KITOB – OFTOB, SO‘Z – ZIYo
Odamzot yaratilibdiki, doimo komillikka intilib yashaydi. Bolalikdan o‘z dunyoqarashini boyitib boradi. Har bir inson dastlabki tarbiyani, ya’ni ma’naviy ozuqani oilada ota-onadan oladi. Keyin esa maktabga boradi. Jamoada o‘zini qanday tutishni o‘rganadi. Ma’naviy ozuqa olishning, chin inson bo‘lib yetishishning birdan bir yo‘li bu kitob mutolaasi bo‘lib, ushbu qoralamalarimiz kitobga munosabat haqidadir.
Bu haqda mulohaza yuritishdan oldin o‘zim guvohi bo‘lgan holat haqida sizga so‘zlab bermoqchiman.
Bir yilcha oldin uzoq safarga otlanib, avtobusga chiqdim. Biroz yurgach avtobusning orqa eshigidan o‘rta yoshlardagi bir kishi ikkita katta sumkani bazo‘r ko‘targanicha chiqib keldi. O‘rtahol kiyingan. U kishi salonga chiqib, yonimdagi o‘rindiqqa kelib o‘tirdi.
– Uf, zo‘rg‘a ulgurdim-e, – boshidagi qalpog‘ini yechib yelpina boshladi.
Oldimda bo‘lgani uchun uning sumkalariga bir qur nazar tashladim. Buni qarangki, ularning ikkisi ham kitob bilan to‘la edi. Yaxshi muqovalangan, yangi bo‘lmasa-da, yaxshi saqlangan: ruscha, o‘zbekcha aralash kitoblar. U kishi mening kitoblarga qarayotganimni ko‘rib, maqtanishga tushib ketdi.
– Bozordan arzongina oldim. Bittasi ikki yuz so‘mdan.
U bu gaplarni men inkor qiladigandek, darrov sumkasidan bitta qalinroq kitobni olib, varaqlab ko‘rsata boshladi.
– Varaqlari ham hali oppoq, deyarli varaqlanmagan ham.
U kishiga havas qildim. Ko‘p hollarda odmi kiyingan, oddiy kishilarni bunday holatda ko‘rish kishini shoshirib qo‘yadi. Omi odam deb o‘ylaganingiz ziyoli kishi bo‘lib chiqadi.
Xayolimdan shu o‘ylar kechardi. Rosti, u kishi menda yaxshi taassurot qoldirayotgandi.
– Endi bu kitoblarni mazza qilib o‘qir ekansiz-da? – deb so‘radim.
– He, qayoqda. Bularni kim ham o‘qirdi?
– Unda nega olib ketyapsiz?
– Hali oppoqqina ekan. Ularga meva o‘rab, bozorga olib chiqaman.
Men shaxmat o‘yinida dabdurustdan mot bo‘lganday hayrat barmog‘ini tishlab qoldim. Bunday javob bo‘lishini umuman kutmagandim. Hozirgina havasimni keltirayotgan kishi endi ko‘zimga juda xunuk ko‘rina boshladi. Iloji boricha unga qaramaslikka, gaplarini eshitmaslikka harakat qila boshladim. U allambalolar dedi. Lekin bironta ham gapi qulog‘imga kirmasdi. Xayriyatki, yo‘lda tushib qoldi. O‘sha voqeani hali-hanuz unuta olmayman. Nahotki, kitobni shunchalik xo‘rlashga botina olishsa? Nahotki, u va unga o‘xshaganlar kitobning uvoli urishini bilishmasa! Axir ajdodlarimiz oqlikka xiyonat qilmanglar, xor qilmanglar deb kelishadi-ku. o‘ylab-o‘ylab o‘sha “kitobkush”ning umuman ma’naviy boyligi yo‘qligiga, shu paytgacha bironta kitobni ko‘ngil berib o‘qimaganiga amin bo‘ldim.
Kitob – bilim bulog‘i, deyishadi. Undan qancha ichsang-da, hech qachon qonmaysan. Yana va yana ichging kelaveradi. Hayotimda bo‘lgan bir voqea esa bu buloqqa intiqlikni yana bir karra oshirdi.
O‘shanda to‘rtinchi yo beshinchi sinfda o‘qir edim. Uyimizda kichik bir marosim bo‘layotgan edi. Xonadonimiz mehmonlar bilan gavjum, biz yoshlar esa ularning osh-ovqatlaridan xabar olib xizmatda turardik.
Bir mahal marosim oxirlab qolayozgan payt dadam va u kishi bilan tengqur bir necha kishi hovliga chiqishdi. Ular nimanidir tortishishardi. Shu holat biroz davom etgach, ulardan biri xuddi to‘dani yorib chiqqan otdek qo‘ynida bir narsani tutgancha bedapoya tarafga qochdi. Qolgan ikkisi ham xuddi yosh bolalardek orqasidan quvib ketishdi. Biz bolalar bu holga tushunolmay lol bo‘lib qolgandik. Shu payt tashqaridagi shovqinni eshitgan bir-ikki nuroniylar uydan chiqib, tomoshabinlarga ularni ajratib qo‘yishni buyurdi. Aftidan qariyalar bedapoyadagilarni biron narsada kelisholmay urishib qolgan deb o‘ylashgandi. Lekin ularning holatidan janjal alomati sezilmasdi. Dadam ham, u kishining o‘rtoqlari ham hazil-mutoyiba bilan birining ustidan boshqasi o‘mbaloq oshib, yashirilgan “uloq”ni olishga intilardi. Birozdan keyin “uloq” dadamga nasib qildi. U kishi ikki o‘rtog‘ini bedapoyada qoldirib, biz turgan joyga hansirab keldi.
Katta enam o‘pkalangan bo‘ldi:
– Ha, omon bo‘lgurlar-a! Shuni deb bir-birovingni quvib yuribsanmi?
Dadamning qo‘lidagi narsani ko‘rgandan keyingina gap nima haqda ketayotganini anglab yetdik. Bu kitob edi.
Hozir ko‘pchilik odamlarning kitob o‘qimay qo‘yganligi, badiiy kitoblarga e’tibor susayganligidan nolishadi. Aslida ham shundaymi?
Bu kitobga munosabat, kitob mutolaasi haqidagi ayrim fikrlarimiz edi xolos. Balki siz boshqacha fikrdadirsiz. Bitta xulosada hammamiz yakdilmiz: kitob – oftob, bashariyat hamisha oftob taratayotgan ziyoga ehtiyoj sezib yashaydi.
Fozil MAMASHARIPOV