45 daqiqalik IMKONIYAT

tajribali o‘qituvchi uchun yetarli muddat

Azim teraklar bir tekis bo‘y cho‘zgan so‘lim qishloq ko‘chalari. Qanchalar qadrdon, qanchalar dilga yaqin. Har tong To‘lqinoy opani o‘sha bag‘ri bolalar shovqiniga to‘la maktab sari kuzatib qo‘yayotgan yo‘llar esa mana o‘ttiz bir yildan buyon muallimaning mo‘tabar izlarini o‘pib qoladi.

Bu yilgi bahor o‘zgacha shukuh bilan boshlanib yana qirlarga yam-yashil poyondoz soldi. O‘quvchilarini tabiat qo‘yniga boshlab borayotgan ustozning chehrasida tabassum balqiydi. Chor-atrofdan taralgan qushlarning ajib sayrog‘i ko‘klam qo‘shig‘ini boshlagan kezida o‘quvchilarining adog‘i yo‘q savollariga javob berayotgan ustoz o‘zini aslo sevimli kasbidan ayro his qila olmaydi.

Ha, kechagina qo‘lidan tutib harf o‘rgatgan ustozlar o‘gitiga quloq tutib aslo kam bo‘lmagan To‘lqinoy opa Samarqand viloyati Narpay tumanidagi 16-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. – Boshlang‘ich bilimning bebaho asosi “Alifbe”ni o‘quvchilarga o‘rgatish jarayonida to‘rt oy yurib dars o‘tsang, to‘rt yil o‘tirib dars o‘tasan, mabodo erinib o‘tirib qolsang, to‘rt yil turib saboq o‘tasan, – degan edi ustozim Mardon Suvonov. Darvoqe, bir sinfda 30 nafardan ziyod o‘quvchi bo‘lgani bois 45 daqiqalik muddatda shuncha bolani nazorat qilish biroz murakkablik qiladi. Saboq jarayonida muallim har bir o‘quvchining oldiga borib uni hushyorlik bilan kuzatib borsagina bola do‘stlaridan ortda qolmay puxta bilim olishga intiladi. Yana bir muhim jihati maktab partasiga endigina kelgan murg‘ak qalb egasi e’tiborga juda muhtoj bo‘ladi. O‘qituvchining unga bo‘lgan e’tiboridan bola ruhlanadi. Bola bir nihol, uning parvarishi esa tajribali bog‘bonga bog‘liq, – deydi To‘lqinoy Qilicheva.

2015 yilda muallima mehnat qilayotgan maktabdan 35 nafar o‘quvchi oliy o‘quv dargohi talabasi bo‘lgani ham ushbu ta’lim maskanida o‘quvchilarga qay darajada bilimdon va tajribali, yuqori malakali ustozlar bilim berayotganidan dalolatdir. Bu xayrli ishlarda maktab raxbari Xudoynazar Pirimovning talabchanligi qo‘l kelmoqda. To‘lqinoy opa bilan bir safda mehnat qilayotgan Zarifa Sultonova, Jamila Hamroyeva, Salima G‘aniyeva, Faxriddin Hamroyev, Diyora Sultonova kabi tajribali ustozlarning sa’yi-harakati tufayli o‘quvchilar ko‘plab ijobiy natijalarni qo‘lga kiritishmoqda.

Ham sevimli kasbini ham oilada ayollik vazifasini birdek uddalab kelayotgan muallimaning ko‘plab shogirdlari bugun ustoz singari yosh avlodga saboq berib kelmoqda. Turmush o‘rtog‘i A’zam aka bilan to‘rt nafar farzandini oqil insonlar qilib voyaga yetkazdi. Vaqt esa o‘z tizginini tutib olib odimlayverar ekan. To‘lqinoy Qilicheva esa ana shu oliy hakam atalmish vaqtning har bir daqiqasini qadrlab o‘rgangan. Zero, bilim sarchashmasidan yosh avlodni bahramand etib kelayotgan muallimaning bugungi munavvar kuni poyoniga yetsada ertangi nurafshon tonggi yana bolalar kulgusiga ulanib ketishi shubhasizdir.

Yana o‘qing:  BAHOR KABI GO‘ZAL...

Jamila HAYDAROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: