GIRDOB
XXI asrda texnika taraqqiyoti va globallashuv jarayonining eng sara yutuqlari butun dunyoda e’tirof etilyapti. Shuningdek, ular bilan bog‘liq holatlarda yuzaga keladigan noxush oqibatlar ham e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Inson onggi va qalbini manfur g‘oyalar bilan egallashga qaratilgan harakatlardan har bir ziyoli ogoh bo‘lishi hamda boshqalarni ham hushyorlikka undashi zarur. Zotan, ko‘zga ko‘rinmas illatlarga qarshi ma’rifat bilan kurashish har bir davrning eng muhim va dolzarb masalasi bo‘lib kelgan.
Quyida hukmingizga havola etilayotgan hikoya ko‘pchilik uncha ahamiyat qilmaydigan, ammo mulohaza qilib ko‘rilishi zarur bo‘lgan bir mavzuda so‘z yuritadi.
Oybek bugun dadasining ishdan tezroq kelishini intizorlik bilan kutardi. “Dadamga qo‘ng‘iroq qiling, kelayotgan ekanmi? Ayting, tezroq kelsinlar…” deb dam-badam oyisini qo‘ng‘iroq qilishga undar, o‘zi bo‘lsa, ochiq derazadan boshini chiqarib, “Eh, dadam kelmayaptilar-ku!”, – deb qo‘yardi. Uning bezovtaligini kuzatgan buvisi:
– Tinchlikmi, bolajonim, nega muncha besaranjon bo‘lyapsan? – deya o‘qib o‘tirgan kitobini stol ustiga qo‘ydi.
– Buvijon, bugun dadam “Counter Strike” olib kelishlari kerak.
Buvisi unga ajablanib:
– Yangi o‘yinchoqmi? – deb so‘radi.
– Ey, buvijon, tushunmisiz-de… O‘yinchoq emas, kompyuter o‘yini, disk. Kompyuterda o‘ynayman, – deb yana deraza tomonga o‘girilib, dadasini kuta boshladi.
Xonaga endigina kirib kelgan Oybekning onasidan buvisi so‘radi:
– Kelin, Oybek qanaqa diskni aytyapti?
– Oyijon, Oybek uch kundan beri harhasha qiladi olib kelib bering, deb. Bugun olib kelib beraman, deb dadasi va’da bergan edilar. Kompyuterda o‘ynaydi. Ko‘chada shataloq otib yurgandan ko‘ra, oldimda tinchgina o‘ynab o‘tiradi. Ko‘chaga chiqmay, uyda o‘tirsa ham ba’zi paytlarda qayoqdagi savollarni berib, boshimni qotiradi. Xonasida o‘ynab o‘tirgani ham yaxshi.
Buvisi Oybekni yoniga chaqirib:
– Bolajonim, u qanaqa o‘yin? – deb so‘radi.
– Zo‘r o‘yin! Dushmanlarni o‘ldiramiz. Urush-urush…
Shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Oybek shu zumda eshikka otildi. Dadasi kelgan edi.
– Dada, diskni olib keldingizmi?
– Ha, o‘g‘lim, mana, hozir… – deb diskni o‘g‘liga uzatdi.
Oybek o‘yin yozilgan diskni olib xonasiga kirib ketdi. Kompyuterga berilib, zavq bilan o‘ynay boshladi. Kechgi ovqatga ham kelmadi.
Oradan ancha vaqt o‘tgach, buvisi, dadasi, oyisi o‘tirgan xonaga kerib keldi. Kompyuter qarshisida ko‘p o‘tirganidan, ko‘zlari qizarib ketgan edi.
– Ha, o‘g‘lim, o‘ynab bo‘ldingmi? Yutdingmi? Keyingi etaplarga chiqa oldingmi o‘zi? – deb so‘ray boshladi dadasi.
– Eh, dada, keyingi etaplarga o‘tolmadim…
– Aytgancha, alifbengni o‘qib, darslaringni qilganmiding?
– Yo‘q, dada. Endi qilaman.
– Nega oldin darslaringni qilib qo‘ymading? O‘g‘il bola bunday ish qilmaydi.
– Men bunga necha marta aytdim, – gapga qo‘shildi Oybekning oyisi. – “Dadam kelsinlar, keyin bajaraman”, deb bahona qildi.
Oybek esa dadasi bilan oyisining gaplariga parvo qilmay, xonada kitob o‘qib o‘tirgan buvisining oldiga bordi:
– Buvijon, siz ko‘p narsani bilasiz-ku, ayting-chi, bizda urush bo‘lmaydi-a?!.
Buvisi Oybekni mahkam bag‘riga bosdi. Gap o‘yinlarning ta’sirida ekanini anglab yetdi.
Iroda OBIDOVA