SOG‘LOM BOLA DASTURXONI
MAZALI VA FOYDALI BO‘TQALAR
Sizga tavsiya etiladigan navbatdagi taomlar go‘dagingiz bir yoshga to‘lguniga qadar nafaqat mazali bo‘lishi bilan birgalikda foydali hamdir.
Bu yoshdagi bolalar uchun taom tarkibi jihatidan oddiy va jajjilarning og‘ziga yoqadigan bo‘lishi kerak. Axir bolani kichikligidan yaxshi oziqlanishga o‘rgatish lozim-da. Shuning uchun Sizga bir yoshli bolalarga mo‘ljallangan bo‘tqalar tavsiya etamiz.
“OLTIN” BO‘TQA
(5 oylikda)
Buning uchun 2 dona kartoshka, 4 osh qoshiq sut yoki 1 choy qoshiq tabiiy saryog‘ kerak bo‘ladi.
Tayyorlanishi: tozalangan kartoshkani bug‘da yoki duxovkada dimlaymiz. Tayyor bo‘lgan kartoshkalarni issiq holda blenderdan yoki elakdan o‘tkazamiz. Shu orada qaynoq sutni quyib turamiz. Hosil bo‘lgan bo‘tqani gazga qo‘yib 2-3 daqiqa qaynatamiz. So‘ng unga saryog‘ solinadi va sovutiladi.
RANGLI KARAM VA QOVOQCHALI BO‘TQA
(6 oylikda)
Buning uchun 50 gr. rangli karam, 60 gr. kabachka, 2 osh qoshiq sut, yarim choy qoshiq o‘simlik yog‘i kerak bo‘ladi.
Tayyorlanishi: sabzavotlar oqib turgan suvda yaxshilab yuviladi. So‘ngra karam tozalab olinadi. Ikkala sabzavotni ham uncha katta bo‘lmagan bo‘laklarga bo‘lib chiqing hamda sirli idishga soling. Uning ustidan masalliqni ko‘mgunga qadar qaynatilgan suv solinadi. Idish qopqog‘ini yopib, tayyor bo‘lguniga qadar pishiriladi. Pishgan sabzavotlarni issiqligida mayda elakdan bir xil massa hosil bo‘lgunga qadar o‘tkaziladi. So‘ng ustiga qaynoq sut solinadi. 1-2 daqiqa gazda qaynatib olinadi. Tayyor bo‘lgan bo‘tqaga o‘simlik yog‘i solinib aralashtiriladi. Qarabsizki, bo‘tqa tayyor.
SABZILI BO‘TQA
(7 oylikda)
Buning uchun 1 dona sabzi, 2 osh qoshiq sut, 0, 5 osh qoshiq saryog‘ kerak bo‘ladi.
Tayyorlanishi: tozalab yuvilgan sabzini to‘rtburchak shaklda to‘g‘rab sirli idishga solamiz. Uni ko‘mgunga qadar ustidan qaynoq suv quyib gazga qo‘yamiz. Sabzini past olovda qopqog‘i yopilgan holda pishirib olinadi. Uni bug‘da pishirsa ham bo‘ladi. So‘ng pishgan sabzini mayda elakdan bir xil massa hosil bo‘lgunga qadar o‘tkazib olib, saryog‘, qaynoq sut solinadi va aralashtiriladi. 2-3 daqiqa qaynatib olinadi. Bu taom bola organizmiga yanada yaxshi singishiga yordam beradi.
SABZAVOTLAR “SIMFONIYASI”
(8 oylikda)
Buning uchun 1/5 kartoshka, 30 gr. sabzi, qovoq, lavlagi, karam, 2 osh qoshiq sut, 0, 5 osh qoshiq o‘simlik yog‘i kerak bo‘ladi.
Tayyorlanishi: tozalangan sabzavotlar oqib turgan suvda yaxshilab yuviladi. So‘ngra ular mayda bo‘laklarga bo‘linib, sirli idishga solinadi. Suv solib, usti yopiq holda past olovda dimlanadi. Suvni bug‘lanib ketishiga yo‘l qo‘ymang. Sabzavotlar yumshab o‘zidan yoqimli bo‘y taratsa qarabsizki masallig‘imiz tayyor hisoblanadi. Uni issiqligida darhol elakdan o‘tkazib bir xil massa hosil bo‘lguncha sut qo‘shiladi. Keyin uni 1-2 daqiqa qaynatib olamiz. Bo‘tqaga o‘simlik yog‘i solingach tayyor bo‘ladi.
“AJOYIB UYG‘UNLIK”
(9 oylikda)
Buning uchun: qovoqchaning 150-200 gr. yumshoq eti, 50 gr. tovuq yoki kurka go‘shtining lahm qismi, 0, 5 litr sut, 1 osh qoshiq saryog‘ kerak bo‘ladi.
Tayyorlanishi: yuvib tozalangan qovoqchani kichik parraklarga bo‘lib, bug‘da tayyor bo‘lgunga qadar pishiriladi. Uni issiqligida elakdan o‘tkazib, maydalab to‘g‘ralgan tovuq go‘shtiga aralashtiriladi. Bir xil massa hosil bo‘lgunga qadar aralashtiramiz. Keyin ustidan qaynoq sut solinib, 2-3 daqiqa olovda ushlab turiladi. Bo‘tqaga saryog‘ solinsa, bolajonga manzur bo‘ladigan “Ajoyib uyg‘unlik” nomli taom tayyor bo‘ladi.
Gulnoza EGAMBERDIYEVA tayyorladi.