Aliment to‘lovi va moddiy yordam
Turmush o‘rtog‘im bilan bir yil avval ajrashganmiz. Bir nafar farzandimiz bor. Moddiy ahvolim og‘irligi bois, farzandimning otasidan aliment undirmoqchiman. Lekin u hech qayerda ishlamaydi. Bunday hollarda aliment to‘lovi qay tartibda undiriladi?
Nigora ORIPOVA,
Toshkent shahri
– O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 140-moddasi “Aliment qarzining miqdorini belgilash to‘g‘risida”gi bandiga asosan aliment qarzining miqdori sud ijrochisi tomonidan sudning hal qiluv qarori yoki aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvda belgilangan aliment miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Ushbu Kodeksning 99-moddasiga asosan voyaga yetmagan bolalarga to‘lanadigan aliment qarzining miqdori aliment to‘liq holda aliment undirilmagan vaqt uchun hisoblab chiqiladi. Agar aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs shu davrda ishlamagan bo‘lsa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda aliment O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan eng kam oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi. Agar qarzni bunday belgilash taraflardan birining manfaatlariga jiddiy putur yetkazsa, manfaatlariga putur yetkazilgan taraf sudga murojaat qilishga haqlidir. Sud taraflarning moddiy va oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni inobatga olib, qarzning pul bilan to‘lanadigan qat’iy summasini belgilashi mumkin.
Yolg‘iz ayolman, voyaga yetgan ikki nafar farzandim bor. Ulardan biri II guruh nogironi. Kasal farzandim uchun otasi va uning qarindoshlaridan moddiy yordam olib turishim mumkinmi? Agar mumkin bo‘lsa, bu qay tartibda amalga oshiriladi?
Robiya KIMSANOVA,
Sirdaryo viloyati
– Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 108-moddasida “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatsiz bolalarning ta’minot talab qilish huquqi to‘g‘risida”gi bandida ko‘rsatilgan.
Mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj voyaga yetgan bolalar ota-onasidan, agar ular yo‘q bo‘lsa, qarindoshlari va ushbu Kodeksda ko‘rsatilgan boshqa shaxslardan o‘z ta’minoti uchun aliment talab qilish huquqiga ega. Bunday hollarda aliment miqdori sud tomonidan aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning moddiy va oilaviy ahvoli hisobga olinib, pul bilan to‘lanadigan qatiy summada belgilanishi mumkin.
Savollarga Toshkent shahar “Huquq javohiri” advokatlik byurosi rahbari Asomiddin YALGASHEV javob berdi.