PARVOZ ZAVQI VA MASHAQQATLARI

Jajji bolajon uchun eng sirli va qiziq hodisa nima?! Shubhasiz, bu moviy osmon uzra parvoz qilayotgan samolyot bo‘lsa kerak. Samoni larzaga keltirib uchib o‘tayotgan “po‘lat qush” boshqa bolalar kabi jaji Ulug‘bekning murg‘ak ko‘ngliga ajib hislarni solardi. Samoning olis-olislaridan haybatli ovozni eshitgan zamon ko‘kka qarab uni izlay boshlardi. Boshi uzra uchib o‘tgan mahal do‘stlari bilan jo‘rlikda bolalik dunyosining tanish so‘zini go‘yo havo kemasidagilar eshitib qoladigandek bor ovozi bilan xirgoyi etardi. “Samolyot Bizni ham o‘zing bilan olib ket…”

Qo‘llarini asta silkitib samolyot to ufqqa singib ketmagunga qadar qiziqsinib ortidan chopib qolardi. Yolg‘iz o‘g‘lidagi qiziqish va hayratni ko‘rgan Tojiboy aka uni ulkan samolyotlar qo‘nim topgan qarorgohga olib keldi. Bolakayning qarshisida endi o‘yinchoq emas, balki ulkan qanotli, parraklari ham kishi qulochiga sig‘maydigan bahaybat po‘lat samo qushlari saf tortib turar, eng qizig‘i bu yerda ishlaydigan kishilar ham xuddi dadasining ish kiyimidek libos kiyib yurishar, bosh kiyimlari ham unikiga o‘xshash edi… Yosh Ulug‘bekning ko‘nglida ko‘rkam libosga havas tug‘ildi. U ham otasi kabi uchuvchi bo‘lishni orzu qila boshladi.

O‘tgan yillar Ulug‘bekning istaklariga esh bo‘ldi. Uning bolalikdagi orzulari shunchaki qiziqish bo‘lib qolib ketmadi. Bola ko‘ksida yongan havas bora-bora alanga olib qat’iyatga aylandi. Uchuvchilik kasbini egallash ishtiyoqi unga shu qadar kuch va ilhom bag‘ishladiki, bu yo‘lda ko‘p izlandi, o‘qidi, o‘rgandi, tajriba to‘pladi. Hech bir jarayon unga oson kechgani yo‘q. Ammo u tanlagan yo‘lidan bir zum ham og‘ishmadi. Ulug‘bek endilikda samoga boqib samolyotlar parvozini nafaqat kuzatadi, balki bevosita uni boshqaradigan “Aerobus 320” havo kemasining kapitaniga aylandi. Dadasi Tojiboy aka Ishmahamedov kabi mohir uchuvchi bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda ota kasbining davomchisiga aylandi.

2002 yilda Rossiya Federatsiyasi Ulyanovsk shahridagi Fuqarolik Oliy aviatsiya bilim yurtini muvaffaqiyatli tamomlab kelgan Ulug‘bek Ishmahamedov uchuvchi sifatida ish boshlagan kezlarida Tojiboy akaning ham ota, ham tajribali uchuvchi sifatida bergan o‘gitlari unga dasturilamal bo‘ldi. Dastlab “Yak 40” samolyotida ikkinchi uchuvchi sifatida mahalliy reyslarni amalga oshira boshladi. O‘sha kezlarda o‘g‘lining hayajonli qiyofasini ko‘rgan ota unga dalda berdi. O‘z ishiga yanada mas’uliyatli bo‘lishga undadi. Rashid Shayxuddinov, Amrillo Nutfullayev, German Maligen, 320-otryad sardori Vladislav Argov kabi tajribali ustozlarning ko‘magi va yo‘l-yo‘riqlari bilan Ulug‘bek Ishmahamedov bort komandiri sifatida ish boshladi.

Yana o‘qing:  YOSH OILALARGA “KAMOLOT” UYLARI

Havo kemasi kapitani sifatida parvozga tayyorlanayotgan chog‘larida Ulug‘bek Ishmahamedov ko‘ngilga ko‘chgan hayajonni tajriba va mahorat bilan bosishga urinadi. Parvozdan oldin bort a’zolari parvozga tayyorgarlik ko‘riladigan xonada jam bo‘lishadi. Ulug‘bek aka bugungi parvozga mas’ul xodimlarning ro‘yxati bilan yaqindan tanishib chiqqach, jamoa bilan birgalikda parvoz topshirig‘ini qabul qilib olishadi. Bu jarayonda kema sardori, komandiri, bort kuzatuvchilari, bort injener va texnik xodimlari ham ishtirok etib har kimga o‘ziga yarasha vazifa yuklatiladi. Barchaning zimmasidagi mas’uliyati jiddiy. Yig‘ilishda belgilangan yo‘nalish hisob-kitobi, yoqilg‘i sarf bo‘lish hajmi, vaqt hisobi, masofa o‘lchovi – barcha-barchasi hisob-kitob qilinadi. Yo‘nalish davomida uchib o‘tiladigan aeroportlar, favqulodda holatlarda qo‘nish mumkin bo‘lgan zaxiradagi aerodromlar haqida ma’lumot taqdim etiladi. Ulug‘bek aka bort a’zolari bilan birgalikda parvozga chiqishdan avval hech bir jihatni nazardan chetda qoldirmaydi. Parvoz davomida kuzatilishi kutilayotgan ob-havo, shamol yo‘nalishining hammasi e’tiborga olingan. Uchishga chamasi bir soat qoldi. Bort a’zolari asta samo kemasiga ko‘tarilishadi. Navbat havo kemasini parvozga shaylashga keldi. Zamonaviy rusumdagi samolyot tizimi kompyuterlashgan. Kema komandiri Ulug‘bek aka unga yo‘nalish ma’lumotini kiritadi. Safar ma’lumotlari avtomatik tarzda ko‘rsatiladi: shamol yo‘nalishi, uchishdagi tezlik yo‘nalishi, yo‘lovchilarning soni, og‘irlik massasi ham kompyuterda ko‘rsatadi. Kompyuter esa bularning barchasini hisob-kitob qilib tezlik olish, yerdan uzilish vaqti, parvoz millarini va tezligi borasidagi ma’lumotni kema komandiriga taqdim etadi.

Ovoz uzatgichdan yerdagi aloqa xodimlari – dispetcherning “parvozga tayyormisiz” degan murojaatini komandir tasdiqlaydi. Ulug‘bek Ishmahamedovning Nigohlarida vazminlik va ziyraklik ko‘zga tashlanadi. Zero, samolyotni parvozga ko‘tarib olish murakkab jarayon sanaladi. Dvigatel yoqiladi. Yo‘nalish chizig‘idan yurib borgan havo kemasi tezlik oladi. Tezlik soatiga 200-250 km. ni tashkil etadi. Uchish chizig‘iga yetganda samolyot asta ko‘tariladi. Havo kemasi parvozga ko‘tarilish jarayonini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

Ulug‘bek aka havo kemasini ko‘kka olib chiqar ekan jonajon Toshkent tobora olislab boradi. Samolyot poytaxtdan uzoqlashib borsada, Ulug‘bek Ishmahamedovning qalbi ona zamindan bir zum bo‘lsada olis ketmaydi. Ko‘ngli hamisha shu ona Vatan bilan. Safar yuzasidan qay yurtga bormasin, azim Toshkentni tezda sog‘inadi. Beixtiyor Ulug‘bek akaning bolalik onlari – samolyotning ortidan qo‘lini siltab chopishlari, unga atab qo‘shiq xirgoyi qilishi yodiga tushdi. Ehtimol, hozir ham u boshqarib ketayotgan havo kemasiga qanchadan qancha bolalar qo‘l siltab chopishayotgandir, ehtimol u aytgan bolalikdagi qo‘shig‘i hali ham aytilayotgandir. “Samolyot, samolyot…” Qaysidir bola samolyotni ko‘rib kelajakda albatta uchuvchi bo‘laman degan istak ko‘ksida yongandir. Ehtimol, shu bolalar orasida farzandlari Umarbek, Abdulaziz, Ominaxonlar ham bordir. Ular “Shu havo kemasini meni dadam boshqarib ketayapti”, deya faxrlanishayotgandir.

Yana o‘qing:  Yangi yilni O‘zbekistonda kutib olayotganimdan xursandman

Ulug‘bek Ishmahamedov ham kasbi ortidan baxt topgan insonlardan biri. Uning kasbiga fidoyiligi tufayli 2015 yilda Prezidentimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Uchuvchilar oilasi: “Shuhrat” medali sohibi Ulug‘bek Ishmahamedov otasi faxriy uchuvchi Teshaboy Ishmahamedov bilan ish ustida suhbat qilmoqda.

 

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: