Til o‘rganish: qoida va me’yorlar
Xorijiy tillarni bolalikdan o‘rganishning ahamiyati katta. Chunki, bu davrda bola axborotni tez qabul qilish bilan birga uning nutqi ham yaxshi rivojlanadi. Shuning uchun ham hozirda chet tillarni o‘qitish maktabgacha ta’lim muassasalaridayoq yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bolalarning qiziqish va talabidan kelib chiqqan holda mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
Quyida bolalarga xorijiy tillarni o‘rgatishda ota-onalar hamda tarbiyachilar nimalarga ko‘proq e’tibor berish kerakligi haqida Zangiota tumanidagi 59-sonli umumta’lim maktabi ingliz tili o‘qituvchisi Elnura Sodiqova tavsiyalari bilan tanishamiz.
Bolaga chet tilini necha yoshdan o‘rgatish kerak?
Taxminan ikki yoshdan boshlab bola o‘z ona tilini ongli ravishda bila boshlaydi. Unda til va tafakkurning rivojlanishi birgalikda kechadi. To‘rt yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan oraliqda bolada xorijiy tilni o‘rganish ko‘nikmasini hosil qilish mumkin. Asosiysi, xorijiy tilni erta o‘rganishning talablariga amal qilish kerak.
Qiziqarli mashg‘ulotlar
Maktabgacha ta’lim muassasasi yoshidagi bolalarga xorijiy tilni o‘rgatish alohida e’tibor va mas’uliyatni talab etadi. Ya’ni grammatika qoidalarini tushuntirishdan voz kechib, bolaning dunyoqarashi va qiziqishidan kelib chiqib, oson, o‘zlashtirishga qulay bo‘lgan dars olib boriladi. Bunda, albatta, sodda matnlar, she’rlar, matal va hikoyalarning o‘rni katta. So‘z va matnlarni rasmlar bilan izohlash, ko‘rgazmali qurollardan imkon qadar ko‘proq foydalanish yaxshi samara beradi.
Tilni o‘rgatish jarayonida bolani gapirishga ko‘proq undash lozim. Talaffuz chet tilini o‘rganishning muhim tarkibi hisoblanadi. Bunda texnik vositalarni ishga solish yaxshi natija beradi. Bola chet tilidagi ovozli matnlarni qayta-qayta tinglash orqali uni xotirasida saqlab qoladi va taqlidan og‘zaki nutqqa ko‘chiradi. Masalan, qofiyali matnlar, she’r va qo‘shiqlardan foydalanish bolaga zavq beradi hamda uning xotirasida tez saqlanib qoladi.
Bolalar o‘yin shaklidagi dars jarayonini yoqtiradi. Turli xil bellashuvlar va sahna ko‘rinishlari shular jumlasidan. Qiziqarli mashqlarga yo‘naltirilgan dars jarayoni o‘quv samaradorligini oshiradi.
O‘qituvchi va o‘quvchi
Kichik yoshlilarga xorijiy tilni o‘rgatishda asosiy mas’uliyat o‘qituvchi zimmasiga tushadi. O‘qituvchi dars vaqtida qo‘llamoqchi bo‘lgan vositalarni tanlayotganda bola hayotiga va qiziqishlariga yaqin bo‘lgan ob’yektlarga e’tibor qaratishi lozim. Buning uchun esa, o‘qituvchi, o‘quvchisi haqida, uning bilim darajasi, o‘rganish ehtiyoji va imkoniyatlari haqida mukammal ma’lumotga ega bo‘lishi zarur.
O‘qituvchi darsda imkon qadar xorijiy tilda so‘zlashi lozim. Shunda o‘quvchining yot so‘zlarni tushunishi tezlashadi.
O‘qituvchi o‘quvchisining xato qilayotganini bilsada uning gapini bo‘lmasdan tinglashi va so‘ngra beozor tuzatishi lozim.
Topshiriqlarni berishda o‘quvchining o‘zi ishtirok etsa, bu uni darsga yanada yaqinlashtirib, ertangi darsga nisbatan qiziqishini oshiradi.
Dars jarayoni
Ko‘pchilik xorijiy tilni o‘rgatishda faqat kam sonli darsliklardan foydalanishadi. Bolaning yangilikka o‘ch bo‘lishini hisobga oladigan bo‘lsak, yangi-yangi qiziqarli darsliklardan, turli o‘quv vositalaridan foydalanish bolani zerikishdan darsdan bezishidan himoya qiladi.
Muloqotsiz xorijiy tilni o‘rganishda nutqni o‘stirishning imkoni yo‘q. Eng sodda va qisqa muloqotlar kutilganidan ortiq samara beradi. Dars jarayonida sinfdagi barcha o‘quvchilarning ishtirokini birdek ta’minlash zarur. Mashg‘ulotlar qiziqarli va tushunarli bo‘lishi bilan birga vazifalar ham mohiyati va mazmuniga qarab bir xil taqsimlanishi kerak. Darhaqiqat, bugungi kunda xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan talab kundan-kunga oshib bormoqda. Endilikda ota-onalar ham bevosita tashabbus ko‘rsatib darsdan tashqari olib borilayotgan mashg‘ulotlarda ham farzandlari ham o‘zlari birdek xorijiy tilni o‘zlashtirmoqda. E’tiborlisi, oilada shakllangan o‘zaro muloqot natijasida tilni o‘rganish oson va qiziqarli kechadi. Biroq, bu ma’lum vaqtni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak. Chunki, doimiy xorijiy tilni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish va faollik o‘z ona tilimizga bo‘lgan e’tiborning susayishiga olib kelmasligi lozim. Shunday ekan, har narsada me’yor bo‘lgani kabi chet tilini o‘rganishda ham me’yor va qoidalarga amal qilish maqsadga muvofiqdir.
Mayna HASANOVA
tayyorladi