QON BOSIMI TUSHGANDA SAMARALI MASHQLAR
Jismoniy mashqlar ruhiy tanglikdan, zo‘riqishdan xalos etishda samarali vosita sanaladi. Shuningdek, bunday harakatlarning asab tizimiga ijobiy ta’siri bor.
Sizga tavsiya etmoqchi bo‘lgan quyidagi mashqlar ko‘pgina gipotonik (qon bosimi past yuradigan) kishilar uchun samarali sanaladi. Bu mashqlarni o‘rningizdan turmasdan bajarishingiz mumkin.
• Chalqancha yotgan holda qo‘llaringizni gavda bo‘ylab joylashtiring. Asta burundan nafas olib, so‘ngra og‘izdan chiqaring. Bu mashqni 5-6 marotaba takrorlang.
• Boshingizni o‘ng tomonga buring. O‘ng qo‘lingizni bo‘yningizning chap qismiga qo‘yib, asta o‘mrov suyagiga qadar siypalash yo‘nalishida harakat qilasiz. Bunday harakatni chap qo‘lingizda ham amalga oshirasiz. Shuni unutmangki, mashqlarni ohistalik bilan bajarish lozim.
• Endilikda navbatma-navbat kaftingizni peshonaga qo‘yib, asta chakka qismigacha harakat qilib silang. Mashg‘ulotni 30 soniya bajaring. So‘ngra chakkangizni barmoqlarning uchida asta aylanma harakat bilan uqalang.
• Qo‘llaringizni yana tana bo‘ylab joylashtirib, chuqur nafas olib chiqarib, so‘ngra 30 soniya dam oling.
• Olti soniya davomida barmoqlaringizning uchi bilan ko‘z burchaklarini biroz kuchli, so‘ngra ohistalik bilan bosing. Orada 13 soniyalik tin oling. Mashqni yana 3-4 marta takrorlang.
• Ko‘zlaringizni yumib, barmoqlar bilan ko‘zlarning ichki burchagidan tashqi burchagiga qadar silang.
• Qo‘llaringizni bosh uzra yuqoriga ko‘tarib, kaftlaringizni birlashtiring va nafas oling. Gavda bo‘ylab tushirayotganingizda nafas chiqaring.
• Qo‘llarni asta yuqoriga ko‘tarib, chap va o‘ng tizzalaringizni bukkan holda navbatma-navbat ko‘krak qafasi tomon yig‘ib tushiring.
• Nafas olib iyakni ko‘krak qafasi tomon tortib nafas chiqaring.
• Oyoqlaringizni bukmasdan yuqoriga ko‘tarib, nafas oling, tushirayotganda nafas chiqaring.
• To‘g‘ri yotgan holatda nafas olib o‘tiring. Gavdani o‘ng tarafga buring. So‘ng yana holatga qayting. Mashqni takroran aksini bajaring.
• O‘tirib, qo‘llaringizni keng yozgan holda nafas oling. Barmoqlaringizni oyoqlaringizning uchiga tekkazib, nafas chiqaring.
Mazkur mashqlarni imkon qadar har kuni o‘rningizdan turmasdan ohistalik bilan bajaring. Bu sizning kun davomida faol bo‘lishingizga ko‘maklashadi.
Vasila PO‘LATOVA tayyorladi.