BARQAROR TIZIM

Inson umri davomida turli mikroorganizm (virus, mikoplazma, mikrob va bakteriya)larga duch keladi. Har kungi hayotda ular bilan to‘qnashib, kasalliklarga duchor bo‘lmasligimizda immun tizimining xizmati katta. Immunitet bu organizmning gomeostazini, ya’ni ichki barqarorligini saqlash xususiyatidir.

Odam tanasida kuniga ikki mingtagacha o‘sma (rak) hujayralari paydo bo‘ladi. Lekin bu hujayralar immun tizimi tomonidan bartaraf qilinadi. Immun tizimning o‘ziga xos xususiyatlaridan eng muhimi yoshga xos xususiyatlardir.

Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda immun tizim o‘z faoliyatini boshlab ulgurmagan bo‘ladi. Ular to bir yoshga to‘lguncha immun tizimi vazifasini bajaruvchi ona sutidagi antitanachalar sababli xastaliklardan himoyalanadi. Shu sababli sun’iy ozuqa bilan oziqlanuvchi bolalarda kasallikka beriluvchanlik ko‘p kuzatiladi.

Bir yoshdan so‘ng organizmda immun tizim mustaqil faoliyat yurita boshlaydi. 18-20 yoshlardan so‘ng qarilik davrigacha organizmning bakteriyalar bilan kurashishi barqaror bo‘ladi. Inson keksaya boshlagach immunitet birmuncha susayadi. Organizm reaktivligi kamayganligi sababli turli kasalliklar bilan xastalanish osonlashadi. Shu tufayli ba’zi holatlarda yoshi katta insonlar gripp yoki boshqa yuqumli kasalliklar bilan og‘rishsa xastalik belgilari sust namoyon bo‘ladi. Yohud umuman kuzatilmaydi. Isitma bu immunitetning zo‘r berib ishlayotganligi haqida xabar beruvchi muhim belgi hisoblanadi.

Yosh bolalarning organizmiga xos yana bir jihati ularning kattalarga nisbatan tez-tez kasalliklarga chalinishlari sababi kasallik qo‘zg‘atuvchilari bilan birinchi marta to‘qnash kelishidir. Bola sog‘aygandan so‘ng unda ma’lum kasallik qo‘zg‘atuvchisiga nisbatan immunitet paydo bo‘ladi.

Bilamizki, ba’zi kasalliklar bilan inson hayotda bir martagina kasallanadi. Xastalikni boshdan o‘tkazgandan so‘ng ushbu kasallik bilan og‘rigan bemorlar bilan bemalol muloqotda bo‘la oladi. Masalan, suvchechak, qizamiq, difteriya (bo‘g‘ma), qoqshol, tepki, qizilcha, gepatit kabi xastaliklarda. Gripp, gerpes (uchuq), pnevmoniya (zotiljam) kabi kasalliklar bilan esa biz qayta-qayta kasallanishimiz mumkin. Bu esa kasallik qo‘zg‘atuvchisining o‘ziga xos xususiyatlari va immunitetning bakteriya bilan kurashish usuliga bog‘liq bo‘ladi.

Immunitetning eslab qolish faoliyatini antitanacha deb ataluvchi maxsus oqsillar yoki T-”xotira” hujayralari bajaradi. Agarki, kasallikni boshdan kechirish vaqtida immunitet T-”xotira” hujayralarini paydo qilib bakteriyalarni “eslab qolmasa”, ko‘pi bilan bir oydan so‘ng shu bemor bilan qayta kasallanish ehtimoli yana paydo bo‘ladi. Lekin, aksincha T-”xotira” hujayralari paydo bo‘lsa-yu, keyingi 20-30 yillar ichida yoki bir umrga kasallik qo‘zg‘atuvchisi bilan to‘qnash kelganda bakteriya bartaraf qilinadi va organizm kasallanmaydi. Misol uchun A gepatit virusini olaylik. Bu virus keng tarqalgan bo‘lib, uni ko‘pgina sanitariya qoidalariga e’tibor berilmaydigan oshxonalarida, jamoat transportlarda uchratish mumkin. Hattoki, ko‘cha yuzida sotiladigan qurt, pista, xo‘rozqand va shu kabi oziq-ovqat mahsulotlari yuzasidan topish mumkin. Lekin gepatit bilan kasalllanadigan insonlar uncha ko‘p emas. Bunga sabab ko‘pchilik bolalik davrida gepatit bilan to‘qnash kelgan, u bilan kasallangan, kurashgan va g‘olib chiqqan! A gepatiti virusining antigeniga qarshi T-”xotira” hujayrasi organizmda mavjud. Shu orqali immunitet insonni bu kasallik bilan qayta og‘rishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Yana o‘qing:  ENTSEFALOPATIYa qanday kasallik?

T-”xotira” hujayrasi aynan qanday yordam beradi deb o‘ylashingiz mumkin. Gap shundaki, immunitet bakteriya antigeni haqida ma’lumot olguncha ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Bu vaqt ichida bakteriyalar juda tez ko‘payib, organizm to‘qimalariga zarar yetkazib ulgurishi mumkin. Agar T-”xotira” hujayrasidan foydalanilsa, shu vaqtni qisqartirish imkoni paydo bo‘ladi va kasallik qo‘zg‘atuvchisi sog‘lom organizmga tushgan dastlabki daqiqalarda bartaraf qilinadi.

Immunitetning yana juda qiziq xususiyatlari bor. Olimlarning aniqlashicha odam yig‘lagan paytda immunitet o‘zining yuqori faoliyatini ko‘rsatar ekan. Buning sababi aniqlangan emas, lekin bu haqqoniy dalil.

Yana barchamizga ma’lumki, odam past haroratda ko‘chada qolib sovuqqotsa immunitet faoliyati pasayadi. Ya’ni, uning organizmdagi nazorati susayadi. Nazorat deganda asosan ikkita jarayon nazarda tutiladi. Ma’lumki, bakteriyalar tuproq, suv va havoda doim mavjud bo‘ladi. Ular bizning organizmimizda ham ko‘p. Me’da-ichak tizimi, yuqori nafas yo‘llarida ular hamisha uchraydi. Bular ichida ham saprofit, ham shartli patogen bakteriyalar bor. Mana shu bakteriyalar doim immunitet nazoratida bo‘ladi.

Nazoratning ikkinchi tomoni bu hujayralarning bo‘linishi va eski hujayralarning yemirilishi bilan bog‘liq jarayon bo‘lib, bu orqali tanada o‘sma hujayralaring paydo bo‘lishining oldi olinadi.

Odam sovuqqotganda asosan birinchi nazorat susayadi. Shartli patogen mikroblar ko‘payib, kasallik belgilarini yuzaga chiqaradi. Nazoratni yana qaytadan o‘rnatish uchun immun tizimiga quvvat va vaqt kerak bo‘ladi. Bu vaqt oralig‘ida isitma va holsizlik kabi xastalik alomatlari kuzatiladi. Holsizlikning sababi tananing quvvati maksimal darajada immunitet hujayralari va oqsillari sintezi uchun safarbar etilganligida isitmaning sababi esa sintez jarayonlarining kuchayganligi bo‘ladi.

Immunitet mustahkam bo‘lishi uchun organizm chiniqqan va sog‘lom bo‘lishi kerak. Chiniqqan deganda albatta sport majmualarida suzish, yengil va og‘ir atletika bilan muntazam shug‘ullanuvchi sportchini tushunish kerak emas. Organizmni va ayniqsa, ko‘pgina insonlarni harakatsizlikdan asrash ham chiniqishning bir ko‘rinishidir. Buning uchun esa tez-tez jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish kifoya.

Shuningdek, bolalikdan emlatish, toza havoda piyoda sayr qilish, yugurish, tog‘ bag‘riga sayohat uyushtirish, to‘g‘ri ovqatlanish hamda organizmni yemiruvchi zararli odatlar ichish, chekish va giyohvand moddalarni iste’mol qilmaslik ham immunitetning kasalliklarga qarshi chidamliligini oshiradi.

Yana o‘qing:  KUZ VA QISH MAVSUMI: O‘TKIR RESPIRATOR INFEKSIYALAR AVJ OLMASLIGINING ChORA-TADBIRLARI

Hilola PRIMUHAMEDOVA,

Toshkent farmatsevtika instituti assistenti

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: