilligi hamda bu yil sentyabr oyida o‘tkaziladigan “Atlas bayrami” ga munosib tuhfa bo‘ladi.
Ustazodalardan sanalgan Rasuljon yaratgan matolari bilan dunyoning mashhur dizaynerlari nazariga tushgan. Masalan amerikalik taniqli dizayner Oskar De La Renta o‘zining liboslar kolleksiyasini marg‘ilonlik hunarmand ishlab chiqargan ipak baxmal va adraslardan yaratgan. Hunar sohibi muzeylarda saqlanib qolgan Buxoroning “A’lo baxmali”, Xorazmning “Turma belbog‘” va “Alocha” matolarini qayta tikladi. Marg‘ilonlik hunarmand YUNYeSKO xalqaro tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi “Xorazm to‘qimachilik maktabi” ni tashkil etish loyihasi doirasida Xiva shahridagi Ichan-qal’ada ish olib bordi va 20 nafar shogird tayyorladi. Surxondaryo viloyatida Boysun hunarmandlar markazida ham qadimiy kashtalar nusxalarini yaratishda tabiiy ranglardan foydalanish usulini shakllantirib, 38 nafar shogird yetishtirdi.
“Hunarmand” uyushmasi Marg‘ilon shahar bo‘limi rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan Rasuljonning izlanishlari zamirida dunyo sayyohlariga xalqimizning boy madaniy merosini yaqindan tanishtirish istagi, o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida ajdodlarimizdan faxrlanish hissini shakllantirish, bir so‘z bilan aytganda qadriyatlarimizga, qo‘li gul hunarmandlarimizga cheksiz hurmat-ehtirom mujassamdir.
Ma’mura ABDURAHIMOVA,
Farg‘ona viloyati