ShIRINSO‘ZLIK OILAVIY MUNOSABATLARNI MUSTAHKAMLAYDI
Ish vaqtim tugab endi ketishga chog‘lanib turgandim, ostonada bir qiz ko‘rindi:
– Assalomu alaykum, ketayapsizmi, – so‘radi qiz.
– Ha, ketayapman, – deb stol ustidagi qog‘ozlarimni tartibga keltirarkanman. U yonimga keldi.
– Iltimos, shoshmay turing. Sizda gapim bor.
– Shunchalik shoshilinchmi? – so‘radim.
– Ha, bugun sizga aytishim kerak, – dedi u.
– Mayli, qani o‘tiringchi, deb diqqatimni unga qaratdim. So‘ng nechanchi sinfda o‘qishi va ismi-sharifini so‘radim.
– 5-sinfda, – deya javob berdi qiz juda ma’yus holda.
– Xo‘sh, qulog‘im sizda Navro‘za nima bo‘ldi?
U menga tikilib jim o‘tirardi. Men yana so‘radim: kimdir sizni xafa qildimi?
– Yo‘q, oyim va dadam haqida gapirmoqchiydim. Nima qilsam ular hech qachon urishishmaydi, – dedi u.
– Ba’zida kattalar shunaqa urishib turishadi. Axir hayot faqat xursandchilikdan iborat emas-ku. Siz bunga e’tibor bermasligingiz kerak.
– Men ularning ajrashib ketishidan qo‘rqaman, – dedi u yerga qarab.
– Nima, ular kecha ham janjallashdimi? – deb so‘radim.
– Ha! – deganicha kichik suhbatdoshim boshini egdi.
– Siz o‘sha vaqt nima qildingiz, – deb so‘radim.
– Dadajon, oyijon bo‘ldi boshqa urishmanglar, – desam, ular sen bor darsingni qil, – deyishdi.
– Xo‘sh, keyinchi? – deb so‘radim.
– Dars qilishga harakat qildim, ammo ularning ovozlari eshitilib tursa, hech narsa miyamga kirmaydi, – deya xo‘rsindi qiz.
– Ota-onangizni chaqirtirsam kelishadimi?
– Yo‘q, ular kelishmaydi. Keyin ular sizga aytganimni bilishlarini ham xohlamasdim.
– Lekin ota-onang bilan suhbatlashsam yaxshiroq bo‘lardi, – dedim.
– Ular baribir kelishmaydi. Siz menga nima qilishimni aytsangiz bo‘ldi.
Siz faqatgina yaxshi farzand bo‘lib ularga yordam berishingiz mumkin. Onangizning ko‘nglini ko‘taring. U yolg‘iz emasligini his qilsin, – deb Navro‘zaga qarab biroz o‘ylanib qoldim. Qizning ko‘zlariga qarab, ulardan shuni uqish mumkin ediki, go‘yo, u mendan bir mo‘jiza kutar edi. Afsuski, u kutgan mo‘jizani men sodir etolmasdim.
– Navro‘za, siz oyingizga dadangiz yo‘qligida, dadangizga esa oyingiz yo‘qligida sizlarni ajrashib ketishingizdan qo‘rqaman, deb aytib ko‘ring. Ular sizning xavotir olayotganingizni bilishsin. Nima bo‘lgan taqdirda ham ota-onangning o‘rtasida bo‘layotgan ishlarga aralashishga haqqingiz yo‘qligini esingizdan chiqarmang.
– Xo‘p, – dedi qiz.
– Navro‘za, siz xavotir olmang. Ular ajrashishmaydi. Hammasi yaxshi bo‘ladi, – deb uni eshikkacha kuzatib qo‘ydim. So‘ng men ham narsalarimni yig‘ishtirib maktabdan chiqdim. Ketayotib bu o‘quvchi qiz va uning ota-onasi haqidagi o‘y-xayollar meni tark etmadi.
Biz kattalar o‘zaro urush-janjallarimiz farzandlarimizga qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatishini va ularning murg‘ak ruhiyatini yaralayotganini o‘ylamaymiz. Xalqimizda “Bir kunlik urush, qirq kunlik barakani ko‘taradi” degan maqol bor. Tinchlik-xotirjamlik hukm surgan xonadonda esa farzandlar sog‘lom ruhiyatli bo‘lib voyaga yetadilar.
Matluba TAGAYEVA,
poytaxtimizdagi 125-umumta’lim maktab psixologi