ONA BAG‘RI – BAXT OSHIYONI
Poytaxtimizning markaziga o‘rnatilgan “Baxtiyor ona” haykaliga boqib, bizning ertangi kunimiz kechagidanda farahbaxsh va munavvar ekanligini anglaymiz. Bu yurtning shahdam odimlari ona va bola salomatligi, aholining farovon turmushi sari yo‘naltirilgandir.
Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq, millat salomatligi borasidagi ezgu ishlar yuksak e’tibor qaratildi. Mamlakatimizning qay hududiga boqmang xalqaro standartlarga javob beradigan ixtisoslashtirilgan shifoxonalar va ularning viloyat hamda tumanlardagi bo‘limlarida yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishning noyob tizimi shakllantirildi. Tuman va viloyatlardagi sog‘liqni saqlash muassasalari zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Shuningdek, malakali kadrlar bilan ta’minlangan ixcham tuman tibbiyot birlashmalari, viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonalari hamda poliklinikalarining tibbiy xizmat sifati oshdi.
Ta’kidlash joizki, ona va bola salomatligi borasida bugun mamlakatimizning barcha viloyatlarida ona va bola perinatal hamda skrining markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu sa’y-harakatlar natijasida 2000 yildan buyon mamlakatimizda irsiy va tug‘ma nuqsonli bolalar tug‘ilishi sezilarli darajada kamaydi. So‘nggi o‘n yilda vazni tibbiyotda ko‘zda tutilgan me’yordan kam bo‘lgan bolalar soni ikki barobardan ziyod qisqardi. Ularning bo‘yi o‘rtacha 3 santimetrga o‘sdi. Shu bilan birga bizning mintaqamizga xos bo‘lgan jiddiy kasallik – xotin-qizlardagi kamqonlik darajasi bir muncha pasayganligi esa ezgu sa’y-harakatning samarasi sanaladi. Bugungi kunda mamlakatimiz bolalarining 92 foizi rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga to‘la mos keladi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” ona va bola salomatligini muhofaza qilish milliy modeli Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish samarali strategiyalaridan biri sifatida dunyoda e’tirof etilayotganligi ham bejiz emas. Aholining reproduktiv salomatligini muhofaza qilish maqsadida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan homilador ayollarni tarkibida sog‘liq uchun zarur mikronutriyentlar mavjud bo‘lgan maxsus polivitaminlar bilan ta’minlash orqali sog‘lom va barkamol farzandlarni dunyoga keltirish loyihasi ham amalga oshirilmoqda. O‘z xalqiga bu qadar e’tibor va saxovatpeshalik, bunday tajriba jahonning hech bir mamlakatida uchramaydi.
Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, ayniqsa, ona va bola salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar xalqaro jamoatchilik tomonidan keng e’tirof etilmoqda. O‘zbekiston aholi salomatligiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan dunyodagi yetakchi mamlakatlardan biriga aylandi. Hindistonning “Apollo”, “Artemis”, “Medanta”, “Max”, “BLK” kabi tibbiyot muassasalari bilan Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikalari, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari o‘zaro hamkorlikda ish olib borayotgani, 2015 yilda o‘ttiz nafarga yaqin shifokorlarimiz Hindistonda bo‘lib, kardiologiya, ortopediya, pediatriya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha malaka oshirib, turli seminar va konferensiyalarda ishtirok etgani fikrimizning dalilidir.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Margaret Chen: “O‘zbekiston o‘z yutuqlari bilan faxrlansa arziydi. Xalqaro statistika shuni ko‘rsatmoqdaki, onalar, go‘daklar va bolalar o‘limining oldini olish oson ish emas. Bu muammo ko‘plab mamlakatlarda, odatda, balandparvoz gaplaru yuksak va’dalar berish bilan muhokama etiladi. Ammo, mavjud tajribadan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, bunday g‘amxo‘rlik siyosiy iroda va qat’iyat bilan mustahkamlanmasa, biz hech qachon bu borada taraqqiyotga erisha olmaymiz. O‘zbekistonda esa 1991 yildan buyon siyosiy mas’uliyat yuksak darajada ekanini ko‘rib turibmiz”, degan e’tirofi qilinayotgan ishlarga yuksak baho sanaladi.
Shu o‘rinda aytish mumkinki, so‘nggi yillarda nonormal rivojlangan bolalar tug‘ilishi 1, 3 barobarga kamaydi. 6-15 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator virusli infeksiyalar bilan kasallanish 9, 7 foiz, pnevmoniya bilan 49, 1 foiz, bronxit bilan 32, 8 foiz, skolioz bilan kasallanish 32, 7 foizga pasaygan. Onalar va go‘daklar o‘limi uch barobardan ortiq, tug‘ma nuqsonli bolalar tug‘ilishi birmuncha kamaygani xalqaro ekspertlarning ijobiy e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning mintaqadagi namunaviy model sifatida e’tirof etilgani, ayniqsa, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Yevropa mintaqasidagi mavjud 53 ta mamlakat ichidan faqatgina 4 ta davlat, jumladan, O‘zbekistonning onalik va bolalikni muhofaza qilish tibbiy xizmatining milliy modeli yuqori baholanib, ana shu mamlakatlar uchun namunaviy model sifatida qabul qilingani fikrimizning isbotidir.
Yana bir quvonchli jihat shundaki, 2014-yil O‘zbekiston dunyodagi eng nufuzli – “Save the children” (“Bolalarni asraylik”) xalqaro tashkiloti tomonidan tuzilgan jahon reytingida bolalar salomatligini mustahkamlash borasida katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgan eng ilg‘or yetakchi o‘n mamlakat qatoriga kiritilgani hammamizga cheksiz g‘urur bag‘ishladi. Davlatimiz rahbarining “2014–2018 yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori reproduktiv salomatlikni yanada mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Qarorda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini kuchaytirish, zamonaviy tashxis usullarini joriy etish, ayollar, bolalar va o‘smirlar kasalliklarining oldini olish borasida qator dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Muxtasar qilib aytganda bolalar quvonchi tutgan yurtning osmoni musaffo, ko‘zlagan maqsadi nurli va xayrli bo‘ladi. Zero, kelajagimiz vorislari – bolajonlarning salomatligi, farovon kelajagi uchun istiqbolli loyihalar davom etajak.
Toshpo‘lat MATIBAYEV,
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati