Xotin-qizlar sporti: yuksalish pillapoyalarida

– Bobojon, bugun jismoniy tarbiya darsidan ikkita “5” oldim, – maqtandi maktabdan qaytgan Nozima.

– Barakalla, o‘zimning chaqqon qizim, “besh”laring ko‘payaversin, – nabirasining peshonasidan o‘pib qo‘ydi Asad aka. Xayol esa uni olis o‘tmish sari yetakladi.

U paytlarda qiz bolalarning jismoniy tarbiyadan besh baho olishi u yoqda tursin, shu darsda qatnashishining o‘zi muammo edi. Ota-onalar bo‘yi cho‘zilib, ko‘zga tashlanib qolgan qizlarini sport kiyimida ochiq sport maydonchasida yugurib yurishini xayoliga keltira olmasdi.

Institutni a’lo baholarga tugatgan Asadbek Qibray tumani, Tuzel qishlog‘idagi sobiq 44-maktabda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lib ish boshladi. Ustozlar o‘giti tufayli qishloqda qizlar sportini jonlantirishdek murakkab ishni niyat qilgan yosh o‘qituvchi 9-sinf qizlarining bo‘ychanligini ko‘rib xursand bo‘lib ketdi. Ular bilan suhbatlashdi. Maktabda qizlar basketbol va qo‘l to‘pi jamoasi tuzamiz deb ularning roziligini oldi. Biroq sport maydonchasi deb atalgan aslida maktab qorovulining yayloviga aylangan joyda sport kiyimida “lo‘killab” yugurayotgan qizlarini ko‘rgan ota-onalar bir zumda bu ishga chek qo‘ydi. Ular qizlarini sport bilan shug‘ullanishlariga qattiq qarshi bo‘lishdi. Asadning orzulari armonga aylandi.

Bugun esa qizlarimiz sport bilan zamonaviy sport zallarida bemalol shug‘ullanib xalqaro miqyosda g‘alabalarga erishib kelishmoqda.

– Maktabimizga yosh, shijoatli muallimning ishga kelgani biz o‘quvchilarni juda quvontirdi. Men uzoqlikka sakrash bo‘yicha qabul qilingan masofadan 20 sm, Muharram 15 santimetr ortiqroqqa sakray olardik. Yugurish tezligimiz ham juda yuqori edi. Shuning uchun imkoniyatdan foydalanib, Asad aka tashkil qilgan sport to‘garagiga qatnashmoqchi bo‘ldim. Biroq akam mening qiziqishim tugul mahoratimga ham e’tibor bermadi. Sal bo‘lmasa maktabga borishni ham ta’qiqlab qo‘ymoqchi bo‘ldi, – deb eslaydi Halima Alimova. – Ming shukurki, mustaqillik tufayli mening yuragimdagi armon tugunlari yechildi. Hozirda qishlog‘imizdagi uchta maktabda ham barcha sharoitlarga ega bo‘lgan sport zallari ishlab turibdi. O‘g‘lim dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldi. Nabiram Gulyuz badiiy gimnastika bo‘yicha shahar birinchiligida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Qishlog‘imizda nafaqat qizlar, balki men tengi ayollar ham sport zallarida o‘zimiz xohlagan sport turi bilan shug‘ullanayapmiz. Ayollarimiz ham, qizlarimiz ham sog‘lom.

Yana o‘qing:  NEGA QOR YOG‘MAYDI?

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab yurtimizda ona va bola salomatligini mustahkamlash, ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Bu yo‘nalishda esa bolalarni sport bilan oshno qilish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish muhim o‘rin tutadi. Shu sababdan yoshlarimizning sport bilan shug‘ullanishlariga alohida e’tibor qaratila boshlandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2002 yilda “Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi”ning tashkil etilgani esa, bu borada olg‘a tashlangan ulkan qadamlardan biri bo‘ldi.

Jamg‘arma tomonidan amalga oshirilgan ishlar bugungi kunda o‘z samarasini bermoqda. 2005 yilda yurtimizda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning 30 foizi, jumladan, qishloq joylarda 29 foizi sport bilan shug‘ullangan bo‘lsa, 2015 yilda bu raqamlar tegishli ravishda 57, 2 foiz va 56 foizni tashkil etmoqda. 2005 yilda mamlakatimiz miqyosida shu yoshdagi bolalar va o‘smirlar 43 turdagi sport mashg‘ulotlariga qatnagan bo‘lsa, bugungi kunda ular sportning 59 turi bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda.

Turli sport markazlari va to‘garaklarning tashkil qilinishi, musobaqa va tanlovlarning muntazam o‘tkazib borilishi sport har bir xonadonga kirib borishiga turtki berdi. Bugungi kunda yurtimizning eng olis, chekka hududlaridan ham chempionlar chiqayotgani ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning natijasidir.

Ayniqsa, qizlar sportida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ko‘plab O‘zbekiston va xalqaro miqyosdagi chempionlarning yetishib chiqayotganida namoyon bo‘lmoqda. Bu esa mamlakatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lgan ona va bola salomatligini ta’minlashda asos sifatida xizmat qilmoqda. Zero, qizlarimiz bo‘lg‘usi onalardir. Sog‘lom onadan esa sog‘lom farzand dunyoga keladi.

Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda “Qizlarimiz timsolida biz avvalambor bo‘lg‘usi onalarni, xalqimiz, millatimizning umidi va tayanchi hisoblangan kelajak avlodni dunyoga keltirib, voyaga yetkazadigan naslimiz davomchilarini ko‘ramiz”.

2015 yilda xalqaro sport musobaqalarda 479 nafar sportchi o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lsa, shulardan 166 nafarini qizlar tashkil qilgani, sportning qizlar orasida yildan yilga ommalashib borayotgani shunday sa’y-harakatlarning mevasidir.

Qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ta’minlash maqsadida yurtimizda ayol murabbiylar sonini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yuksak malakali sport murabbiylari, jumladan, xotin-qiz murabbiyalar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha yurtimizda yangi, samarali tizim joriy etildi. Buning natijasida 2015 yilda ayol sport ustozlari 2005 yilga nisbatan 3, 8 barobar ortdi.

Yana o‘qing:  JASORAT AYOLGA BEGONA FAZILAT EMAS

– Bir kuni qaddi-qomati bir oz bukchaygan qizni tekshiruvdan o‘tkazdim, – deydi oliy toifali shifokor Nasiba Kazakxonova. – Unda jismoniy harakatlar kamligini inobatga olib, sport bilan shug‘ullanishni maslahat berdim. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, uning qaddi-qomati to‘g‘rilanib, kelishgan, o‘ziga ishongan qizga aylanganining guvohi bo‘ldim. Sport qiz bolada o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash bilan bir qatorda, uning salomatligi uchun ham juda foydali. Ota – onalarga qizlarini 3-4 yoshdan boshlab gimnastika mashqlari bilan shug‘ullantirishlarini maslahat beraman. Shu bilan bir qatorda qiz bola 7 yoshga to‘lgandan so‘ng uni boshqa sport turlariga ham jalb qilsa bo‘ladi. Muhimi to‘g‘ri va tartibli olib borilgan mashqlardir. Bu o‘z navbatida qizlarning sog‘lom va durkun bo‘lib voyaga yetishlarini ta’minlaydi.

Xizmat safari yuzasidan Andijon viloyati Buloqboshi tumaniga borganimizda u yerda qizlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan imkoniyatlarni ko‘rib havasim keldi. Tumandagi 10 umumta’lim maktabi tarkibida faoliyat yuritatyogan sport to‘garaklari faoliyatidan bugun hamma mamnun. Nabiralarini qo‘llaridan ushlab sport to‘garaklariga olib kelayotgan buvijonlar ham ular bilan birga mashq qilishmoqda.

– Yoshligimizda qiz bolalarning sport bilan shug‘ullanishlari keskin tanqidga uchrardi, – deydi nabirasining nafis harakatlarini havas bilan kuzatayotgan Risolat aya Qodirova. – Bugun esa aholi orasida olib borilgan targ‘ibot va tashviqot ishlari natijasida sportning inson salomatligi uchun naqadar foydali ekanligi hayot haqiqatiga aylanib ulgurdi.

Darhaqiqat, Prezidentimizning “Hech narsa mamlakatni sportchalik tez dunyoga tanita olmaydi” degan gaplari bugun yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Sportning qaysi turi bo‘lmasin, O‘zbekiston yoshlari marrani katta olib, xalqaro shohsupalarda munosib o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Yurt dovrug‘i, oila sha’nini yuksaklarga ko‘tarishmoqda. Bu esa tabiiyki, o‘sib kelayotgan avlodlar hayotini ham sport bilan chambarchas bog‘laydi. Ularga o‘rnak bo‘ladi.

Farhod TOLIPOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: