KICHKINTOYNING KO‘KLAM SAYRI

Yurtimizda ko‘klam nafasi ufurib turgan, bayramlar-bayramlarga ulanayotgan ajib bir kunda bolajon bilan tabiatni tomosha qilish naqadar zavqli-a?! Unga oppoq qordan so‘ng olamning yashil barglarga, turfa gullarga burkanishini ko‘rsatish shirintoyga olam-olam zavq bag‘ishlaydi.

Bahorda tabiat kundan-kun chiroy ochib, sayr qilish uchun havo iliqlasha boradi. Bunday havoda sayr qilish go‘dak organizmining chiniqishiga, uning immun tizimini mustahkamlanishiga, quyoshning foydali ultrabinafsha nurlaridan bahra olishiga katta yordam beradi.

Kichkintoyni sayrga olib chiqqaningizda havo harorati 10 S˚dan past bo‘lmasligi maqsadga muvofiq. Sayrga chiqishni dastlab 15-20 daqiqadan boshlash va keyinchalik esa bu vaqtni uzaytirib borish mumkin. Bolalar shifokorlarining ta’kidlashlaricha, kichkintoyni sayrga ko‘proq olib chiqish uning raxit kasalligi bilan og‘rish ehtimolini bartaraf qiladi.

Ochiq havoga chiqqaningizda bolaning kiyinishiga alohida e’tibor qarating. Uni aslo siqib yo‘rgaklamang. Bunda bolaning qon aylanishi yomonlashadi.

Shirintoyni iloji boricha transport vositalari harakatlanadigan yoki jamoat joylaridan uzoqroqqa, tinch muhitda ochiq havoga olib chiqing. Agar bolaning yoshi biroz kattaroq bo‘lsa, uni tabiat, atrof-muhit bilan tanishtiring. Daraxtlar, gullar, osmon, quyosh, qushlar nomini takrorlang.

Bolaning sayrga chiqishi u uchun zerikarli bo‘lishi kerak emas. Bunda ota-onalar uchun bir nechta o‘yin turlari tavsiya qilinadi. Shulardan ba’zi birlari bilan tanishtirib o‘tamiz.

Yo‘l qoidalari

Shuni unutmaslik kerakki, bola sayrga chiqqanida tabiat bilan bir qatorda xatti-harakatlarimizni diqqat bilan kuzatadi. Yo‘ldan o‘tayotganda “Biz yo‘ldan o‘tyapmiz. O‘ng tarafda mashina yo‘q, chap tarafda ham yo‘q. Tez va ehtiyot bo‘lib o‘tamiz” deb ayting. Bu mashq orqali bolada so‘z boyligi shakllana boradi.

Ajoyib yomg‘ir

Sayr vaqtida yomg‘ir yog‘di. Uyga kirishga shoshilmang. Yomg‘ir tomchisiga bolaning qo‘lchasini tuting va “Qizim (o‘g‘lim) yomg‘ir yog‘yapti. U shunaqa tomchilab yog‘adi” deb ayting. Bolakay ko‘z o‘ngida tabiatning bu o‘zgarishi mo‘jiza kabi xotirasiga muhrlanadi.

Ovozlar

Ochiq havoda aylanish davomida ovozlarga e’tiborli bo‘ling. Boisi bola nutqining shakllanishida atrof-muhitning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Unga mashina, samolyot, qushlar ovozini takrorlashni o‘rgating. Bolakay uchun bu juda qiziqarli mashg‘ulot bo‘lib, u bu so‘zlarni tez o‘zlashtirib oladi.

Yana o‘qing:  Mayiz va ananasli pirog

Bolalar shifokori Muhabbat HAMROYEVA tavsiyalari asosida Xurshida HUSENOVA tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: