HAR KUN hamroh bolalik
Ayol, unda butun olam quvonchi, do‘stlarga xos jonkuyarlik, qalbi daryo onalik hissi mujassam. Ayol sevgisidan bahramand bo‘lmagan, uning mardligidan madad olmagan inson bo‘lmasa kerak, nazarimda.
Oramizda shunday ayollar borki ularga chin ma’noda havas qilasan kishi. O‘zgalarga o‘rnak qilib ko‘rsatging keladi. Jumladan, yaxshi inson haqida so‘zlash, uni davralarda alqab o‘tish yaxshi-da. Ayniqsa, o‘z ishiga mas’uliyat va chin sadoqat bilan yondashganlar haqida qancha ko‘p so‘z aytsak o‘zgalarga o‘rnak bo‘lsa bo‘ladi-ki, hech qusur bo‘lmaydi…
Tajribali jurnalist, pedagog, fidoyi inson Dilorom opa Hotamova ham ayollarga xos nazokatu, bosiqligi bilan jamoamizda ajralib turadi. Anchadan buyon shu inson haqida maqola yozishni dilimga tugib yurgan edim. Chunki, uni odamiylik, tirishqoqlik, mehnatsevarlik o‘ziga yuklatilgan har bir vazifani sidqidildan ado etuvchi inson sifatida yaxshi bilaman va hurmat qilaman. Ba’zan yoshlarda ham uchramaydigan g‘ayrat-shijoatini ko‘rib, beixtiyor opaga havasim keladi.
Otasi Muhammadjon Hotamov va onasi Farizaxon aya Rustamova 5 nafar qiz va bir o‘g‘ilni ziyoli, el-yurt koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalashgan. Ko‘p yillar oliy o‘quv yurtida talabalarga saboq berib, halol mehnat qilib, ahil-inoq yashagan ota-onasiga havas qilgan Dilorom opa ham ulardek bag‘ri keng ustoz bo‘lishni diliga tugib qo‘ygan.
O‘qituvchi bo‘lish orzusida 1978 yilda poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 124-o‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlab, Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitetiga o‘qishga qabul qilingan. 1982 yilda mazkur institutni imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Bolalikning beg‘ubor olamini chin dildan sevuvchi opa mana salkam 40 yilga yaqinlashibdiki, bolajonlar, o‘quvchilar davrasida. Bugungi kunda Respublika bolalar va o‘smirlar nashri “Tong yulduzi” gazetasida katta muxbir sifatida mehnat qilayotgan Dilorom opa o‘zining qutlug‘ 55 yoshini nishonlash arafasida.
Opa bolajonlarga atalgan maqola, hikoya, xabarlarni sodda, ravon, tushunarli tilda yozib, ularning ko‘ngliga yo‘l topa oladi. Tahririyatda esa katta hayotiy tajribaga ega mutaxassis sifatida yoshlarga o‘rnak bo‘lib, o‘z tajribalarini ular bilan o‘rtoqlashadi. Aytishadiki, yaxshi ustoz bo‘lish uchun nimani o‘qitsang – o‘shanga, kimni o‘qitsang – o‘shalarga mehr qo‘ymog‘ing lozim. Ana shundagina kasbning barakasiga, elning olqishiga erishasan. Dilorom opa ham shogirdlar rahmatiga, kasbning barakasiga erishgan mana shunday mas’uliyatli insondir.
Albatta, ayolning yana bir baxti, bu naslimiz davomchilari bo‘lmish solih farzandlarning borligida. Bugun opamiz uch nafar qizlarini uyli-joyli qilib, hozirda shirindan-shakar yetti nafar nabiraning sevimli buvijonisidir.
Biz tahririyat xodimlari, bu mehnatkash, dilkash inson Dilorom opaga faqat va faqat tani sihatlik, xotirjamlik, yaqinlarining rohatini ko‘rib yurishlarini tilaymiz. Yuzlaridan tabassum, chehralaridan nur sira arimasin. U kishining baxtiga volidayu muhtaramasi Farizaxon aya sog‘ va omon bo‘lsin. Zero, onaning sidqidildan qilgan duolari albatta, ijobat bo‘ladi.
Manzura UBAYDULLAYEVA