JAHONDA YAGONA ASAR

Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub har bir asar bu ulug‘ insonning ichki dunyosi haqida xabar beradi, jasorati, e’tiqodi, ilmi, beqiyos iste’dodining isboti bo‘lib turibdi.

Bobur Mirzoning she’riy devonlari, din ilmlari – aqida va fiqhga bag‘ishlangan “Mubayyan”, adabiyotshunoslikka doir “Risolai aruz” (“Muxtasar” nomi bilan ham ma’lum) risolalari ichida “Boburnoma” alohida o‘ringa ega ekani shubhasiz. Chunki, “Boburnoma” orqali biz Zahiriddin Muhammad Boburni chinakam musulmon, zabardast podshoh, sohib tajriba sarkarda, sinchkov olim, teran kuzatuvchi, nozikta’b adabiyotshunos, talabchan tilshunos, asl adib sifatida kashf etamiz.

Uning birgina “Boburnoma”si jahonda yagona asar deb e’tirof etiladigan kitobdir. Chunki, buning uchun asoslar yetarli. Avvalo, umrining asosiy qismi jangu jadallarda, sarsonu sargardonlikda kechgan, hamisha saltanat ishlari bilan band bo‘lgan jahongashta insonning bu qadar ulkan kitob yozishi diqqatga sazovor.

Boburning ruboiylari uning she’riyati cho‘qqisidir. Boburdan oldingi va keyingi shoirlar bu bobda unga yeta olmaganlar. Umar Hayyomning ruboiylari kabi uning ruboiylari ham falsafiy fikrlarga boy, shaklan mukammal edi.

OYBEK

Ikkinchidan, kitob muallifidagi samimiyat o‘quvchini o‘ziga sehrlaydi. “Boburnoma”ni o‘qir ekansiz, Zahiriddin Muhammad Boburning fe’l-atvoridagi shiddat, g‘ayrat va joziba sizni mutlaq o‘z olamiga tortib ketadi. Mutolaa jarayonida uning qisqa-qisqa jumlalarini, ikkinchi marta takror aytilmaydigan amrlarini tinglaysiz, har qanday vaziyatda ham adolatdan chekinmasligini, o‘limga tik borishini, uning muslim banda sifatida Allohga qullik qilib turganini ko‘rasiz.

“Boburnoma” asari bilan tanishgan xorijiy olimlar e’tirof etadilarki, Bobur shaxsiyatidagi ochiqlik, mardlik ularni shu asarni o‘z tillariga tarjima qilishlari uchun sabab bo‘lgan.

Jahon xalqlari – turfa. Ularning hayot haqidagi qarashlari farqlanadi. Har bir millat o‘zi uchun xos ideal yaratgan. Biri ikkinchisini takrorlamaydi. Biri ikkinchisiga ergashmaydi. Shuning uchun bir millat qahramoni ikkinchisi uchun hayratlanarli bo‘lmasligi tabiiy. Ammo Bobur Mirzo bu kabi chegaralarni, qobiqlarni sindirdi: dunyodagi qaysi millat vakili uning asarini o‘qimasin, uni chin dildan yaxshi ko‘rib qoldi. Qolaversa, “Boburnoma” jahondagi 30 dan ziyod tilga tarjima bo‘lgani fikrimizni tasdiqlaydi.

“Boburnoma”da muallif o‘ziga xos uslub yaratgan. Bu uslub XV asr Movarounnahr va Xuroson xalqlari so‘zlashgan til, ularning jumla tuzish shakllaridan darak beradi. Biz “Boburnoma”dagi aksariyat jumlalarning qisqa va quyma ekanligini ko‘ramiz. Holbuki, Bobur Mirzoga zamondosh bo‘lgan turkiy til olimlarning asarlari o‘ta jimjimador uslubda. Ularda tasvirlar quyuq, tashbihlar ko‘p. Ammo Bobur Mirzo bu yo‘ldan bormaydi. Hatto, o‘g‘li Humoyunga maktub yozganida “Takalluf qilmay yoz” deya ta’lim bergan.

Yana o‘qing:  UCH EGIZAK – OILA QUVONCHI

Bu Zahiriddin Muhammad Boburning o‘ziga xos xarakteri – tabiati belgisidir.

Bobur – dilbar shaxs. Uyg‘onish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam bo‘lgan. U san’atni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur qilishni yaxshi ko‘rardi.

Javoharla’l Neru

Bobur Mirzo o‘zi borgan, yashagan har bir hududni batafsil tasvirlashga harakat qilgan. O‘zi ko‘rgan va bilgan shaxslarni alohida-alohida ta’riflagan. Ularning ijobiy va salbiy jihatlarini aytib o‘tgan.

“Boburnoma”da Movarounnahr, Xuroson va shimoliy Hindiston shaharlari, tabiati, xalqi, urf-odatlari, tarixi, iqlimi to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan. Har bir ma’lumot puxta va mantiqqa asoslangan.

Masalan, asarda Farg‘ona viloyatiga berilgan ta’rif quyidagicha:

Farg‘ona beshinchi iqlimdan. Sharqi Qoshg‘ar, g‘arbi Samarqand, janubi Badaxshon tog‘lari, shimolida esa qadimda turli shaharlar bo‘lgan, ammo Bobur davrigacha buzilib ketgan. Farg‘ona viloyati deyarli tog‘ bilan o‘ralgan, ammo g‘arbida Samarqand va Xo‘jand shaharlari bor. Sharqiy tarafidan Sayhun daryosi oqadi, ammo bu daryo Turkiston tarafga borganda qumga singib ketadi.

Farg‘ona yetti qasabadan iborat: Andijon, O‘sh, Marg‘inon, Isfara, Xo‘jand, Axsi, Koson. Bobur bu qasabalarning har biri haqida to‘xtalgan, atroflicha ma’lumot bergan. Masalan, Axsi haqida shunday yozadi:

“Farg‘onada Andijondin so‘ngra mundin ulug‘roq qasaba yo‘qtur… Qovuni yaxshi bo‘lur. Bir nav’ qovundurkim, “Mir Temuriy” derlar, andoq qovun ma’lum emaskim olamda bo‘lg‘ay. Buxoro qovuni mashhurdir. Samarqandni olg‘on mahalda Axsidin, Buxorodin qovun kelturub, bir majlisda kesturdim, Axsi qovunining hech nisbati yo‘q erdi.

Ovi qushi bisyor yaxshi bo‘lur. Sayhun daryosining Axsi tarafi dashttur. Oq kiyigi bisyor bo‘lur. Andijon tarafi jangaldur. Bug‘u-maral, qirg‘ovul va tovushqoni ko‘p topilur, asru semiz bo‘lur”.

Diqqat bilan o‘qigan kitobxon Boburning uslubini yaxshi his qiladi, ba’zi so‘zlarni lug‘atdan ko‘rishga erinmasa, asarning latofati, unda aks etgan mazmun shubhasiz uni rom etadi.

Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari:

“Qobul devoni”

“Hind devoni”

“Tehron devoni”

“Boburnoma”

“Mubbayin”

“Muxtasar”

“Volidiya”

“Xatti Boburiy”

“Risolai qofiya”

“Harb ishi”

“Musiqa ilmi”

Biz “Boburnoma” orqali shoh Boburning zamoniga borib qolgandek bo‘lamiz.

Bobur Mirzo shaxslarga baho berishda ularning hurmatini saqlaydi. Mardona va odil insonlarni qadrlaydi, ba’zi odamlarni esa nima uchun yomon ekanini ko‘rsatadi. Asnoda o‘quvchini mardlikka, jasoratga targ‘ib qiladi, salbiy illatlardan qaytaradi.

Yana o‘qing:  Ulug‘ siymoga ehtirom

Bobur sof hanafiy mazhabida ahli sunna val jamoat e’tiqodida bo‘lgan. Shuning uchun u o‘z zamondoshlarini ta’riflashda bu jihatlarga diqqat qaratgan, ularning ibodatda mahkam turganlarini mehr bilan alqagan, xususan, o‘z otasi haqida shunday deydi:

“Hanafiy mazhabliq, pokiza e’tiqodliq kishi edi, besh vaqt namozini tark qilmas edi, umriy qazolarini tamom qilib edi, aksar tilovat qilur edi. Hazrat Xoja Ubaydullog‘a irodati bor erdi, suhbatlarig‘a bisyor musharraf bo‘lub edi. Hazrat Xoja ham “farzand” deb erdilar”.

E’tibor berilsa, jumla ohanglarida o‘ziga xos mamnuniyat seziladi. Bobur Mirzo o‘zining sof e’tiqodli chin musulmon farzandi ekanidan faxrlanadi.

Umuman olganda bu kabi ta’rif va tavsiflarni o‘qib guvoh bo‘lamizki, Bobur har qanday holatda ham xolis bo‘lishga intilgan. G‘animlari haqida so‘z aytganda ham ularning ijobiy sifatlarini nazardan qochirmaydi, hech bo‘lmasa, yaxshi jangchi, tajribali sarkarda ekaniga urg‘u berib o‘tgan. Bu ham uning mardligi va adolatiga dalildir.

“Boburnoma” – ma’naviy xazina. U bugungi kun insonlarini tarbiya qila oladigan asar. Uni o‘qish orqali biz o‘z ajdodlarimizni yaxshiroq taniymiz, ularning xatolari, yutuqlari haqida xabar topamiz. Aytib o‘tilganidek, asar tarix, geografiya, tabiatshunoslik kabi qator sohalardan ham bilim bera oladi.

Shu va boshqa ko‘plab ijobiy sifatlarga ega bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur va uning “Boburnoma” asari uzoq yillar xalqimiz uchun ardoqli bo‘lib qolaveradi.

Akrom Malikov,

O‘zMU magistranti

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: