EL QALBIDAGI ShOIR SIYMOSI

She’riyat mulkining sultoni, buyuk alloma va mutafakkir mir Alisher Navoiyning boy merosi, o‘lmas asarlari necha yuz yildirki, insoniyatga xizmat qilib kelmoqda. Zero, shoirning ham maqsadi shu – bashariyatni chin ezgulik sari chorlash, fozil va komil ko‘rish.

Hazrat Navoiy nafaqat o‘lmas asarlari, balki bosib o‘tgan umr yo‘li orqali ham tahsinga loyiq ibratomuz meros qoldirgan. Buyuk shoir hayot bo‘lgan chog‘lardayoq uning xalq farovonligi va yurt obodonchiligi uchun qilgan ezgu amallari, aqlu zakovatda benazirligi xalq orasida ommalashib ketgan. Tildan-tilga ko‘chgan hikoyalar esa keyinchalik xalq rivoyatlariga aylangan. Ularda Navoiy siymosi buyuk shoir, adolatli davlat arbobi, vatanparvar va rahmdil alloma, dono va ziyrak inson sifatida tasvirlanadi. Donishmand xalq Navoiy qiyofasida hatto dono savdogar sifatida ham chizgilar beradi.

Rivoyat qilinishicha, Navoiy otasi vafotidan so‘ng Samarqandga tahsil olgani boradi. Ko‘p qiyinchiliklar bilan o‘qishni tamomlab, yana o‘z shahriga qaytadi. Ot-ulovsiz, piyoda yurib bir tog‘da qo‘ylarni boqib yurgan cho‘ponga duch keladi. Navoiy otasining cho‘ponini taniydi. Cho‘pon qo‘ylar Navoiyning otasidan qolgan meros ekanini aytadi va bu omonatni – ikki yuz bosh qo‘yni boqib yetti yuztagacha ko‘paytirgan holda egasiga topshiradi. Navoiy cho‘ponga ikki yuz bosh qo‘yni xizmat haqi sifatida qaytarib, qolganini bozorga haydaydi. Qo‘ylar semiz bo‘lgani uchun atrofni xaridorlar o‘rab oladi. Ular qo‘ylarni narxini so‘raganda Navoiy: “Qo‘ylarimni nasiyaga sotaman. Pulini podsho o‘lgan kunda olaman” – deydi. Ushbu voqeani ayg‘oqchilar podshoga yetkazishadi. Yurt hukmdori Husayn Boyqaro tezda Navoiyni toptirib keltiradi va yoshlikda birga o‘qigan do‘stini taniydi. Undan qilgan ishining sababini so‘raganda, shoir shunday javob beradi: “Ey do‘stim, endi qo‘yimni olib ketgan odamlar sizga uzoq umr tilashadi. Chunki, agar podshoga biron nima bo‘lsa, savdogar qarzini oladi, deb o‘ylashadi”.

Alisher Navoiyning donoligini ko‘rgan podsho uni o‘ziga vazir qilib tayinlaydi. Ko‘rinadiki, Navoiyning donoligi hammaning xursandchiligiga xizmat qiladi. Xalq rivoyatlarining aksar qismini uning adolatli vazir sifatida qilgan ezgu ishlari haqidagi hikoyatlar tashkil qiladi. Ularda Navoiy davlat ishlarini adolat bilan boshqargani, yuzaga kelgan siyosiy nizolarni esa hamisha tinch yo‘l bilan bartaraf etganligi xususida hikoya qilinadi.

Yana o‘qing:  Nega insonning barmoq izlari takrorlanmas?

Yana bir turkum rivoyatlarda hazrat Navoiyning zukkoligi va topqirligi tilga olinadi. Jumladan, quyidagi rivoyat fikrimiz isboti bo‘la oladi.

Sulton Husayn bir kuni vazirlarining donishmandligini sinab ko‘rmoqchi bo‘ladi va ularga shunday deydi: “Menga uch yomon odamni topib kelinglar”. Podsho tomonidan berilgan uch kun muhlat ichida vazirlar zir yugurib, uch yomonni topolmabdilar. Faqat Navoiy uch yomonni: jallod, qassob va sayyodni boshlab podsho huzuriga keladi. Husayn Mirzo do‘stining donoligiga tasanno aytib, uch yomonga ta’rif berishini so‘raydi. Navoiy shunday ta’rif beradi: “Jallodga farmon bo‘lsa bas, haqmi, nohaqmi – bari bir to‘g‘ri kelgan odamni qilichdan o‘tkazaveradi. Qassob hayvonlarning eng yaxshisini so‘yadi. Sayyod jonivorlarni ovlaydi, chiroyli qushlarni tutib, qafasda saqlaydi. Ularni hayot go‘zalliklaridan mahrum qiladi.

Zamondoshlarining xotirlashicha, Navoiy chindan ham buyuk sifatlar, go‘zal fazilatlar sohibi bo‘lgan. Uning topqirligi, zukkoligi, ziyrakligi tahsinlarga loyiq topilgan. Rivoyatlarda shoirning yuksak insoniy xislatlari – beg‘uborligi, samimiyligi, rahmdilligi xalq tiliga ko‘chgan. Ma’lumki, Navoiy saltanatda vazir, muhrdor kabi yuqori lavozimlarda xizmat qilgan. O‘z-o‘zidan ayonki, u safarlarda podshoga ko‘pincha hamroh bo‘lgan. Bir rivoyatda Husayn Boyqaro Marv shahrida qishlaganida Navoiy ham shoh bilan birga bo‘lgani hikoya qilinadi. O‘shanda shoirning chodirida bir qush in qurib, tuxum qo‘yadi. Havo isiy boshlagandan keyin podsho lashkarlari bilan yana Hirotga qaytmoqchi bo‘ladi. Navoiy hazratlarining chodirida in qurgan qush esa hali tuxum ochmagan edi. Shuning uchun shoir chodirni buzdirmay, u yerga bir kishini nazorat uchun qoldiradi. Qachonki qush polaponlarini uchirma qilganidan so‘ng chodirni yig‘ib borishi kerakligini, shungacha muhofaza qilishini tayinlaydi.

Darhaqiqat, Navoiy bobomiz nihoyatda rahm-shafqatli kishi bo‘lgan. Nainki insonlarga, balki jonivorlarga, tabiatga nisbatan ham rahmdil, saxovatli bo‘lgan. U bebaho asarlari, ibratomuz hayot yo‘llari orqali ezgulik urug‘ini sochib, jamiki insonlarni bir-biriga nisbatan faqat yaxshilik, hurmat va ehtirom ko‘rsatishga chaqirgan, da’vat qilgan. Shuning uchun ham mana necha asrlarki, Navoiy bobomizning siymosi kishilar qalbida yashab kelmoqda.

Munis JO‘RAYEVA,

O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti, Folklor bo‘limi kichik ilmiy xodimi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: