BOLAJON UCHUN ShIFOBAXSH VANNA

Shifokorlarning ta’kidlashicha, bolani tez-tez cho‘miltirib turish kichkintoy sog‘lig‘i uchun juda foydali. Uning quvvatini oshirib, tinchlantiradi va emotsional holatini yanada yaxshilaydi.

Kindik yarasi bitmagan chaqaloqlarni nihoyatda toza suvda yuvintirish lozim. Bunday vaziyatda suvni yaxshilab qaynatgan ma’qul. Bolalar shampuni va vanna uchun mo‘ljallangan maxsus ko‘pirtiruvchi modda yordamida haftada bir marta cho‘miltirish tavsiya etiladi. Toza suv bilan esa uni deyarli har kuni yuvintirish mumkin. Vanna qabul qilgach bola o‘ringa yotishi yoki kamida issiq ko‘rpaga 30 daqiqacha o‘ranib turishi davolanish samaradorligini oshiradi. Bolani kunning ma’lum bir paytida yuvintirish maqsadga muvofiq. Chunki, u tez fursatda shartli refleks hosil qiladi. Bu esa uning biologik soatini moslashtirib, vaqtingizni rejalashtirishga yordam beradi.

Vanna qabul qilgan vaqtda, go‘dakning kayfiyati yaxshi bo‘lgani ma’qul. U qorni to‘q va uyqusiramayotgan bo‘lishi zarur. Bolani ovqatlanishi bilanoq yuvintirish kerak emas. Bu uning qayt qilishiga olib keladi. Yangi tug‘ilgan go‘daklarni 5 daqiqagacha, 3-4 oylik go‘daklarni esa 12-15 daqiqagacha cho‘miltirish mumkin.

SUT QATLAMI

Aksariyat hollarda go‘dak hayotining birinchi yilida bosh qismida, sochlar tagida sarg‘imtir va oqimtir tusli qazg‘oqlar kuzatiladi. Bu sut qatlami deb ataladi. Bunday paytlarda go‘dakning ota-onasi shifokor bilan maslahatlashishi kerak. Ko‘chmagan qazg‘oqlarni kuch bilan olib tashlash tavsiya etilmaydi. Kechki cho‘miltirishdan 1-1, 5 soat oldin go‘dak boshiga bolalar uchun mo‘ljallangan maxsus yog‘ surtiladi. Bosh terisi yumshatiladi. So‘ngra shampun yordamida u yuvib tashlanadi va maxsus mo‘y taroq bilan astagina tozalab tashlanadi.

Dermatologlar qattiq sovun yordamida go‘dakni yuvintirishni tavsiya etishmaydi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor, albatta. Teri yuzasining himoya qatlami (gidrolid mantiya) mavjud bo‘lib, mazkur qatlam tashqi muhit (quyosh, shamol va boshqalar)ning zararli ta’sirlaridan insonni himoyalaydi. Go‘dakning teri yuzasidagi qatlami yupqa va nozik bo‘lib, uning rivojlanish davri 3 yoshga to‘g‘ri keladi. Sovun tarkibidagi ishqor moddasi himoya qobig‘ini yemiradi. Bu esa nozik ta’sirchan go‘dak terisi infeksiyalanishiga olib keladi. Go‘dak organizmi himoya qobig‘ini tiklashga harakat qiladi va terining chuqur qatlamlaridan namlikni o‘ziga tortadi. Shu tariqa nozik terining chuqur to‘qimalari quriydi.

Yana o‘qing:  Xushxabar raqamlar

ShIFOBAXSH VANNALAR

Mazkur vannadan foydalanishdan avval, shifokoringiz bilan maslahatlashib oling. Suvning miqdori bola vaznidan kelib chiqib belgilanadi. Bunday vanna qabul qilayotgan bola keskin harakat qilishi kerak emas. Vanna qabul qilayotganda xona harorati 25 °S bo‘lishi maqsadga muvofiq. Bu muolajaning davomiyligi 8-12 daqiqa bo‘lishi zarur. Suvning harorati o‘zgarishini termometr bilan kuzatib borish kerak. Vannalarning bolaning yoshiga va kasallik turiga qarab sovuq ( 20 °S gacha), iliq (21-33 °S), bolaning tana haroratiga yaqin (34-36° S), issiq (37-39 °S), oyoq uchun qaynoq (40-42 °S) turlari farqlanadi.

Sovuq va iliq turdagi vannalar tetiklashtiruvchi, yurak-mushak va asab tizimini, moddalar almashinuvini yaxshilovchi xususiyatga ega. Issiq hamda tana haroratiga yaqin bo‘lgani esa tanadagi og‘riqni qoldirishga ko‘maklashadi, uyquni yaxshilaydi. Qaynoq vannalar organizmdagi moddalar almashinuvi va qon aylanishini yaxshilaydi, quvvatni oshirishga ko‘maklashadi. Mazkur vannani qabul qilishda dastlab suv harorati 37°S bo‘lishi va bolani oyoq tomondan suvga cho‘miltirish hamda haroratni sekinlik bilan 40°S ga ko‘tarish maqsadga muvofiq. Bolaning bosh aylanasiga ho‘l sochiqni o‘rab qo‘yish mumkin. Uni 10-15 daqiqa davomida qabul qilish maqsadga muvofiq sanaladi. So‘ngra bolani zudlik bilan sochiqqa o‘rab, o‘ringa yotqizish kerak.

Xantalli vanna. Mazkur vanna yuqori nafas yo‘llarining shilliq pardalari yallig‘lanishida qo‘llaniladi. Suv harorati 40-42°S dan yuqori bo‘lmasligi kerak. Xantal kukunining 3-5 grami shishali idishdagi 1 litr suvga solinadi. Sababi kukun suvda erib, undan hech qanday guvalachalar qolishi kerak emas. Idish og‘zi 10-15 daqiqaga yopib tindirib qo‘yiladi. Muolaja davomiyligi 5-8 daqiqa. Vannadan so‘ng bolaning oyog‘i toza suvda yuviladi va qalin paypoq kiygizib qo‘yiladi.

Moychechakli vanna. Ushbu vanna yallig‘lanishga qarshi, tinchlantiruvchi va og‘riqni qoldiruvchi xususiyatga ega. Damlamani tayyorlash juda oson. Butun boshli vanna uchun 300 gramm quritib, maydalangan moychechak gulini olamiz va uni 1 litr suvga 12 daqiqaga damlab qo‘yamiz. Keyin shifobaxsh giyohni 2-3 qavat dokadan o‘tkazib olamiz. So‘ngra vannaga damlamani quyamiz. Harorat 36-37, 5°S bo‘lishi, davolanish muddati esa 1 oylik chaqaloq uchun 3-4 daqiqa, agar bola 1-2 yoshda bo‘lsa 5-10 daqiqa, biroz katta yoshli bolalar uchun esa 10-15 daqiqa vanna tavsiya etiladi.

Yana o‘qing:  ShOIRANI YOD ETIB

Pediatr Surayyo AHMADALIYEVA tavsiyalari asosida Xurshida HUSENOVA tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: