YILLAR, VOQEALAR, ISLOHOTLAR
yoki Jizzax viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi faoliyati haqida
Istiqlolning ikkinchi yilida O‘zbekiston hukumati o‘zining armiyasini tashkil
etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu Qurolli Kuchlarni barpo etish uchun qo‘yil-
gan birinchi dadil qadam edi. Biroq, tom ma’nodagi, mamlakatmizning davlat mustaqilligi va xalqining osoyishta hayotini himoya qila oladigan Qurolli Kuchlarni barpo etish jiddiy izlanishlarni, ko‘plab holatlarda o‘ta sergak va hushyor bo‘lishni, fuqarolarning talab va ehtiyojlarini hisobga olishni, bir so‘z bilan aytganda, keng qamrovli islohotlarni taqozo etardi. Boshqa sohalarda ham ahvol shunday edi.
Yaqinda Jizzax viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasida va unga yondosh joylashgan Jizzax shahar mudofaa ishlari bo‘limida bo‘ldim. 8 dekabr arafasi edi. Boshqarma jamoasi hududni tozalab, hashar qilayotgan ekan. “Hormang. Bor bo‘ling!” deya bir-birimizga tilak bildirarkanmiz ma’muriy binoga yo‘l oldim. Xuddi shu joyga 1989 yilda otam bilan kirganim yodimga tushdi. O‘shanda voyenkomat (ilgari shunday atalardi) shaharning boshqa qismida, qurilganiga salkam yuz yillar bo‘lgan pastqam binoda joylashgandi. Nimqorong‘i, zax va tamaki hidi anqib turgan xonada bizni rus ofitseri kutib olgan edi.
Zinadan ko‘tarilib, eshikdan kirar ekanman, navbatchi peshvoz chiqishdi. U bilan yorug‘, keng va shinam yo‘laklardan o‘tib, boshqarma boshlig‘i oldiga kirdik. Bu inson bilan ilgari Qashqadaryoda ko‘rishgan ekanmiz. Stol ustidagi hujjatlar, ish qog‘ozlari, qonun to‘g‘risidagi kitoblar e’tiborimni tortdi.
– Shu kunlarda 2013 yilgi chaqiruv mavsumiga jiddiy tayyorgarlik ketyapti, – deydi viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi podpolkovnik Shamsiddin Abdullayev. – Muddatli harbiy xizmat yoshiga yetgan chaqiriluvchilarni dastlabki saralash ishlari yakunlandi. Har yili viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining qarorlariga muvofiq chaqiruv va tibbiy komissiyalar tarkibi tajribali, oliy toifali mutaxassislardan tayinlanadi. 2013 yilda rezervga bo‘shatiladigan harbiy xizmatchilarni kutib olish uchun ham choralar ko‘rilmoqda. Bu ishlarimizning barchasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yig‘ish va jo‘natish, ularni harbiy qismlarda qabul qilish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni yashash joylariga qaytarishni tashkil etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan olib borilayapti.
Boshqarma boshlig‘i menga tutgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori va uning ilovasiga ko‘z yugurtiraman. Bu hujjat fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga saralash va jo‘natish, ularni harbiy qismlarda qabul qilish, rezervga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni kutib olish, ularning ishga joylashish-yu, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishigacha bo‘lgan masalalar qamrab olingani haqida ma’lumot berdi.
1986 YIL VA TANISHUV
Jizzax temir yo‘l vokzali. Akamni armiyaga jo‘natyapmiz. Vokzal atrofi tumonat odam. “Urho-ur”. Daraxt tagiga, ko‘cha yoqalariga gilam, palos to‘shalgan, to‘da-to‘da bo‘lib o‘tirgan odamlar, qariyalar, bolalar “chug‘ur-chug‘ur” qiladi. Ustiga eski chopon yoki fufayka tashlab, yelkasiga oq surpdan safar xaltasini ilgan yigitchalarning sochi bir tekis olingan, yaltiraydi. Boshi va kiyimiga qarab, armiyaga ketayotgan yigitlarni uzoqdan ham ajratib olish mumkin. Radiokarnaydan yangragan xirillagan ovozdan tumonat odam junbushga keldi. Hamma vokzal tomon selday oshiqdi. Armiyaga ketayotgan yigitlar bilan xayrlashishga kim ulgurdi, kim ulgurmadi.O‘shanda vagon derazasidan gavdasini beligacha chiqarib, xayr-xo‘shlashayotgan yigitlarni olib, poyezd olg‘a siljigan edi.
– Istasangiz, boshqarmamiz faoliyati bilan tanishib chiqing. Sizga mayor Abdurahmon Namozov hamroh bo‘ladi, – dedi u. Bajonidil rozi bo‘ldim.
Dastlab viloyat yig‘in punkti bilan tanishdim. Boshliq xonasida tanishganim – O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi qarorining ilovasida ko‘rsatilgan ishlar amalda bajarilgan edi. Ma’muriy bino, chaqiruv punkti, tantanali kuzatish qatnashchilari bilan bayramona tushlik qilish uchun 300 kishiga mo‘ljallangan oshxona, chaqiriluvchilar belgilangan kiyim-kechakni qayta kiyib oladigan xonasi, hammom, tantanali kuzatish marosimi o‘tkaziladigan saf maydoni, tashqi sanitariya uzellari – barchasi risoladagidek qurilgan. Ma’muriy bino va chaqiruv punkti tarkibiga kiruvchi chaqiriluvchilarning shaxsiy moslashuv salohiyatini va intellektual darajasini aniqlash uchun psixologik test sinovidan o‘tkazish hamda shifokor mutaxassislarning har biriga ajratilgan xonalar bilan tanishar ekanman, mayor Abdurahmon Namozov izoh beradi:
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yildagi qaroriga asosan viloyatimizda ham chaqiruv punktlari infratuzilmasi va hududlarini zamonaviy talablarga muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirildi. Mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan mukammal loyihalar asosida chaqiruv va yig‘in punktlari 2010-2012 yillar davomida rekonstruksiya va modernizatsiya qilindi. Ba’zilari butunlay qayta qurib foydalanishga topshirildi. Hozir istalgan tumanga borib so‘zimning isbotini ko‘rishingiz mumkin.
NIZOMGA KO‘RA
Ilgari muddatli harbiy xizmatga jo‘nab ketgan yigitlarning xizmat joyi bir-ikki oydan keyin, ya’ni ulardan uyga xat kelganidan keyin aniq bo‘lardi. Shungacha ota-onalar Xudoga tavakkal qilib, xavotirlanib yurishardi. hozir esa harbiy xizmatchilarga va ularni kuzatish uchun kelgan ota-onalarga muddatli harbiy xizmatni tashkil etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar, muddatli harbiy xizmatchilarning huquqlari, vazifalari va imtiyozlari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qo‘shinlari turlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash xususiyatlari, mamlakatimizning qaysi hududida xizmatni o‘tashi tushuntiriladi. Tasdiqlangan nizomga ko‘ra tantanali kuzatish mobaynida harbiy xizmatchilarni muddatli harbiy xizmatga jo‘natishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkaziladi. Harbiy xizmatchilarga esdalik sovg‘alari topshiriladi. Tantanali kuzatish marosimi qatnashchilari va harbiy xizmatchilarga bayram tushligi tashkil etiladi, ijodiy jamoalar va badiiy havaskorlar konserti namoyish qilinadi.
Qaysi bir sipohiy o‘zini ko‘rsatgan bo‘lsa, rag‘batlantirib haqini ado etsinlar. Qaysi bir sipohiy xizmatda yurib qarilik yoshiga yetarkan, uni oylik-haqdan mahrum etmaslik va martabasidan tushirmaslik kerak. Hech bir sipohiyning xizmati nazardan chetda qolmasin. Chunki ular davlat xizmatida ekan, boqiy hayotlarini foniy dunyo naqdi uchun ayamaganliklarining o‘zi ham in’omga va moddiy ta’minotga loyiqligini bildiradi. Uni in’omidan mahrum qilib, xizmatlarini ko‘rsatmasalar, noinsoflik qilgan bo‘lurlar.
“Temur tuziklari”dan
Tantanali kuzatish marosimidan so‘ng harbiy xizmatchilar xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmati xodimlari hamrohligida tashkiliy ravishda transportda xizmat joylariga jo‘natish uchun vokzallarga (aeroportlarga) yuboriladi. harbiy xizmatchilar harakat xavfsizligi shartlariga javob beradigan, yo‘lovchilar tashish uchun mo‘ljallangan, texnik jihatdan tayyor transport vositalarida tibbiyot xodimlari hamrohligida xizmat joylariga jo‘nab ketadilar. Harbiy xizmatchilarni moslashtirilgan vagonlarda tashish qat’iyan taqiqlanadi.
REZERVGA BO‘ShATILGANLAR TAQDIRI
Menga 2012 yilda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan rezervga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilar to‘g‘risida ham ma’lumotlar berishdi. Unga ko‘ra, 100 nafarga yaqin jizzaxlik yoshlar shartnoma asosida harbiy xizmatni davom ettirishmoqda, 700 dan ortig‘i jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikdagi yuqori natijalari, namunali xizmati, test sinovida yuqori ball to‘plagani bois tavsiyanoma olgan bo‘lsa, 16 nafari oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kiribdi. Rezervga bo‘shatilganlarning ming nafarga yaqini ish bilan ta’minlangan. Bu raqamlar O‘zbekiston mustaqilligini, el tinchligini saqlashni o‘zining or-nomus ishi deb bilgan yigitlarga hukumatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasi, desak mubolag‘a emas. Shu o‘rinda fuqarolarni tanlov asosida muddatli harbiy xizmatga chaqirish tizimi yaratilganini, chaqiruv komissiyalarining ishida oshkoralikni va samarali jamoatchilik nazoratini ta’minlash uchun ular tarkibiga mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoatchilik, O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O‘zbeksiton Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” va “Mahalla” jamg‘armalarining vakillari kiritilganini, muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilarning lavozim maoshi miqdori ikki baravar ko‘paytirilib, ular zahiraga bo‘shatilganda beriladigan nafaqa miqdori esa eng kam ish haqining o‘n olti baravarigacha oshirilgani ham yodga tushadi.
Qiyoslash, voqealarni, raqamlarni taqqoslash ko‘p masalalarni oydinlashtiradi. Bu esa istiqloldan so‘ng mamlakatmizda harbiy sohada qay darajada yuksalish bo‘layotganini yanada yaqqol ko‘z oldimizda namoyon etadi. Ertangi kunimiz tinch va xotirjam kechishiga qalbimizda ishonch uyg‘otadi.
Furqat ERGASHEV, kapitan