Iqtidorli yoshlar yurt istiqboli

Farhod sport bilan shug‘ullanardi. Hayotini basketbolsiz tasavvur qilolmas edi. Ota-onasi o‘g‘lining qiziqishlarini rag‘batlantirib turar, kelajakda, albatta, chempionlikni qo‘lga kiritishiga ishonardi.

Biroq, shuning bilan birga unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishni ham kanda qilmasdi. “O‘g‘il bolaning hunari bo‘lgani yaxshi. Baribir o‘qish-o‘rganish kerak. Hayot uchun faqat sportning o‘zi kamlik qiladi. Biz haqiqiy barkamol shaxs sifatida ulg‘ayishingni istaymiz. Buning uchun esa kuchli bilim sohibi bo‘lish, hunar o‘rganish zarur…”

Umumta’lim maktabining 9-sinfida tahsil olayotgan Farhodning sinfiga kirgan o‘qituvchi Toshkent Politexnika kasb-hunar kollejida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etilayotgani, qiziqqanlar borib, o‘quv muassasasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishi haqida aytib qoldi.

…O‘quvchilarni kollej direktori Komiljon Musayev va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Umar Alqorov iliq kutib oldi.

– Bu fizika-kimyo fani laboratoriya xonasi. Ko‘rib turganingizdek, shinam va qulay. Eng so‘nggi laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan, – muassasa hayoti bilan tanishtirishda davom etardi Komiljon Musayev. – Kollejimizda bunday tajriba xonalari bir nechta. Ularda fizika, kimyo fanlaridan olgan nazariy bilimlaringizni amalda sinab ko‘rasiz. Mutaxassis-o‘qituvchilar esa sizga yaqin ko‘makdosh bo‘ladi. Ularning har biri chuqur bilim va tajribaga ega…

Farhod direktorning so‘zlarini tinglarkan, muassasada 1 ming 200 nafarga yaqin o‘quvchi sakkiz yo‘nalishda saboq olayotgani, ularga 50 nafardan ziyod pedagog dars berayotganidan boxabar bo‘ldi. Beixtiyor, o‘zini ham muassasa o‘quvchisidek his qila boshladi. Birma-bir o‘quv xonalari, u yerdagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Tengqurlari kabi o‘zini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Kollejda zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan chet tili xonalari mavjudligi, o‘quvchilar orasida bir necha xorijiy tillarda bemalol suhbatlasha oladigan yoshlar borligini ko‘rib, ularga havas qildi. “Sportchi ko‘p til bilishi kerak”, o‘ziga-o‘zi ta’kidladi u. Birdan xayoliga kelgan fikrni aytishdan o‘zini tiyolmadi. Kollej rahbariyatiga savol bilan yuzlandi.

– Kollej ixtisosligidagi to‘garaklar ham tashkil etilganmi, hunar o‘rganishimiz uchun ustaxonalar mavjudmi?

– Albatta, siz bilim olishingiz, hunar o‘rganishingiz uchun barcha sharoitlar muhayyo, – deya javob berishga hozirlandi Umar Alqorov. – Sport, maxsus fanlar va kasb-hunarga yo‘naltirilgan 40 ta to‘garak tashkil etilgan. Ular o‘quvchilar bilan gavjum. Ustaxonalarda keng turdagi kiyim-kechaklar modeli, elektr jihozlari va tarmoqlarini montaj qilish, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantiriladi. Bundan tashqari o‘zingiz qiziqqan fan bo‘yicha to‘garaklarda ishtirok etishingiz, oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlariga tayyorlanishingiz mumkin…

Yana o‘qing:  Soatiga 1000 ta, daqiqasiga 17 ta yong‘in

Ha, bu voqeaga ham qariyb uch yil bo‘libdi. Farhod Yusupov hozir kollejning 3-bosqich o‘quvchisi. Shu davr mobaynida u bilim olish bilan birga sportni ham tashlab qo‘ymadi. Uning tengqurlari orasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham borligi unga ruh berdi. Xususan, shu kollej o‘quvchilari Darya Sayotova badiiy gimnastika bo‘yicha, Anna Kuchukova sportning suzish turida bir necha xalqaro tanlovlar g‘olibi va sovrindorlari safidan joy olgan. Violetta Karpenka esa qo‘l to‘pi bahslarida terma jamoa safida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Darvoqe, Farhod Yusupov ham ota-onasining ishonchini oqladi. U Namangan shahrida bo‘lib o‘tgan “Barkamol avlod – 2014” sport o‘yinlarida Toshkent shahri jamoasi nomidan ishtirok etib, basketbol bahslarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Chempion degan nomga sazovor bo‘ldi.

Muassasa o‘quvchilarining yutuqlari faqat bugina emas. Yaqinda Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti tomonidan o‘tkazilgan “Yosh ixtirochi – 2016” respublika tanlovida o‘quvchilar – Nikolay Kim hamda Viktor Belenko muhandislik ishlanmalari nominatsiyasida ishtirok etib g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Darhaqiqat, muvaffaqiyatlar o‘z-o‘zidan kelmaydi. Uning ortida mehnat, intilish va izlanish yotadi. Qolaversa, bu yutuqlarning asosiy zamirida hukumatimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘z ifodasini topmoqda. 2014–2015 o‘quv yilida muassasani 396 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, ularning 354 nafari ish bilan ta’minlandi. 35 nafari esa oliy o‘quv yurtlari talabasiga aylandi. 8 nafar o‘quvchi o‘zining tadbirkorlik faoliyatini boshladi.

Xalqimiz farzandlarining kamolotini ko‘rish, ularning nodir qobiliyat egasi sifatida voyaga yetayotganini his etish kimni quvontirmaydi, deysiz. Bu istiqlolimizning eng katta yutuqlaridan biri, desak mubolag‘a bo‘lmas.

Bahodir HALIMOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: