ER YIGIT – YURT POSBONI

Olamga zarrin nurlarini sochayotgan quyosh bulutlar orasiga yashirindi. Bir ozdan so‘ng yomg‘ir yog‘a boshladi. Yomg‘ir kuchaygan sari yo‘l chetidagi ko‘kka bo‘y cho‘zgan teraklarning barglari ham duv-duv to‘kildi. Havo tozalanib, chang-g‘ubor bosildi.

– Endigina navbatdagi mashg‘ulotni o‘tkazish uchun dala-o‘quv maydonchasiga yo‘l olayotgan edik, – dedi “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi, vzvod komandiri kapitan Artur Ablyakimov. – Saf maydonchasida kapitan Eldor Murshayev yetakchiligidagi guruh shaxsiy tarkibi vazifani bajarishga shay turardi.

Uning buyrug‘idan keyin harbiy xizmatchilar tartib bilan belgilangan yo‘nalish tomon olg‘a yurishdi. Biz ham ular bilan birga piyoda ketdik. Qishloqning ajib ko‘chalarini ortda qoldirib, dalaga chiqdik.

Yo‘l-yo‘lakay harbiy xizmatchilar harakatlarini kuzataman. Ular ishonch va sergaklik bilan chor artofga xushyor boqib qadam bosishardi. Guruh shaxsiy tarkibining jips bo‘lib harakatlanishi bizni quvontirdi. Yaqinda davlat mukofoti bilan taqdirlangan bir ofitser bilan bo‘lgan suhbat yodimga tushdi. “Shaxsiy tarkib o‘rtasida tartib-intizom kuchli bo‘lsa, jangovar shaylik yuqori bo‘ladi, muvaffaqiyatga erishish yanada oson kechadi”, degandi u.

Dala yo‘li boshlanishi bilan komandir guruhni to‘xtatib, jangovar vazifa berdi. Unga asosan harbiy xizmatchilar o‘zlariga biriktirilgan yo‘nalishni kuzatib, komandirga axborot berib borishdi. Shuningdek, harakat davomida komandir guruh a’zolarining sezgirligi va hushyorligini taktik mashg‘ulotlar asosida sinovdan ham o‘tkazib bordi.

– Harakat mobaynida amalga oshirilayotgan taktik mashqlar harbiy xizmatchilarning sezgirligi bilan birga egallagan bilimlarini ham sinovdan o‘tkazish imkonini beradi, – deydi guruh komandirining o‘rinbosari katta leytenant Oqil Atamirzayev. – Shu bilan birga xatoga yo‘l qo‘ygan harbiy xizmatchi yo‘nalish davomida bu kamchiligini tuzatishga ham ulguradi. Eng asosiysi, mashqdan-mashqqa ularning tajribasi oshib, soha bo‘yicha bilimlari yanada boyib boradi.

DARYo USTIGA ARQON TORTILDI

Yana yomg‘ir yog‘a boshladi. Biroq, yurt tinchligini saqlash ishiga o‘z hayotini baxshida etgan mardlar bunga sira ham e’tibor qilmasdan ko‘zlagan manzillari sari dadil odimlashardi. Shu payt guruh oldida ketayotgan mergan, kichik serjant Diyor Mavlonov “To‘xta!” buyrug‘ini berdi. Ma’lum bo‘lishicha, oldinda eni chamasi yigirma metrlar keladigan ulkan daryo oqib o‘tardi. Daryodan talofotsiz o‘tish uchun tayyorgarlik boshlandi. Kimdir mudofaada, kimdir tog‘ yo‘lida zarur bo‘ladigan anjom va vositalarni amalda qo‘llashga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Yana o‘qing:  RO‘ZA VA SALOMATLIK

– Mazkur guruh bugun dala-o‘quv maydonchasida nishonlarga o‘q otish mashqini bajarishi kerak, – deydi guruh komandiri kapitan E.Murshayev. – Ular doimo bir yo‘nalishda harakat qilishgan. U yo‘nalishda esa hech qanday to‘siq yo‘q. Bu safar ularning tayyorgarligini, vazifasiga qay darajada mas’uliyat bilan yondashishlarini tekshirish maqsadida boshqa yo‘nalishdan yurdik. Qani ko‘ramiz, ular yo‘lda uchrayotgan tabiiy to‘siqlardan qanday o‘tisharkan?

Bu biz uchun qiziqarli edi. Chunki, bunday vaziyatlardan tez va to‘g‘ri chiqib ketish komandirning bilim va tajribasi bilan birga, uning yetakchilik qobiliyatini ham namoyon etadi. Bu kabi mashg‘ulotlarda har tomonlama chiniqqan harbiy xizmatchilar tog‘ yo‘nalishida zarur bo‘ladigan anjomlarini ham o‘zlari bilan birga olishgan ekan. Daryodan o‘tish uchun arqon va karabinlar shay qilindi. Guruh komandiri kichik serjant Elbek Mamadaliyevga arqonni daryoning narigi qirg‘og‘iga olib o‘tib, mahkamlashni buyurdi. Topshiriq olgan kichik serjant chaqqon harakatni boshladi. Uning jismonan baquvvat, epchil va ustaligi bizni lol qoldirgan bo‘lsa, komandirning qo‘l ostidagi harbiy xizmatchilardan har birining imkoniyatlari va ko‘nikmasini yaxshi bilishi, to‘g‘ri qaror qabul qilishi e’tiborimizni tortdi. Daryoning boshlanishi botqoqlikdan iborat bo‘lib, qalin qamishzorlar bilan qoplangan. Bu ham o‘ziga yarasha murakkab vaziyatni tug‘dirishi tabiiy. Kichik serjant E.Mamadaliyev safdoshlarining yordami bilan botqoqlik va qamishzorni osongina kechib o‘tib, vazifani bajardi. Mana bir zumda daryo ustiga arqondan ko‘prik tortildi. Harbiy xizmatchilar navbat bilan qurollarini yelkalariga osib, undan o‘ta boshlashdi. Eng so‘ngida ikki harbiy xizmatchi safar qoplarini ham arqonlar yordamida daryoning narigi qirg‘og‘iga o‘tkazishdi. Ilk topshiriq muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Guruh komandiri barchani yig‘ib, qurol-aslaha, aloqa vositasi va anjomlarning butligini tekshirdi. Hammasi joyida. Yana yo‘nalish bo‘ylab harakatni davom ettirdik.

QUM USTIDA IZ QOLDIRMASDAN…

Keyingi harakat yo‘nalishida harbiy xizmatchilar turli taktik vazifalarni bajarishdi. Tekislik. Yomg‘ir yog‘ayotgani uchun oyoq ostidagi qumlar ancha nam bo‘lib qolgan edi. Yomg‘ir suvidan cho‘l yulg‘unlarining shoxlari yerga osilib qolgan. Guruhning eng so‘ngida ketayotgan serjant Dovurxon Davletov qo‘lidagi buta shoxini sudrab qumda qolayotgan izlarni tekislab ketyapti. Yo‘nalishdagi har bir nishablik, chuqurlik va pana joylar harbiy xizmatchilar tomonidan jiddiy tekshirilib, xavfsizlik ta’minlanyapti. Bunday mashqlar mobaynida har bir harbiy xizmatchining mahorati va tajribasi yanada oshadi. Guruhda pulemyotchi vazifasida xizmat qilayotgan serjant Mansur Nurmetov ko‘p yillik tajribaga ega kichik komandirlardan. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda guruh komandirining eng yaqin yordamchisi va maslakdoshi.

Yana o‘qing:  Mehri malham shifokorlar

– Vatanim taqdiri – mening taqdirim ekanligini yurakdan his qilaman, – deydi serjant M.Nurmetov.– Xizmatim mobaynida bu tuyg‘u qalbim to‘ridan chuqur joy olib, meni hamisha shu Vatan mehri bilan yonib yashashga, burchimni sharaf ila o‘tashga undab turadi. Muddatli harbiy xizmat qalbimda sharafli kasbga havas uyg‘otdi. O‘qidim, izlandim, mehnat qildim va orzuimga erishdim. Yildan-yilga kasbiy mahoratim oshib, bilimim boyib boryapti. O‘tkazilayotgan dala-o‘quv mashg‘ulotlarida qo‘lga kiritayotgan har bir yutug‘im meni yanada ulkan marralar sari ruhlantiryapti.

NISHONGA ANIQ URISH – HARBIY MAHORAT

O‘tochar qurollardan nishonlarga o‘q otish maydonchasiga yetib kelgunimizcha chamasi besh kilometr yurdik. O‘quv maydonida jangovar quroldan nishonlarga o‘q otish uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Shuningdek, o‘quv nuqtalarida otishgacha bo‘lgan tayyorgarlik uchun zarur o‘quv-moddiy baza taxt qilib qo‘yilgan. Qisqa dam olishdan so‘ng, harbiy xizmatchilar qurolni qismlarga ajratish va yig‘ish, qulay pozitsiyani egallash, xavfsizlik qoidalari, qurolni o‘q otishga tayyorlash kabi mashg‘ulotlarda ishtirok etib, bilimlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazishdi.

Guruh shaxsiy tarkibi navbati bilan turli pozitsiyalardan turib, har xil ko‘rinishdagi va turli masofadagi nishonlarga o‘q otishni boshladilar. Har bir nishonni bexato urish uchun qisqa soniyalar berilgan. Jarayon qizg‘in tus oldi. Mashg‘ulot maydonidagi holatni ko‘rib, mardlik, shijoat va jasorat qalbini to‘ldirgan bu harbiy xizmatchilarga juda havasim keldi. Ularning mahoratini ko‘rib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligiga hech qanday yovuz kuch raxna sololmasligiga ishonchim yanada ortdi. Bu vaqtda yomg‘ir ham zabtiga olib, borgan sari kuchayar, nishonlar ham birin-ketin yiqilardi.

Ahror OCHILOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: