ORZULAR USHALGAN KUN

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek qadim-qadimdan xalqimiz sog‘lom avlod tarbiyasiga alohida e’tibor bergan. Xalq dostonlari, ertaklari, afsonayu qo‘shiqlari va allomalarning asarlarida go‘zal siymoli xushsuvrat yigit-qizlar mehr-muhabbat bilan ta’rifu tavsiflanishi ham buni tasdiqlaydi. Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi Farhodning jasoratini, Vatan ishiga kamarbasta matonatini yoki Shirin va uning o‘n nafar kanizagining ta’rifu tavsifini bir eslang.

Diloromu Diloro-yu Diloso

Gulandomu Sumanbo‘yu Sumanso

Parichehru, Parizodu Parivash

Paripaykar zihi o‘n ismi dilkash

Alisher Navoiy o‘n kanizagining har biri bir sohaning yetuk mutaxassisi ekanini, har birida orzu-havas qilgudek fazilatlar borligini va ularning bari Farhodu Shirinda mujassamlashganini faxr bilan kuylaydi. Hazrat Alisher Navoiy nazdidagi bo‘lajak onalar shu qizlar timsolida mujassamlashgan. Sog‘lom fikrlovchi ham jismonan ham ma’nan go‘zal farzandlar ana shunday yetuk ilmli, komil insonlardan bino bo‘lishini alloma shoirimiz orzu qilgan bo‘lsa ajab emas. Zero, sog‘lom onadan sog‘lom farzandlar dunyoga keladi. Lekin bu orzuni umummilliy vazifaga aylantirish, uni to‘la ruyobga chiqarish imkoniyati faqat O‘zbekiston istiqlolga erishgandan keyin vujudga keldi. Xalqimizning asriy orzulari ushaldi.

Iste’dodli qizlarga Zulfiya nomidagi davlat mukofoti, ilmu fan bilan shug‘ullanayotgan salohiyatli yoshlarga Prezident stipendiyasi, izlanuvchan yosh san’atkorlar uchun “Nihol” mukofotlari ta’sisi etilgani, yosh oilalarga uy-joy sotib olish va qurish maqsadida ipoteka kreditlari, uzoq muddat foydalanishga mo‘ljallangan mahsulotlar xarid qilish uchun iste’mol kreditlari berilayotgani komil insonni tarbiyalash yo‘lidagi qadamlardir. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, “Sen yetim emassan” bolalar jamoatchilik fondi, “SOS – bolalar mahallasi” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ham istiqlolimiz sharofatidir.

Hazrat Navoiy “Majolis-ul-nafois” va “Nasoim-ul-muhabbat” asarlarida 500 dan ortiq shoiru fuzaloni e’tirof etgan. Ular orasida o‘z davrining yetuk hunarmandlari ham qalamga olingan. Bugungi kunda mamlakatimizda tez-tez tashkil etiladigan hunarmandlarning tanlovlarini, ko‘rgazmalarini kuzatganimda Navoiy e’tirofi xayolimga kelaveradi. Yurt istiqboliga munosib hissa qo‘shayotgan hunarmandlar bugungi kunda ham ulug‘lanyapti.

Mustaqillik epkinlari esa boshlagan qariyb yigirma besh yillik davr mobaynida mamlakatimizda olib borilgan bunyodkorlik ishlari ajdodlarimizning qadriyatlarini, go‘zal an’analarini bugun bilan bog‘layotgan ramzlardek tuyuladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ularni nafaqat yo‘llarni-yo‘llarga, yillarni-yillarga, dillarni-dillarga, asrlarni-asrlarga, pirovardida, avlodlarni-avlodlarga bog‘lovchi ulkan ko‘priklar, ulug‘vor me’morchilik inshootlari, desak arziydi. Yoxud, hazrat Navoiy Farhod, Iskandar obrazlari orqali qisqa davrda ulug‘vor qurilishlar bunyod etilganini ta’kidlaydi. Bugungi bunyodkorlik ishlarini, tez yurar poyezd yo‘llarini, ko‘priklarni, namunali uylarni kuzatib Navoiyning orzusi ushaldi, degimiz keladi.

Yana o‘qing:  BARHAYOT ILMIY MEROS

Odami ersang demagil odami

Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.

Shuni ta’kidlash joizki, Navoiy Nizomiy panjasiga panja urmoq oson emas deb, turkiy tilda go‘zal”Xamsa”ni yaratib ona tilini ulug‘ladi. O‘ziga purma’no asarlari bilan haykal qo‘ydi. Mustaqil O‘zbekiston ham o‘z Konstitutsiyasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berib uni ko‘klarga ko‘tardi.

Yildan yilga bosh maqsad har bir inson, ayniqsa, yoshlarimiz Vatanga kamarbasta bo‘lishi uchun ularning salohiyatini oshirishga imkoniyatlar yaratilyapti. Unga javoban, farzandlarimiz ham o‘ziga e’tiborni kuchaytirib, ma’naviy kamolga yetishish uchun intilishi kerak. Zero, alloma Alisher Navoiy orzu qilganidek, komil inson atrofidagi kishilarga, jamiyatga mehribon bo‘ladi, nafsini tiya oladi. Go‘zallikka intiladi. Komil inson yashaydigan oilalarda obodlik, qut-baraka bo‘ladi.

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: