QON BOSIMI NEGA PASAYADI?
Qovoqlaringiz og‘irlashib, ko‘zlaringiz yumilib ketyaptimi? Na achchiq qora choy va na qahva yordam bermayaptimi? O‘ylab ko‘ring, balki gipotonikdirsiz?
Tibbiyotda qon bosimining katta yoshlilarda 90/60, bolalarda esa 70/40 mm simob ustunidan pasayib ketishi gipotoniya (arterial gipotenziya) deb ataladi. To‘g‘ri, bu kasallik natijasida gipertoniyada bo‘lgani kabi infarkt yoki insult kelib chiqmaydi, lekin bemor holsiz bo‘lib qoladi, uning ish qobiliyati pasayadi.
Odam nega bunchalik tez charchab qoladi?
Sog‘lom kishida yurak-qon tomir tizimi bir me’yorda ishlaydi. Gipotoniya kasalligida esa qon tomirlar haddan tashqari kengayib, uning tarangligi pasayib ketadi. Natijada yurak-qon tomir tizimi faoliyati buziladi. Qonning ko‘p qismi tomirlarda qolib, yurakka kam yetib keladi. Oqibatda yurak chiqarib beradigan qon miqdori pasayadi. Bosh miya qon tomirlari ham qon bilan to‘la ta’minlana olmaydi. Gipotoniklar quvvatsizlik va ko‘p terlashdan noliydilar. Asabning qattiq buzilishi, vaqtida dam olmaslik, surunkali ravishda to‘yib uxlamaslik, kam harakatlilik qon bosimining pasayishiga olib keladi. Shuningdek, tashqi salbiy omillar – ionli radiatsiya, benzol, qo‘rg‘oshin bilan ko‘p aloqa qiluvchilar ham qon bosimi pasayishiga moyil bo‘lishadi. Gipotoniya ba’zi kasalliklar (Addison, miksidema, gipoglikemiya, o‘tkir va surunkali gepatit) asorati sifatida, qon bosimini tushiradigan dorilarni ko‘p ishlatish oqibatida ham kelib chiqishi mumkin.
Uyqu – eng yaxshi dori
Gipotoniyaga chalingan kishi, albatta, tiniqib, 9-10 soat uxlagani ma’qul. Uyqudan uyg‘onib, birdaniga turib ketmaslik kerak. Ma’lumki, odam uxlaganida qon asosan jigar, ichaklar, taloqda to‘plangan bo‘ladi va bosh miya qon bilan to‘liq ta’minlanmaydi. Bunday vaziyatga gipotonik birdaniga o‘rnidan tursa, boshi aylanishi, hatto, hushidan ketib qolishi mumkin. Buning oldini olish uchun yotgan holatda yengil gimnastika mashqlarini bajarish (qo‘l barmoqlari, tizza va tirsak bo‘g‘imlarini bukish) kerak. Umuman, gipotoniyada piyoda sayr qilish, suzish, og‘ir jismoniy zo‘riqish talab qilmaydigan sport o‘yinlari bilan shug‘ullanish foydali.
Parhez haqida
Gipotonikning taomlarida mineral moddalar va vitaminlar, ayniqsa, V1, S, R yetarli bo‘lishi kerak. Grechixa va suli yormasidan tayyorlangan bo‘tqalar foydali. Sabzi, qizilcha, baqlajon va sitrus mevalar yeb turish kerak, yog‘li va xamir ovqatlardan esa tiyilgan ma’qul. Bemor uchun qora tut juda foydali.
Fazilat SA’DULLAYEVA,
1-Respublika tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi