Farzandlar kamoloti – oydin kelajak kafolati
Yosh iqtidor sohiblarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, ularni yuksak ijodiy parvozlar sari ruhlantirish borasida amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli ishlar samarasida o‘g‘il-qizlarimiz nufuzli xalqaro ko‘rik-tanlovlar hamda musiqa va san’at festivallarida yuksak natijalarni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi va hech qachon kam bo‘lmasligini namoyon etmoqda.
Prezidentimizning 2015 yil 20 noyabrdagi “Bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2016–2020 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish va yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi 18-bolalar musiqa va san’at maktabida tashkil etilgan matbuot anjumanida bu boradagi ishlarning ko‘lami va ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Matbuot anjumanida ishtirokchilar 18-bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyati misolida yurtimizda so‘nggi besh yil ichida musiqa va san’at ta’limi rivoji yo‘lida amalga oshirilgan ishlar va ularning samaradorligi, istiqboldagi rejalar bilan tanishtirildi.
Mazkur muassasa bugun san’at sirlarini o‘rganishga oshufta yoshlarning sevimli maskaniga aylangan. Hozir bu yerda 320 nafardan ziyod o‘g‘il-qiz bilim va mahoratini oshirmoqda. Ular malakali o‘qituvchi va murabbiylardan milliy va jahon musiqa asboblarini chalish, an’anaviy xonandalik, tasviriy va amaliy san’at kabi 14 yo‘nalish bo‘yicha saboq olayotir.
– Ushbu hujjat hamda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining yaqinda bo‘lib o‘tgan Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida ishlab chiqilgan manzilli dasturga muvofiq 2016–2020 yillarda 14 ming 700 o‘rinli 98 bolalar musiqa va san’at maktabini barpo etish belgilangan. Ular 72 nomdagi o‘quv qo‘llanma va adabiyotlar, notalar to‘plami hamda ko‘rgazmali materiallar bilan ta’minlanadi. Joriy yilda 18 ta shunday muassasada qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi, – deydi Xalq ta’limi vazirligining musiqa va san’at ta’limi muassasalari boshqarmasi boshlig‘i Qosim Otamirzayev.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, farzandlarimizni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazishda jismoniy tarbiya va sport bilan bir qatorda san’at tarbiyasi, musiqiy tarbiya ham beqiyos ahamiyatga ega. Chunki, jismoniy tarbiya va sport odamning irodasini tarbiyalab, sog‘lig‘ini mustahkamlashga hissa qo‘shsa, musiqa san’ati uning ruhiga oziq beradi, qalbini, eng nozik tuyg‘ularini kamolga yetkazadi.
Sh. XO‘JAQULOV