TOMORQADAGI “DORIXONA”
Tabiatdagi har bir noz-ne’matning insonning sog‘lom, baquvvat bo‘lishida o‘z o‘rni mavjud. Ularni bilib va o‘z vaqtida is’temol qilish katta ahamiyatga ega.
Masalan, bolaning organizmida kalsiy yetishmasa suyaklarining rivojlanishiga salbiy tasir qiladi.
D vitamini baliq yog‘i, jigar, tuxum sarig‘ida mo‘l bo‘lgani uchun yosh bolalarga ularni tanovul qilib turish tavsiya qilinadi. Odamning yoshi o‘tgan sari uning organizmida kalsiy kamayib boradi. Ayniqsa, qirq yoshdan oshgandan so‘ng qon tomir devorlarida va tog‘aylarda tuz to‘planishi kuchayadi. Unday holatda tog‘aylar o‘z egiluvchanligini yo‘qotadi. Odam bo‘g‘imlarda og‘riqlarni his qiladi. Tananing boshqa muhim a’zolarida ham tuz to‘planishi mumkin. Bunday paytda go‘shtni kam, sut, tuxum, turli donli yormalarni, ayniqsa S vitaminiga boy ne’matlarni ko‘proq iste’mol qilish kerak. S vitamini arteriya devorlarini yumshatadi. U ayniqsa, karam, kartoshka, piyoz, pomidor, qizil qalampir, qora smorodina (qorag‘at), qulupnay, shovul, apelsin, limonda ko‘p.
Xom kartoshka sharbatini ichish skeleroz kasalining oldini oladi. Shuningdek, ko‘proq karam va tarkibida yod va V vitaminiga boy bo‘lgan noz-ne’matlarni tanovul qilish foydali. U no‘xat, g‘alla mahsulotlari, dukkakli o‘simliklar donida va hayvon mahsulotlari – jigar, buyrak, yurakda mo‘l bo‘ladi.
Shifokor tavsiyasiga ko‘ra muntazam 0, 2 foizli kalsiyning suvdagi eritmasidan ichib turish kerak. Kalsiy yurak, buyrak ishini yaxshilash bilan birga qon, to‘qimalar, hujayralar hamda o‘zidan gormonlarni ajratuvchi endokrin bezlari uchun ham juda zarurdir. Agar kalsiy yetishmasa, ichki sekretsiya bezlari faoliyati buziladi. Natijada barvaqt qarish boshlanadi. Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, bemorlik paytida odamda kalsiy juda ko‘p sarf bo‘ladi. Yo‘qotilgan kalsiyning o‘rnini doimiy ravishda to‘ldirish kerak. Kalsiy moddasi shuningdek, sut, tuxum, sholg‘om, rangli karam, bodom, xom sabzavot va mevalarda, shuningdek, zaytunda ko‘p uchraydi.
Fazilat SA’DULLAYEVA,
1-Respublika tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi