G‘OLIBLIK ShOHSUPASIDA

Jismoniy tarbiya va sport inson uchun faqat jismonan chiniqtirish vositasi bo‘lib qolmay, balki ma’naviy jihatdan tarbiyalashning muhim vositalaridan biri hisoblanadi. Xalqimiz azal-azaldan ta’lim-tarbiyaga oid boy merosga ega bo‘lib, avlodlarda insonparvarlik, kamtarlik, do‘stlik, mehr-muhabbat, birodarlik kabi umuminsoniy fazilatlar qatorida chinakam jismonan barkamollik sifatlarini ham tarbiyalab kelganlar.

Jamiyatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida sportning o‘rni alohida ahamiyatga ega. U hayotimizning yanada boy va mazmunli bo‘lishini ta’minlash bilan birga mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Turli musobaqalar bolalar, o‘smirlar va yoshlarni doimiy ravishda sport bilan oshno bo‘lishlarida juda katta yordam beradi. Bundan bir necha kunlar oldin Londonda boshlangan XXX yozgi olimpiya o‘yinlari ham o‘z nihoyasiga yetdi. 16 kun mobaynida qanchadan qancha millat va ellatlarni mushtarak qilgan olimpiyada bahslari mobaynida London muxlislar bilan to‘lib toshdi. Yodingizda bo‘lsa, ilk marotaba Gresiyada tashkillashtirilgan olimpiada o‘yinlarida 136 mamalakatdan 311 nafar sportchi ishtirok etgan edi. O‘shanda tashkillashtirilgan olimpiada o‘yinlarida ayollar ishtiroki ta’qiqlab qo‘yilgandi. Ilk olimpiada chempioni amerikalik poygachi Konnoli bo‘lgandi.

London Olimpiadasida murakkab saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 53 nafar olimpiyachimiz sportning o‘n besh turi — badiiy gimnastika, trampolin, velosport, suzish, yengil atletika, og‘ir atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, boks, dzyudo, taekvondo, erkin va yunon-rum kurashi, o‘q otish, qilichbozlik hamda tennis bo‘yicha bellashuvlarda ishtirok etdi.

Londonda o‘tkazilgan XXX yozgi Olimpiada o‘yinlari ham tarix sahifalaridan o‘rin egalladi. 16 kun davomida dunyoning 205 davlatidan kelgan 12 mingdan ziyod sportchilar 37 sport turida g‘oliblik uchun kurash olib bordilar. Musobaqalar davomida jami 302 komplekt medallar o‘z egalariga topshirildi.

Eng ko‘p medalga AQSH vakillari sazovor bo‘ldilar. Amerikalik olimpiyachilar 46 ta oltin, 29 ta kumush, 29 ta bronza, jami 104 ta medallar shodasini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashdi.

Xitoy delegatsiyasi ikkinchi (38-27-22), Britaniyaliklar esa (29-17-19) uchinchi o‘rinni band etishdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari 1 ta oltin (Artur Taymazov, erkin kurash) va 3 ta bronza (Rishod Sobirov – dzyudo, Abbos Atoyev – boks, Soslan Tigiyev – erkin kurash) medalini qo‘lga kiritgan xolda umumjamoa hisobida 47-o‘rinni egallashdi.

Yana o‘qing:  YANA TO‘RT ISHTIROKCHI MA’LUM

Shaxsiy hisobda eng ko‘p medalga Maykl Felps (AQSH) erishdi. Amerikalik afsonaviy suzuvchi London Olimpiadasida jami 4 ta oltin va 2 ta kumush medallarini qo‘lga kiritdi.

“London – 2012” Olimpiada o‘yinlarida jami 85 davlat vakillari sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘ldilar. 120 davlat vakillari esa birorta ham medalga egalik qila olishmadi.

Musobaqalar davomida 56 bor Olimpiada hamda 44 bor jahon rekordlari yangilandi.

Zamonaviy Olimpiada o‘yinlari tarixiga nazar tashlasak, bugunga qadar (1896-2012 yy. davomida) 147 davlat vakillari Olimpiada o‘yinlarida sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lishgan. Shundan 98 davlat sportchilarigagina Olimpiada o‘yinlarining oltin medallari nasib etgan.

Ushbu ro‘yxatda O‘zbekiston delegatsiyasi garchi endigina 5-bor mustaqil jamoa sifatida Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etganligiga qaramay 61-o‘rinni egallab turibdi. XXX yozgi olimpiadada O‘zbekiston sport delegatsiyasi o‘zi ishtirok etgan beshta olimpiadalar tarixida birinchi marta kumush medal qo‘lga kirita olmaydigan bo‘ldi.

Shu kungacha musobaqalarda ishtirok etgan terma jamoamiz kamida bitta bo‘lsada, kumush medalni qo‘lga kiritib kelayotgandi. 1996, 2000 va 2004 yillarda terma jamoamiz bittadan kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Pekinda bu ko‘rsatkich 2tani tashkil qilgandi. Istiqlol yillari Atlanta (AQSH), Sidney (Avstraliya), Afina (Gretsiya), Pekin (Xitoy) va London (Buyuk Britaniya)da o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlarida sportchilarimiz jami 5 ta oltin, 5 ta kumush, 11 ta bronza umumiy hisobda 21 ta medallar shodasini qo‘lga kiritishgan.

Londonda o‘tgan musobaqalarni 20.000 dan ziyod OAVlari xodimlari yoritib bordilar. Kun davomida o‘tkazilgan murosasiz hamda qizg‘in bellashuvlarni yer yuzida istiqomat qilayotgan 4 milliarddan ziyod aholi kuzatib bordi.

– Barchani yana bir marta ajoyib g‘alaba bilan tabriklayman. Ishonchim komil, hozir yurtdoshlarimizning ko‘zidan quvonch ko‘zyoshlari oqmoqda, oltin medal tufayli barchaning qalbida faxr va iftixor tuyg‘usi jo‘sh urmoqda. Xudo yana qancha kuch-quvvat bersa, yana shuncha vaqt davomida xalqimizga quvonch ulashishda davom etaman! – deydi uch karra olimpiada chempioniga aylangan Artur Taymazov o‘z hayajonlari bilan o‘rtoqlashganda.

Bugungi kunda Olimpiya o‘yinlari dunyoning barcha qit’alariga yoyilgan eng nufuzli va ommaviy musobaqaga aylandi. Barcha mamlakatlar ushbu nufuzli sport anjumanida ishtirok etishni xohlaydi, shunga harakat qiladi. Lekin bu o‘yinlarda qatnashish, ayniqsa, medallarga sazovor bo‘lish hammaga ham nasib etavermaydi.

Yana o‘qing:  Yoshlar huquqlari bo‘yicha konferensiya

Umuman olganda, sportchilarimiz XXX yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘z mahorati, tajriba va salohiyatini keng namoyon etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Norasmiy hisob-kitoblar bo‘yicha umumjamoa hisobida olimpiyachilarimiz 47-o‘rinni egalladi. Bu MDH davlatlari orasida oltinchi, Osiyo qit’asida yettinchi ko‘rsatkichdir. Sportchilarimizning London maydonlarida qo‘lga kiritgan yutuqlari xalqimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami — Vatanimiz mustaqilligining 21 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi.

Vatanimizning kelajagi bo‘lmish farzandlarimizning, birinchi navbatda, sog‘lom hamda jismonan baquvvat bo‘lishi, aqliy va ma’naviy jihatdan kamol topishi uchun qulay sharoitlar yaratilayotgan imkoniyatlardan kengroq foydalangan holda, sport sohasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan murabbiylarimiz, sprotchi o‘g‘il-qizlardan bundanda balandroq cho‘qqilarni, xalqaro musboqalarda nufuzli o‘rinlarni zabt etishini kutib qolamiz.

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: